Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Markaziy Osiyoga safarini yakunlar ekan, mintaqa bo'ylab inson huquqlari poymol etilayotganiga e'tibor qaratdi.
Bu uning region davlatlariga so'nggi 5 yilda ilk tashrifi edi. Pan Gi Mun Turkmaniston poytaxti Ashgabatda xalqaro universitetda so'zlar ekan, huquq tobora cheklanib borayotgani hukumatlar o'z xavfsizligiga tahdid deb biladigan terrorizm va ekstremizm bilan bog'liq ekanini aytdi.
Ammo, deydi rasmiy, bu tahdidlar fuqarolik jamiyati va huquq himoyachilariga bosim o'tkazish uchun bahona bo'lmasligi lozim.
Pan Gi Mun Ashgabatda Prezident Qurbonguli Berdimuhammedov bilan muloqot qilgan. So'ngra jurnalistlar bilan o'tgan brifingda Turkmanistonni qiynoqlarga chek qo'yishga qaratilgan xalqaro hujjatlarni imzolashga, mustaqil kuzatuvchilarga qamoqxonalarni borib ko'rishga ruxsat berishga undadi.
"Turkmaniston bu masalalar bilan shug'ullanuvchi ombudsman tayinlashga qaror qilgani quvonarli hol", - deydi BMT rahbari.
Respublikada ommaviy axborot vositalari va internet nazoratiga doir qonun qabul qilingan. Bu hujjatlarni amalda tatbiq etib, Turkmaniston plyuralizm va so'z erkinligini ta'minlash tomon qadam tashlashi lozim, dedi Pan Gi Mun Ashgabatda qilgan nutqida.