Breaking News

Turkmaniston Kobul-Tolibon muzokarasiga mezbon bo'lmoqchi


Qandahor, Afg'oniston janubi.
Qandahor, Afg'oniston janubi.

Turkmaniston tomoni kutilmaganda Afg'oniston hukumati va toliblar o'rtasida tinchlik muzokaralarini Ashgabatda o'tkazishni taklif qilgan. Bu taklif royobga chiqadimi-yo'qmi, mavhum.

Turkmaniston Kobul va Tolibon o'rtasida muzokaralarga mezbon bo'lmoqchi-Malik Mansur lavhasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:17 0:00

​Turkmanistonning Pokistondagi elchisi Sapar Berdiniyozov so'zlariga ko'ra, mamlakat toliblar bilan muloqot o'tkazish tajribasiga ega. Turkmanistonda Afg'oniston yetakchilari Burhoniddin Rabboniy, general Abdul Rashid Do'stum, Ismoil Xon va toliblar vakillari muloqot qilgan.

Berdiniyozov Islomoboddagi chiqishida afg'on hukumati va jangarilar o'rtasida sulh bo'lmas ekan, Turkmaniston-Afg'oniston-Pokiston-Hindiston yo'nalishi bo'ylab rejalangan yirik energetik loyihaning (TAPI) amalga oshishi qiyin, degan.

Turkmaniston Afg'onistonda Tolibon hukmron paytida bu harakat bilan hamkorlik o'rnatgan sanoqli davlatlardan. Marhum rahbar Saparmurod Niyozov davridagi bu munosabatlar haqida hozirgacha turli taxminlar yuradi.

Toshkentlik siyosatshunos Anvar Nazirning aytishicha, shaxsiy manfaatlarga asoslangan bu aloqalardan mamlakat yoki mintaqa uchun naf bo'lgani yo'q.

​“Turkmaniston bilan toliblar o'rtasidagi munosabat yaxshi bo'lgan, marhum turkmanboshining qanaqadir o'yinlari ham bo'lgan. Faqat siyosat, ikki davlat o'rtasidagi aloqalar emas, balki shaxsiy manfaatlarga asoslangan. Mendagi malumotlarga ko'ra Do'stum bilan marhum tukrmanboshi o'rtasidagi aloqalar yaxshi bo'lmagan. Toliblar Turkmanistonga kelib, dam olib turishgan, chegara ham ochiq bo'lgan. O'sha paytda turkmanboshi nazoratidagi Turkmaniston fondi degan jamg'aramaning narko-biznesga aralashgani haqida ham ma'lumotlar chiqqan edi. Albatta, bular hammasi turkmanboshi davriga tegishli tajribalar. Lekin bundan bir ijobiy natija sezilmagan”, - deydi Anvar Nazir.

Turkmaniston elchisining taklifi turkman-afg'on chegarasida vaziyat tarang bir paytda kuzatilmoqda.

Afg'onistondagi jangarilar turkman chegarachilariga bir necha bor hujum uyushtirdi. Afg'oniston shimolida to'qnashuvlar davom etayotgani, jangarilar nazoratiga o'tayotgan hududlar ko'paygani, rasmiy Ashgabat to'qnashuvlardan qochgan afg'onistonlik yuzlab turkmanlarni mamlakatga kiritmayotgani ta'kidlanadi.

Bu ziddiyatlar soyasida Prezident Berdimuhammedov harbiy-texnikaviy ko'mak so'rab AQSh hukumatiga murojaat qilgan.

Siyosatshunos Anvar Nazir turkman-afg'on chegarasida ziddiyatlarni mintaqadagi gaz zaxiralariga, xususan, Turkmaniston ishtirokida rejalangan energetik loyihalarga bog'liq, deya taxmin qiladi.

“Mintaqa gazini Hindistonga olib chiquvchi loyiha ham, Yevropa tomonidan surilayotgan Janubiy koridor loyihasi ham, albatta, tinchlik bo'lmas ekan amalga oshmaydi. Bu loyihalarning amalga oshmasligidan manfaatdor tomonlar bor. Birinchi navbatda "Gazprom", uning orqasida Rossiya turibdi. Bu kompaniya energetika bozoridagi raqobatga tayyor emas, ayniqsa, mintaqa zaxiralari ustidan monopoliyani boy bergisi yo'q. Bu Osiyo yo'nalishi bo'ladimi, yoki Yevropa yo'nalishimi. Shunday ekan, bu ziddiyatlar ortida mintada energetik yo'nalishlari kengayishidan manfaatdor bo'lmagan kuchlar turgani ham ehtimoldan xoli emas”, - deydi Anvar Nazir.

Markaziy Osiyoga nisbatan tahdid haqida “Islomiy davlat” to'dasining Afg'onistonda faoliyat boshlashidan so'ng jiddiy gapirila boshladi. “Islomiy davlat” toliblardan farqli Markaziy Osiyo tomon yurishni rejalayotgani, uning safida mintaqaning yuzlab fuqarolari jang qilayotgani ta'kidlanadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG