Breaking News

Azimjon Asqarov Davlat departamentining nufuzli sovriniga loyiq topildi


Qirg'izistonda qamoqda qolayotgan jurnalist va huquq himoyachisi Azimjon Asqarov Davlat departamentining nufuzli sovriniga loyiq topildi.

Inson huquqlari himoyachilariga atalgan mukofot (Human Rights Defender Award) fuqarolar haqlari va demokratiya uchun kurashda g'ayrat va mardlik ko'rsatgan insonlarga beriladi.

Asqarov 2010-yilning yozida Qirg'iziston janubida elatlararo ziddiyat paytida militsiyaning qonunbuzarliklarini xatlab borgan. Janubda uzoq yillar faoliyat yuritgan. Xunrezlikdan oldin ham hibsxonalardagi qiynoqlar haqida ma'lumot to'plab, rasmiylarning asabiga tekkan. Asqarov umrbod qamoq jazosini o'tayapti.

Mukofotni 16-iyul kuni Davlat kotibining demokratiya, inson huquqlari va mehnat masalalari bo'yicha muovini Tom Malinovski topshiradi. Asqarov qamoqda ekani bois sovrinni uning o'g'li Sherzod qabul qilib oladi.

Huquq faoli Qirg'izistonda huquq bobida yetakchi shaxs, barcha elatlarni tinchli yo'lida birlashtirgan arbob, qirg'iz va o'zbeklar o'rtasida murosani kuylagan faol.

Qirg'iziston Tashqi ishlar vazirligi Asqarovning mukofotlanishi haqidagi xabarni tanqid qilmoqda. Vazirlik nazarida Qo'shma Shtatlarning bazasi Qirg'izistondan chiqarib yuborilgani bois Vashington shu tariqa alamini olayapti.

Qirg'izistonda 2010-yilda elatlararo adovatni avj oldirishda qatnashgan, ommaviy namoyishlarni tashkil qilgan, huquq-tartibot xodimini tirklayib yoqishda ishtirok etgan shaxsga sovrin berilayotganini mutlaqo tushunib bo'lmaydi, deyiladi vazirlik bayonotida.

Qirg'izistondagi huquq himoyachilari esa Asqarovning taqdirlanishini olqishlagan. Aziza Abdurasulova, Tolekan Ismailova kabi faollar imzolagan bayonot Tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayevga yo'llangan.

Qirg'iziston rahbari Asqarovga adolat qiladi, degan umiddamiz, deyiladi bu nomada. Huquq himoyachilarining aytishicha, u qamoqda qiynoqlar, tazyiqlardan jabr ko'rayapti va salomatligi juda og'irlashgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG