Yaqinda Qirg’izistonda mahalliy siyosiy partiyalarning yoshlar qanoti yig'ildi.
Mamlakatda yuz bergan har ikki inqilob paytida yoshlar asosiy kuch sifatida xizmat qildi; o’lka siyosiy hayotida faol ishtirok etishini namoyish etdi.
Kuzatuvchilarning aytishicha, keyingi yillarda siyosiy hayotda yoshlar ovozi tobora baralla yangray boshlagan. Yangi avlod fikrlari, harakatlari, talab-maqsadlarini, asosan, ommaviy axborot vositalari, shuningdek, yoshlar uyushmalari va mahalliy kengashlar tadbirlari orgali ko'rish mumkin. Aynan mahalliy kengashlarda yoshlar faol.
O’sh shahar kengashi deputati Dilmurod Eshonov fikricha, davlat yangi avlodga diqqatni kuсhaytirmoqda. Bir necha yil muqaddam yoshlar ishlari bo’yicha alohida vazirlik ta’sis etilgani bejiz emas.
“Yoshlar olib borayotgan ishlar meni qoniqtiradi. Faqat saylovlarda birovlar qo’lida qurol bo’lib qolish hollari meni cho’chitadi. Yoshlarimizda vatanparvarlik hissi ildiz otgan. Bu yaxshi, qachonki ushbu tuyg’ulardan to’g’ri foydalanilsa”, - deydi yosh arbob.
Eshonovning aytishicha, hozir O’sh shahar merining uch nafar muovini yoshlardan bo’lib, ular g’ayrat-shijoat, bilimdonlik ko’rsatmoqda. Suhbatdosh nazarida boshqaruv tizimlarida yoshlarning munosib o’rinlarni egallashi, masalan, korrupsiyani ma’lum qadar cheklaydi.
Mahalliy kengashning yana bir yosh deputati So’nunbek Junusbayev deydiki, Qirg’izistonda hali keng qamrovli yoshlar siyosati yoki tegishli dastur ishlab chiqilgan emas.
Ayni paytda qator partiyalar yoshlar qanotlari tuzib, shu yo’l bilan yoshlarni siyosatga jalb etishga urinmoqda.
“Albatta, o’z harakati bilan biron narsaga erishgan yigit-qizlar ham bor. Ammo ko’pchilik saylovlar paytida u yoki bu siyosiy partiyaning quroli bo’lib qolganday tuyuladi”, - deydi deputat Junusbayev.
O’sh viloyat Novqat tumanilik qalamkash, muallim Pirmuhammad Mirzamahmudov fikricha, Qirg’izistonda siyosiy partiyalar o’ta ko’pligi yoshlarni chalg’itmoqda. Partiyalar hayoti, shiorlari, munosabatlarida qandaydir sun’iylik seziladi.
“Ishsizlik, mehnat muhojirlari taqdiri kabi yoshlar muammolari bilan biron partiya jiddiy shug’ullanganini bilmayman”, - deydi muallim.
Yoshlar qurol bo’lmaslik niyatini aytishadi. Ular mustaqil fikrlash, hamkorlik qilishga qodirligini ta’kidlaydi.
“Qator yoshlar uyushmalari tuzildi. Masalan, “Jani muun” (“Yangi avlod”) atalmish tashkilot respublika miqyosida yoshlarni birlashtirmoqda, davlat siyosatiga ta’sir etish maqsadida dolzarb masalalar bo’yicha tadbirlar, norozilik chiqishlari o’tkazdi”, - deydi So’nunbek Junusbayev.
Siyosat va boshqaruv masalalarida, hozirgi imkonimizdan kelib chiqqan holda, yoshlar pastdan yuqoriga qarab harakat qilishni, ya'ni avval mahalliy boshqaruv tizimlari faoliyatida tajriba orttirishlari ma’qul, deydi suhbatdosh.
Rasmiylarning aytishicha, yoshlarning mamlakat siyosiy hayoti va boshqaruv tizimlarida munosib o’rin egallashi uchun biron to’siq yo’q. Ayni paytda, masalan, parlament deputati bo’lish yoki nufuzli idoralardan o’rin olish uchun yirik mablag’ hamda yuqorida tanish-bilishlar darkorligi ham sir emas.
“Ha, harakatchan yoshlarga yo’l ochiqday. Lekin korrupsiya, traybalizm, urug’larga bo’linish tufayli bilimli, layoqatli mutaxassislar o’z o’rnini topa olmayapti”, - deydi deputat Junusbayev.
Suhbatdoshlarning aytishicha, joriy yil o’tadigan parlament saylovlarida yosh nomzodlar nisbatan ko’proq bo’lishi kutilmoqda. So'nunbek yoshlarga tayangan partiyalar kam bo’lmasligiga ishonadi.
Bot-bot mahalliy matbuot xorijda ta’lim olib, tajriba orttirgan yoshlar vatanga qaytsa, iqtisodiy-siyosiy taraqqiyotga jiddiy hissa qo’shishi mumkinligini ta’kidlab keladi. Ammo taklif qilingan bir necha mutaxassis ko'p o’tmay ketib qolgan.
So’nunbek Junusbayev fikricha, xorij mezonlariga o’rganib qolgan ekspertlar korrupsiya singib ketgan mahalliy sistemaga ko’nika olmaydi. Qolaversa, ularni vatanga qaytarishdan davlat o’zi manfaatdor bo’lishi, ularga kerakli sharoit tuzib berishi lozim, deydi suhbatdosh.
Kuzatuvchilar so'zlariga ko'ra, 2010-yilgi O’sh voqealaridan so’ng milliy ozchiliklar yoshlari siyosatga aralashishdan cho’chib qolgan va bu sohada faollik ko’rsatmaydi. Ma’lum jonlanish mahalliy kengashlarga saylovlar paytida ko’zga tashlanadi.
Keyingi yillarda rasmiy Bishkek hamda qator siyosiy partiyalar ozchilikni tashkil etuvchi elatlar vakillarini siyosatga tortishga urinayapti. Ammo bu o’rinda ham qaysi bir nufuzli idorada joylashish yo saylovlar arafasida yetakchi partiyalar ro’yxatiga kirish imkoni asosan badavlat, kerakli tizimlar bilan aloqador xonadonlar vakillariga nasib qilishi mumkin, deydi vaziyatni yaxshi bilgan arboblar.