Turkmaniston rahbari Qurbonguli Berdimuhammedov 7-8-oktabr kunlari Toshkentda bo'ldi. Muzokaralarda asosan Afg'onistondagi vaziyat va mintaqa xavfsizligi muhokama qilingan. Afg'oniston shimolidagi holat O'zbekiston va Turkmanistonni ittifoqchilikka undayotgan asosiy omil.
Tashrif haqidagi rasmiy ma'lumotga ko'ra, oliy darajali uchrashuvda O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, savdo va madaniy aloqalarning bugungi holati va istiqboli muhokama qilingan, xalqaro vaziyat bo'yicha fikr almashilgan.
Islom Karimov va Qurbonguli Berdimuhammedov Afg'onistondagi so'nggi vaziyat, chegara xavfsizligini ta'minlash bo'yicha hamkorlikni ham muhokama etishi aytilgan edi.
Qunduz toliblar tomonidan ishg'ol qilinishi Markaziy Osiyoda ham xavotirlarni kuchaytirgan. Tojikiston, Turkmaniston zudlik bilan chegarada mudofaani kuchaytira boshladi.
Tojikiston, xususan, Rossiya harbiylarini mudofaaga jalb etish umidida. 6-oktabr kuni Rossiyaga safar qilgan Prezident Emomali Rahmon Vladimir Putin bilan shu masalani gaplashgan.
Afg'onistonning Faryob viloyati bilan chegaradosh Turkmaniston mudofaada o'z kuchiga yoki Toshkent ko'magiga tayanishga majbur.
Prezidentlarning Toshkentdagi uchrashuvi Rossiya yetakchiligidagi harbiy, siyosiy ittifoqlardan chetda turgan, o'z betarafligini ta'kidlab kelayotgan O'zbekiston va Turkmaniston Afg'onistondagi tahdidga qarshi ittifoqchiga aylanishi mumkin.
Shevtsiyadagi siyosiy muhojir, turkman yozuvchisi Ak Velsapar Berdimuhammedovning tashrifini Qunduzdagi janglardan so'ng yuzaga kelgan xavotir bilan bog'laydi.
“Turkmaniston va O'zbekiston munosabatlari bir maromda ketmoqda. Bu aloqalarni oliy tashrif doirasida muhokama qilishga ehtiyoj yo'q. Tashrif faqat Afg'onistonda vaziyat chigallashgani bilan bog'liq. Qunduzni toliblar ishg'ol qilishi mintaqa rahbarlarini sergak torttirdi. Turkmaniston, umuman, mintaqaning Afg'oniston bilan chegarasida vaziyat kutilmaganda portlashi mumkin. Qunduz voqeasi Afg'oniston hukumati vaziyatni nazorat qilayapti degan umidlarni puchga chiqardi. Turkmaniston, O'zbekiston rahbarlari ham bu tahdidga qarshi endi o'z choralarini topishi kerak. Hamkorlik qilishsin, birlashishsa har qanday kuchga qarshi turishlari mumkin. Bunga tarixdan yetarli misollar bor”, - deydi Velsapar.
Mintaqa davlatlari turli siyosiy, harbiy ittifoqlarga tortilgan. Tojikiston, Qozog'iston, Qirg'iziston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi tashkiloti a'zosi, Rossiya harbiy ko'magiga umid qiladi.
Turkmaniston rasman neytral, Rossiya yetakchiligidagi tashkilotlardan chiqqan O'zbekiston ham harbiy bloklarga qo'shilmaslik, betaraflik tarafdori. Turli geosiyosiy qutblarga suyangan bu davlatlarda tashqi tahdidga qarshi aniq hamkorlik mexanizmi yo'q.
O'zbekistonlik siyosatshunos Anvar Nazir deydiki, region o'lkalari Afg'oniston shimolida xavfsizlik kamarini yaratish uchun birgalikda harakat qilishi, shimolni toliblardan tozalashda o'zbek generali Abdulrashid Do'stimni oshkora qo'llab-quvvatlashlari kerak.
“Qunduz, bu Afg'onistonning ichki mojarosi. Buning orqasidagilar asosan Tolibon. Albatta, bu Markaziy Osiyo uchun baribir degani emas. Markaziy Osiyo, O'zbekiston rahbariyati o'z vaqtida juda katta xato qilishdi generel Do'stumni qo'llamasdan. Shimolda xavfsizlik hududi yaratish mumkin edi, ammo mintaqa aniq, faol bir siyosat olib bormadi. Hozir ham region uchun eng asosiy maqsad shimolda tinchlik o'rnatilishi bo'lib qolmoqda. U yerdagi xavfsizlik muvozanatini buzmaslik. Qunduz kabi voqealar takrorlanmasligi uchun Markaziy Osiyo rahbariyati Afg'oniston hukumati, AQSh, NATO bilan yaqin hamkorlikda ishlashi kerak”, - deydi Anvar Nazir.
Vitse-prezident, general Do'stum Qunduz zabt etilishidan avvalroq Faryob viloyatida toliblarga qarshi amaliyot o'tkazgan, yuzlab qishloqlar toliblar nazoratidan ozod qilingani haqida bayonot bergan edi.
Yaqinda Chechenistonga safar qilgan general rus nashrlariga Rossiya harbiy yordamiga umid qilayotgani haqida gapirgan. U avvalroq Turkmaniston hukumatini ham Afg'oniston bo'yicha hamkorlikda faolroq bo'lishga chaqirgan edi.
O'zbekiston armiyasi mintaqada eng yirigi. Xafsizlik idoralari armiya har qanday tahdidlarga tayyorligini aytgan. Mulohazalarga ko'ra, Toshkent xavfsizlik borasida Turkmanistonga yordam taklif qilishi mumkin.
O'zbekiston harbiylari turkman-afg'on chegarasi mudofaasiga jalb etilgani haqidagi xabarlar avvalroq turkman muxolifati nashrlarida ham paydo bo'lgan edi.