Breaking News

Islomobod Tolibondan rasman uzoqlashmoqda


Pokiston Tashqi ishlar vaziri so'zlovchisi Tasnim Aslam (arxivdan surat)
Pokiston Tashqi ishlar vaziri so'zlovchisi Tasnim Aslam (arxivdan surat)

Pokiston Afg’onistonda Tolibon harakati hujumlari bahor kelib ortayotganini qoralab chiqdi. Bunday keskin bayonot Islomobodning qo’shni mamlakatda tinchlik o’rnatilishini chin dildan istayotganini ko’rsatadi, deydi ayrim kuzatuvchilar.

Yillar davomida Pokiston armiyasi Afg’onistondagi bahorgi hujumlarda Tolibonga yordam berayotganlikda ayblab kelingan. Bunday iddaolar Islomobod va Kobul o’rtasidagi aloqalarga soya soldi, oqibatda o’zaro ishonchsizlik chuqurlashgan.

Biroq so’nggi paytlarda Islomobod Tolibon emas, afg’on hukumati bilan munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan muhim qadamlarni tashladi.

Payshanba kuni Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Tasnim Aslam matbuot anjumanida toliblarning Afg’onistondagi zo’ravonliklarini qoralab chiqdi.

“Biz zo’ravonliklarning avj olishini qoralaymiz. Afg’onistonda milliy tinchlik-totuvlikni o’rnatish jarayoniga guvoh bo’lishni istaymiz”, - dedi u.

Shu oy boshida Islomobod Afg’oniston armiyasi rahbarini Pokistonning nufuzli harbiy akademiyasida nutq so’zlashga taklif etdi. Tarixda ilk bor xorijiy mehmonning bu o’quv yurtiga tashrifi Pokiston televideniyesi orqali to’liq namoyish qilindi.

Pokiston rasmiylari Tolibon yetakchilari bilan maxfiy ravishda aloqaga chiqib, ularni Kobul bilan tinchlik muzokarasini olib borishga da’vat etgani haqida ham ma’lumotlar bor. Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani Pokiston bilan aloqalarda yangi sahifa ochishni taklif etgani afg’on mojarosiga yakun yasash bo’yicha umidlarni kuchaytirdi. Biroq toliblarning yana hujumlarga zo’r berayotgani bu umidlarni puchga chiqarmoqda.

Pokiston Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Islomobod Afg’onistonda tinchlik jarayonini qo’llab-quvvatlashini bildirar ekan, bu Pokistonning chegara hududlarida barqarorlikni saqlab qolish uchun muhim, deb aytdi.

“Afg’oniston bilan aloqalarimiz yaxshi va hamkorligimiz kundan-kunga chuqurlashib bormoqda. Oramizdagi rishtalar mustahkam, tashriflar, maslahatlar bo’lib o’tadi, harakatlarni muvofiqlashtiramiz. Pokiston o’z hududidan Afg’oniston yoki boshqa mamlakatga qarshi hujum uyushtirish uchun foydalanishlariga yo’l qo’ymaydi,” – dedi Aslam.

Pokiston Afg’oniston bilan chegaradosh hududlarda aksil-terror amaliyotlarni olib bormoqda. Bir necha oy davom etgan harakatlar natijasida chegaraning ikkala tarafida faol katta terror infratuzilmasi yo’q qilingani aytilmoqda.

Harbiylarga ko’ra, amaliyot oqibatida yuzlab mahalliy va xorijiy jangarilar o’ldirilgan va hududning katta qismi terror elementlaridan tozalangan.

Payshanba kungi xabarga ko’ra, Afg’oniston chegarasi yaqinidagi Xaybar tumanida ashaddiy janglar bo’lib o’tgan va bir necha terrorchilar maskani yo’q qilingan. Besh nafar pokistonlik askar hamda qariyb 30 jangari o’ldirilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG