Breaking News

Tahlilchi Anvar Nazir: Rossiya bekorga vahima ko'tarayotgani yo'q


"Mintaqada Qirg’iziston Rossiyaning strategik kuchiga aylanmoqda",- deydi siyosatshunos Anvar Nazir
"Mintaqada Qirg’iziston Rossiyaning strategik kuchiga aylanmoqda",- deydi siyosatshunos Anvar Nazir

Aksar mutaxassislar tahlilicha, Afg’onistondagi vaziyatning mintaqaga tahdid solayotganini bo’rttirilgan. Lekin Markaziy Osiyo chegaralarida islomiy kuchlar faollashmoqda deya tashviqot olib borayotgan Rossiya mintaqadagi harbiy bazalarini takomillashtirmoqda.

Rossiya Afg'oniston tahdidini bahona qilib, o'z ta'sirini oshirmoqda, deydi Toshkentdan siyosatshunos
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:18 0:00

AQShning Markaziy Osiyo bo’yicha yetakchi diplomatlaridan biri Richard Xougland yaqinda Toshkentda jurnalistlar bilan uchrashar ekan, Tolibon mintaqaga bostirib kirish niyatida emas, “Islomiy davlat” esa tahlika emas, hushyorlikka undovchi omil, deya ta’kidladi.

AQSh mintaqada harbiy baza ochmoqchi emas, deydi diplomat, bu boradagi mish-mishlar asossiz.

Mintaqa davlatlari Afg’onistonga tahdid manbai deb qaraydi. Bunday qarashni Markaziy Osiyoda bir necha harbiy bazaga ega Rossiya ham ta’kidlab keladi.

Moskva Afg’oniston yuzasidan qo’rquv uyg’otib o’z siyosiy maqsadlarini ko’zlamoqda, deydi Toshkentdan siyosatshunos Anvar Nazir.

“Maqsad avvalambor Markaziy Osiyoda harbiy bazalar ochish, mintaqa davlatlarini Rossiya harbiy ittifoqiga majburlash, ODKBni (Kollektiv xafsizlik shartnomasi) markaziy tashkilotga aylantirish. Aslida Rossiya nafaqat Afg’onistonda, balki mintaqada ham bir narsa bo’ladigan bo’lsa aralashmaydi. Haqiqiy urushga qo’shilishni istamaydi. Ukrainada bo’layotgani haqiqiy urush emas baribir, Rossiyadan uzoq mintaqadagi urushga aralashish esa Putinning reytingi uchun emas… Lekin bu yerda geopolitik o’yin bor. Bu Rossiyaga xos xusisiyat. Maqsad - O’zbekiston va Turkmanistonni ham rossiyaparast kuchlar safiga tortish”, - deydi ekspert.

Afg’oniston tahdidi haqida bong urarkan, Rossiya Qirg’iziston va Tojikistondagi harbiy bazalarini kengaytirish harakatiga tushgan. Rossiya Mudofaa vazirligi yaqinda bu borada majlis o’tkazdi.

Rossiya harbiy ta’siri oshib borishi esa mintaqa xavfsizligi kafolati sifatida ko’rilmaydi, aksincha turli ziddiyatlar qo’zg’aydi, deydi kuzatuvchilar.

Tojikistonda Rossiya harbiylari va mahalliy yoshlar o’rtaasida kechgan mushtlashuvdan so’ng mahalliy matbuot mamlakatdagi Rossiya harbiy bazalari barqarorlik emas, beqarorlik keltirib chiqaruvchi o’choqlar deya yozmoqda.

Rossiya Qirg’izistonda ham qo’shinga ega. Ulardan birini Qirg’iziston - O’zbekiston chegarasi yaqiniga ko’chirish harakati Toshkentning keskin noroziligiga sabab bo’lgan edi.

O’zbekiston-Qirg’iziston aloqalari tarang. Oradagi chegarani belgilash muzokaralari yana qoldirilgan.

Bishkekning AQSh bilan aloqalari sovuqlashgan. Qirg’iziston nafaqat Rossiya harbiy qudratiga, balki mintaqagi bahsli muammolarni hal etishda ham Moskva bosimiga suyanmoqda, degan fikr keng tarqalgan.

“Munosabatlar hali bu darajada murakkab bo’lmagan edi. O’zbeklarga nisbatan qirg‘iz millatchilari tomonidan uyushtirilgan dahshatli qonli voqealardan keyin bu aloqalar hamon murakkabligicha qolmoqda. Mintaqada Qirg’iziston Rossiyaning strategik kuchiga aylanmoqda. Tojikiston ham Rossiya bilan ittifoqda, lekin baribir Qirg’iziston darajasida emas. Qozog’iston esa katta davlat, baribir yuz foiz Rossiya ssenariysi bo’yicha ish olib bormaydi. Rossiya ssenariysini qabul qilishi mumkin bo’lgan davlat bu Qirg’iziston. Hozirgi hukumat avvalgilardan ancha farq qiladi. U Rossiyani O’zbekistonga qarshi munosabatlarga tortishi mumkin. Lekin Rossiyaning o’zi ham og’ir ahvolda. O’zbekiston bilan aloqalarni butkul uzishga tayyor emas. Qirg’iziston kutayotgan moddiy ko’makni ham Rossiya berolmaydi hozir“, - deydi Anvar Nazir.

O’shdagi etnik qirg’inlarda mahalliy o’zbeklar huquqini himoya qilgan Azimjon Asqarov Davlat departamenti mukofotiga loyiq topilishi Qirg’iziston hukumatini g’azabga keltirib, AQSh bilan munosabatlar cheklanmoqda.

Ko’plab siyosatdonlar fikricha, bu qaror ortida aslida Moskva turibdi, Bishkek qadamni Kreml qistovi blan bosmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG