Breaking News

Rossiyalik ekspert: Tojikistondagi beqarorlik ortida boshqa sabablar bor


Dushanbe
Dushanbe

Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyodagi yagona diniy partiyaning taqiqlanishi ortidan Tojikistonda siyosiy erkinliklar yanada cheklanishidan xavotir bildirmoqda.

Rossiyalik ekspertga ko'ra, Tojikistondagi beqarorlik ortida boshqa sabablar bor - Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:26 0:00

Islom uyg'onish partiyasi terrorchilik g'oyalarini targ'ib qilganlik gumoni bilan, sud qaroriga ko'ra, yopilgan. Ekspertlarga ko'ra, Tojikistonda general Abduhalim Nazarzoda isyoni ketidan boshlangan repressiyalar muxolifatning batamom quvg'in qilinishiga olib keladi.

Ayni paytda islomiy partiya a'zolari ustidan mahkama ishlari davom etmoqda. Ularning himoyasi bilan shug'ullanib kelayotgan advokat Buzurgmehr Yorovning o'zi ham moliyaviy firibgarlikda ayblanib, qamoqqa olingan.

General Nazarzoda boshchiligidagi qurolli to'qnashuvdan so'ng Tojikiston hukumati mamlakatni muxolif unsurlardan tozalashga ochiq kirishgani aytilmoqda. Rossiyadagi postsovet hududlar ekspertlar ligasidan Andrey Sirenkoga ko'ra, repressiyalar ichki va tashqi omillarga ega.

Uning aytishicha, so'nggi voqealarning Islom iyg'onish partiyasiga ham, tojik muxolifatiga ham mutlaqo aloqasi yo'q. General Nazarzoda Prezident Emomali Rahmonning qizi bilan yuzaga chiqqan ziddiyatlar qurboniga aylangan.

“Men o'zimdagi ma'lumotlarga tayanib shuni ayta olaman, Nazarzoda hodisasi hukumat taqdim etganidek isyon emas. Nazarzoda amalidan tashqari yirik tadbirkor ham edi. Uning mulki 50 million dollar atrofida baholanadi. Rahmonning qizlaridan biri otasining dastaklaridan foydalanib, shu biznesni tortib olishga qaror qiladi. Qo'shtirnoq ichida hozir jamoatchilikka taqdim etilayotgan to'ntarish esa oriyati toptalgan generalning shu bosimga nisbatan stixiyali munosabatidir. Nazarzoda hamisha hukumat tomonidagi odam bo'lgan. Isyonkor general odatda biror bir siyosiy talablarni ilgari suradi, bu yerda esa hech narsa yo'q”, - deydi rossiyalik ekspert.

Mudofaa vazirining o'rinbosari bo'lgan Nazarzodaning tarafdorlari bilan to'qnashuvlar sentabr oyida ro'y berdi. Militsiya bo'limiga hujum qilib, ular keyinchalik Romit darasida yashirinishdi. Maxsus xizmatlar o'tkazgan amaliyot natijasida guruh yo'q qilindi. Nazarzoda terrorchilikda, davlatga xiyonatda ayblandi.

Shu paytgacha qonunan ishlab kelgan Islom uyg'onish partiyasiga bosimlar shundan so'ng boshlandi. Sud partiya faoliyatini taqiqlash haqida qaror qabul qildi, 10 dan ortiq yetakchilari qamoqqa olingan.

Yevropa Ittifoqi Tojikistondagi vaziyatdan, xususan, muxolifat faoliyati taqiqlanishidan xavotir bildirgan. Ozodlik uyi, Xalqaro Amnistiya kabi inson huququlari tashkilotlari bayonotida ham Tojikistonda erkinliklar tobora cheklanayotgani qayd etiladi. Ozodlik uyi AQSh hukumatini ham bayonot bilan chiqishga chaqirdi.

Andrey Sirenkoga ko'ra, islomiy partiyaning yopilishi generalning isyoni bilan bog'liqmi, yo'qmi, muqarrar ravishda kutilgan voqelik edi. Bu nafaqat rejimning ichki muxolifatdan qutulish uchun rejalagan chorasi, balki Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo ittifoqiga qo'shilishga hozirlanayotgan Tojikistonga zimdan qo'yilgan talablardan biri ham edi, deydi u.

“Partiyani yopish hali o'tgan yiliyoq rejalangan, shu bois ham parlamentga yaqinlashtirilmadi. General hodisasi esa hukumat uchun ayni muddao bo'ldi, Rahmonning polittexnologlari darrov vaziyatdan foydalanishdi. Haqiqatda esa partiya yopilishi aniq tashqi siyosiy ko'rsatkichlarga ham ega. Tojikiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirishga hozirlik ko'rayapti. Bu tashkilot haqiqatda iqtisodiy emas, ko'proq siyosiy ittifoq. Putin ham, Nazarboyev ham bu ittifoq hududida islomiy qadriyatlarga asoslangan siyosiy partiyani ko'rmoqchi emas”, - deydi Sirenko.

Prezident Rahmon mamlakat rahbarligiga 1992-yilda muxolifat va hukumat o'rtasida ziddiyatlar kuchaygan bir paytda, Moskva va Toshkent vositachiligida kelgan edi. 1994-yilda prezidentlikka saylangan Rahmon konstitutsiyaga o'zgartirishlar kiritish orqali vakolatini cho'zdirib kelmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG