Breaking News

Tolibon harakat ichidagi nizoga chek qo'yilganini bildirmoqda


Tolibon harakatining yetakchi a'zolari yangi rahbar nomzodi yuzasidan vujudga kelgan nizoga barham berilgani haqida ma'lum qildi. Tolibon so'zlovchisi Zabihulla Mujohidning aytishicha, harakat yetakchilari Mulla Axtar Mansurni yangi rahbar sifatida tan olishga rozi bo'ldi.

Bungacha Mansurning tayinlanishiga qarshilik bildirgan Tolibonning marhum rahbari Mulla Umarning to'ng'ich o'g'li Muhammad Yoqub va ukasi Mulla Abdul Mannon ham Mansurni qo'llab-quvvatlashini bildirdi, deydi Mujohid.

AQSh hukumati kelishuvni olqishlab, Tolibon endi Afg'oniston hukumati bilan tinchlik muzokaralarini davom ettira olishiga umid bildirdi.

Mulla Umarning yaqinlari o'z tarafdorlarini Mulla Mansur atrofida jipslashishga da'vat etgan, deyiladi Tolibon bayonotida.

Kecha Tolibon yetakchilari va ulamosi majlis qilib, nizoni bartaraf etishga muvaffaq bo'lgan.

Iyul oyida Mulla Umarning o'limi haqida xabarlar tarqalgach, Pokistonda boshlangan tinchlik muzokaralari to'xtab qoldi, harakat ichida amal uchun talash boshlandi.

AQShning Afg'oniston va Pokiston bo'yicha maxsus vakili Jarett Blank Pokistonda hukumat va armiya rahbarlari bilan uchrashib, afg'on hukumati bilan muzokaralarni jonlantirishga chaqirdi. Kobul muloqotga tayyor ekanini aytgan. Blank Afg'onistonda ham bo'lib, hukumatni qo'shni Pokiston bilan aloqalarni yaxshilashga da'vat etdi.

Kelasi oy Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif Oq uyda Prezident Barak Obama mehmoni bo'ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG