Afg'oniston Tolibonining yangi rahbariyati AQSh va NATO bilan tuzilgan xavfsizlik bitimlari bekor qilinib, barcha xalqaro kuchlar mamlakatdan chiqarilmaguncha Kobul bilan tinchlik muloqotiga kirishmasligini ma'lum qildi.
Mulla Axtar Mansur bayonoti hayit bayrami arafasida e'lon qilindi.
"Agar Kobul ma'muriyati urushni to'xtatib, mamlakatda tinchlik o'rnatishni istasa, bosqinchilar bilan barcha xavfsizlik va harbiy bitimlarni bekor qilish va bosqinga yakun yasash orqali bunga erishish mumkin", - dedi Tolibonning yangi rahbari.
Shu yilning iyul oyida Tolibon va Afg'oniston hukumati so'nggi 14 yilda ilk bor yuzma-yuz muloqot o'tkazgan edi. Oradan ko'p o'tmay Tolibon yetakchisi Mulla Umar bundan ikki yil oldin o'lgani haqida xabar chiqdi va tinchlik muloqoti to'xtab qoldi.