Xalqaro tashkilotlarning so’nggi hisobotlariga ko’ra, ikki yil oldin Qirg’iziston janubida ro’y bergan etnik nizolarda jabrlangan mahalliy o’zbeklar konstitutsiya asosida rasman tan olingan haq-huquqlaridan haligacha to’la bahramand emas.
Millatlar o’rtasida nizolar bartaraf etilmasa, zo’ravonliklar yangidan boshlanishi mumkin, deya ogohlantiradi tahlilchilar.
Qirg’izistonda janub va shimol o’rtasidagi siyosiy kurash avjga chiqar ekan, shundoq ham qaltis bo‘lgan millatlararo munosabatlar bu qarama-qarshiliklar domiga tortilishi yuzasidan xavotir kuchaygan.
Belgiyada joylashgan Alisher Navoiy instituti chop etgan yangi tahlil xalqaro jamoatchilikni shunday ehtimollikdan ogohlantiradi.
Bir oz avval Bo’hronlarni o’rganish xalqaro guruhi (International Crisis Group) ham shunday xavotirlar bildirilgan hisobot chiqargan edi. E’tibor unda aynan Qirg‘izistondagi o’zbeklar jamiyatdan chetlashtirilganiga, ularning haq-huquqlari poymol etilayotganiga qaratiladi.
Parlamentda deputatlar bildirgan norozilik ortidan Bishkekda qirg’iz yoshlari ham miting o’tkazishgan.
Qirg’izistonlik o’zbeklarning aytishicha, O’sh qirg’ini ortidan yetkazilgan jarohat bitmagan, o’z uyidan quvilgan o’zbeklar taqdiri, kelajagi mavhum. Hukumat bu masalada befarq qolar ekan, xalqaro hamjamiyat aniq choralar ko’rishi kerak.
Qirg’izistonlik o’zbek yetakchilaridan biri Qodirjon Botirovga ko’ra, ikki yil ichida ikki bor hukumat o’zgardi, biroq o’zbeklarga nisbatan bosim qanday bo’lsa, hozir ham shundayligicha qolmoqda.
“Ayrim siyosiy kuchlar esa hokimiyat uchun kurashda o’zbeklardan foydalanishga urinishmoqda. Foydalanganda ham o’zbek liderlari nomini ishlatib, o’zbek xalqini emas. O’zbek xalqiga qanday jabr bo’lsa, shunday jabr davom ettirilayapti. O’shda, Jalol-Obodda har kuni qonun buzish holatlari, millatchilik davom etmoqda. Bu ko’proq huquq-tartibot organlari tomonidan sodir etilmoqda“, - deydi Qodirjon Botirov.
O’zbek yetakchisi o’z yurtidan chiqib ketishga majbur bo’lgan minglab o’zbeklar taqdiri mavhum qolayotganiga e’tibor qaratadi.
Alisher Navoiy instituti ijrochi direktori Dilmurod Tillaxo’jayevga fikricha, qirg’iz hukumatidan umid kam. Najot ko’proq Qirg’izistondagi milliy munosabatlarga xalqaro hamjamiyat qanchalik jiddiy e’tibor qaratishiga bog’liq.
“Xalqaro hamjamiyat Qirg‘iziston hukumatiga ishonib, vaziyatga aralashmay turgani eng yomon narsa. Chunki qirg‘iz siyosatchilari vaziyatni yaxshilashdan, adolat o’rnatilishidan manfaatdor emas. Qirg’inlar yuzasidan xalqaro tergov oxiriga yetkazilishi kerak, uni uyushtirgan odamlar jazolanishi kerak“, - deydi Tillaxo’jaev.