O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov islom dunyosida ziddiyatlar kuchayib borayotganidan va Markaziy Osiyoda terrorizm tahdidi ortib borayotganidan xavotir bildirmoqda.
"Shu maqsadda biz yaqin va uzoq qo‘shnilarimiz bilan til topishib, do‘stona munosabatlarni, mintaqamizda hamkorlik va hamjihatlikni yanada kuchaytirishni birinchi darajali vazifa deb bilamiz", - deydi Karimov.
Afg'oniston shimolida so'nggi oylarda ro'y bergan voqealar O'zbekistonni ayniqsa ehtiyot bo'lishga undaydi.
Karimov mustaqillik kuni munosabati bilan qilgan chiqishida O'zbekiston xorijiy davlatlar ishtirokidagi harbiy bloklarga qo'shilmasligini takrorladi.
U terrorizm, diniy ekstremizm tahdidi kuchayganini aytib, "Islomiy davlat" guruhi dunyoni tahqirlayotgani, o'zaro nizolar, ziddiyatlar ortayotgani, tinchlikni saqlash doimiy sergalikni talab etishini ta'kidladi.
O'zbekistonga bunday tahdid yuzasidan turli qarashlar mavjud. Mintaqadan yuzlab odamlarni safiga jalb etgan guruh regionda hujumlar qilmagan. Xavf faqat Afg'oniston bilan chegarada kuzatilayapti.
Yaqinda shimoldagi harbiy amaliyotlardan poytaxtga qaytgan general Abdulrashid Do'stum Kobuldagi matbuot anjumanida "Islomiy davlat" Rossiya, Markaziy Osiyodagi vaziyatni ham izdan chiqarmoqchi, degan edi.
General bir oylik amaliyot natijasida Faryob viloyatining Turkmaniston bilan chegaradosh 300 kilometrdan ortiq hududi, shuningdek, Sari Pul viloyatidagi o'nlab qishloqlar jangarilardan ozod qilinganini bildirgan.
To'qnashuvlardan omon chiqqan general Do'stum unga qarshi oxirgi suiqasdda Pokiston maxfiy xizmatlarini aybladi.
"Islomiy davlat" qatorida chechen va o'zbeklar ko'pligini aytar ekan, general Rossiyani ham Afg'onistonga harbiy texnik ko'mak ko'rsatishga chaqirgan.
Do'stumning shimoldagi operatsiyasini yoritgan "Deutcshe Welle" (Nemis to'lqini) bu amaliyotlar "Islomiy davlat" tahdididan xavotirga tushgan mintaqani naqadar xotirjam qilishini tahlil qiladi.
Tahlilchilarning aytishicha, Afg'oniston shimolida jangarilar siquvga olingani region davlatlarini tinchlantirgan.
"Hozir Faryobda jangarilar bostirib kelayapti degan gaplar to'xtadi. Shimolda toliblar yo'q qilindi. Chechenlar, o'zbeklar, Pokiston yuborgan jangarilar qolishdi. Ular hozir "Islomiy davlat" guruhiga sodiqlik bildirmoqda. Bu nafaqat Afg'oniston, balki butun mintaqa uchun tahdid, albatta. Ular kuch ishlatish yo'li bilan butun mintaqada hokimiyatni qo'lga olish harakatida", - deydi o'zbekistonlik tarixchi olim Shuhrat Barlos.
Shimolda o'tkazilgan amaliyot ortidan Afg'oniston va Turkmaniston iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishni muhokama qilmoqda.
Kobulga safar qilgan Turkmaniston Prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov Prezident Ashraf G'ani bilan uchrashuvda mintaqa gazini Afg'oniston orqali Hindistonga eksport qilishga mo'ljallangan quvurlar loyihasini tezlatishni muhokama qilgan.
Siyosatshunoslar mintaqa energoresurslarini Rossiya monopoliyasidan qutqaruvchi yo'nalishlarga muhtoj ekanini ta'kidlaydi.
"Turkmaniston gaz transporti loyihalaridagi asosiy manba. Shuning uchun ham bu yerda O'zbekiston Islomiy Harakati ham, "Islomiy davlat" ham qandaydir siyosiy buyurtmalarni bajarayotgan bo'lishi mumkin. Maqsad Turkmanistonni xalqaro gaz bozoridan chetlatish. Albatta, hamma narsada Rossiyaning izini ko'rmaslik kerak. Lekin 4-5 yillar avval Rossiya Qrimni bosib olishi kimning xayoliga kelgan edi? Hamma narsa bo'lishi mumkin", - deydi o'zbekistonlik siyosatshunos Anvar Nazir.
So'nggi paytda Afg'onistonda ham o'z faoliyatini muqim boshlagan "Islomiy davlat" guruhida yuzlab o'zbekistonliklar borligi aytiladi.
Mintaqadagi yirik ekstremist guruh sanalgan O'zbekiston Islomiy Harakati yaqinda "Islomiy davlat"ning "Xuroson viloyati" lashkarlari sifatida qasamyod keltirgan edi.