Har kuni qariyb 7000 afg’onistonlik pasport olish uchun ariza topshiradi.
Pasport xorijga chiqish uchun kerak. Demak, har oy 200 mingdan ziyod odam Afg’onistonni tark etishni rejalaydi.
Pasport markazi boshlig’i general Sayid Umar Saburiyning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, markaziy idora va viloyatlardagi shoxobchalar kuniga 2500 ta pasport bera oladi.
“Tizim yo’lga qo’yilganida kuniga 1000 ta pasport beriladi, deya rejalangan edi. Ammo so’nggi oylarda talab oshgani sababli xodimlarimiz ikki smena ishlayapti. Minglab ariza topshirganlar ertadan kechgacha kutadi, talabni qondirishga harakat qilyapmiz”, - deydi general Saburiy.
Yevropaga xatarli safar
Bugunda Yevropaga ketish ilinjida bo’lganlar orasida afg’onlar suriyaliklardan so’ng ikkinchi o’rinda turadi.
Yevropa mamlakatlariga yetish uchun ko’plar xavf-xatarga to’la safarga otlanadi.
BMTning Vengriyadagi Qochqinlar idorasi xodimi Babar Baluchning aytishicha, shu yilning o’zida 140 ming odam Vengriyada siyosiy boshpana so’ragan, shulardan 40 mingi afg’onlar.
“Ular kichik qayiqlarda yo’lga chiqadi, qayiq ag’darilishi hollari ko’p uchraydi. Okeanda qanchadan qancha odam cho’kib ketdi”, - deydi Baluch.
Parvan viloyatidan Zalmay Rasuliy o’zi shunday safarni boshdan kechirgan.
“Bundan ikki yil oldin Yevropaga otlandim. Avval Eron va Turkiya, bir necha oydan keyin, ancha mashaqqatlardan o’tgach Gretsiyaga yetdim. Gretsiya chegarasida qo’lga tushdim va Afg’onistonga deportatsiya qilindim”, - deydi u.
Rasuliy ko’z oldida 40 kishilik qayiq ag’darilgani va hammasi nobud bo’lganini eslaydi. Shunga qaramay u yaqinda mamlakatdan chiqib, yana Yevropaga yetishga harakat qilmoqchi. "Meni hech narsa to’xtatolmaydi", deydi u.
Umidlari puchga chiqqan yoshlar
Yaqinda minglab afg’onlar Kobul ko’chalariga chiqib, ishsizlikdan norozilik bildirdi. Hukumat chora ko’rmasa, mamlakatdan ommaviy ravishda chiqib ketamiz, dedi.
“Agar ishsizlik masalasi hal qilinmasa, Kobul bo’shab qoladi”, - deydi Sharif ismli namoyishchi.
Mamlakat aholisining 60 foizi - 18 dan 25 yoshgacha bo’lgan yigit va qizlar.
Hukumat ishsizlik muammosi jiddiyligini e’tirof etadi. Mehnat va ijtimoiy masalalar vazirligi so’zlovchisi Ali Iftixoriy ish joylarini ko’paytirishga qaratilgan qator choralar ko’zda tutilgan, deydi.
“Mamlakatda infratuzilma barpo etish orqali biz yoshlarga ish beramiz. Yaqin kelajakni oladigan bo’lsak, ish kuchiga muhtoj qator arab davlatlari bilan muzokara olib boryapmiz”, - deydi rasmiy.
O’qimishlilar uchun imkoniyatlar
Hanif Sufizoda AQShning Kornell universitetini bitirgan. Afg’oniston kelajagiga ishonadi.
“Kornell universitetini bitirib, men vatanga qaytdim va endi tuzilayotgan birdamlik hukumatiga ishga kirdim, chunki menga o'xshagan professionallar uchun bu sohada ish ko’p”, - deydi u.
Sufizoda AQShga Fulbrayt dasturi bo’yicha o’qishga kelgan 450 odamdan biri. Ayrimlari mamlakatiga qaytishni istamadi. Boshqalari turli davlat idoralarida ter to’kmoqda.
Afg’on yoshlarining ahvoliga qaramay, minglab odamlar hukumat hamda xalqaro tashkilotlarda ish topgan.
So’nggi 14 yil ichida o’n minglab afg’onlar ta’lim olish uchun xorijiy mamlakatlarga ketdi. Minglab boshqa yigit-qizlar mahalliy universitetlarni bitirdi. Imkoniyat bo’lsa ular mamlakat farovonligiga hissa qo’shishga qodir.
O’qimishli yoshlar - mamlakat uchun katta boylik. Ular iqtisodiy taraqqiyotda katta rol o’ynashi mumkin. Ayni vaqtda ish topilmasa yoshlar beqarorlik omiliga ham aylanishi hech gap emas. Namoyishchilardan birining aytishicha, “ishsizlik afg’on yoshlarini isyonchilarga qo’shilishga yoki narkotiklarga bangi bo’lishga majbur qilyapti”.