Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani xalqqa murojaat qilib, tinchlik va farovonlikka umid qilishni, toqatli bo'lishni so'radi. Unga ko'ra, mintaqa doim mojarolar nuqtasi bo'lgan, Afg'oniston o'zga davlatlar nishonin bo'lgan.
"So'nggi 36 yilgi jarayonlar oqibatini yengishga harakat qilyapmiz. Mintaqa davlatlari o'z siyosatini qayta ko'rib chiqishi lozim. Bunga esa vaqt kerak", - dedi G'ani.
Afg'oniston sobiq Prezidenti Hamid Karzay tarafdorlari Ashraf G'anini qo'shni Pokiston bilan o'ta yaqin bo'lganlikda ayblamoqda. Karzay Islomobodni terrorchilarga boshpana berganlikda ayblab kelgan. Pokiston hanuz bu siyosatini o'zgartirgani yo'q, deydi Karzay safdoshlari.
Biroq G'aniga ko'ra, ikki davlat orasida 13 yil davom etgan norasmiy g'animlikka chek qo'yish lozim.
Tahlilchilar nazarida G'ani Pokistonga nisbatan siyosatni o'zgartirish evaziga Islomoboddan Tolibonga bosim qo'yib, tinchlik muzokaralariga undashini, afg'on Toliboniga yordamini bas qilishini kutmoqda.
Seshanba kuni Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif Kobulda bo'ladi. Sharifga armiya qo'mondoni va boshqa yuqori lavozimli rasmiylar hamrohlik qilmoqda. Ular Ashraf G'ani va Bosh vazir Abdulla Abdulla bilan uchrashadi.
Pokiston Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Xalilulla Qozining aytishicha, Pokiston afg'on tinchlik jarayoniga o'z hissasini qo'shmoqda.
Bu o'rtada Afg'onistonda o'g'irlangan 31 shiadan 19 tasi qamoqxonadagi o'zbek jangarilariga ayirboshlandi.
Ikki oy oldin niqob taqqan jangarilar Zabul viloyatida avtobusda ketayotgan hazoralarni o'g'irlab ketgan edi. Ularning bir qismi ozod etilgan, evaziga qamoqda 22 nafar o'zbek jangarisi chiqarilgan.
"O'zbeklar Afg'onistonga qo'shni Pokistonning Shimoliy Vaziriston mintaqasidan kirgan edi", - deydi Zabul viloyat kengashi a'zosi Asadulla Kakar.
Biroq ayrim manbalarga ko'ra, ozod etilgan jangarilar orasida chechenlar ham bor.