Tojikistonda yaqinda lavozimidan bo'shatilgan general Abduhalim Nazarzoda hanuz qidiruvda. Unga sodiq mulozimlar esa nazoratda. Mamlakatda o'tgan haftadan beri turli otishmalarda o'nlab kishi halok bo'lgan. Mustaqillik yillari boshida fuqarolar urushini boshidan kechirgan mamlakatda beqarorlik kuchaysa bundan butun mintaqa, jumladan, O'zbekiston chetda qolmasligi borasida xavotirlar bor.
Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, qurolli hujumda ayblanayotgan sobiq mudofaa vaziri o’rinbosari general Abduhalim Nazarzoda o’nlab, ayrim manbalarga ko’ra 100 oshiq tarafdorlari bilan tog’li hududda yashiringan.
Hukumat Romit darasi o’rab olingani, isyonchi guruhning 20 ga yaqin a’zosi yo’q qilingani, amaliyotlar davom etayotgani haqida axborot bermoqda.
Tojikiston prokuraturasi Nazarzoda va polkovnik Junaydulla Umarovni davlatga xiyonat va terorchilikda ayblab jinoiy ish ochgan.
Bu shaxslar sulh bilan yakun topgan Tojikistondagi fuqarolik urushidan so’ng hukumat safiga jalb etilgan. Ammo muxolifatdagi Tojikiston Islom uyg’onish partiyasi bu harbiylar partiya safidan ketgan va muxolifatga aloqasi yo’q, deya bildirmoqda.
Hukumat generalni mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishni maqsad qilganlkda ayblamoqda.
Tojikiston muxolifatiga tegishli internet nashri general Nazarzoda bayonoti deya chop etgan maqolada hukumat to’qnashuvlarni o'zi rejalashtirganlikda ayblanadi. 10 ga yaqin kishi otib ketilgan, Vahdat militsiya bo’limiga hujum ortida maxsus xizmatlar turibdi, deyiladi bayonotda.
Tojikistonda favqulodda yuzaga chiqqan bu to’qnashuv turli farazlar uyg’otgan, isyonchi guruh maqsadi mavhum ekan, taxminlar kuchaygan.
Huquq himoyachisi Bahrom Hamroyev Rossiyada ishlayotgan tojik faollari bilan tanish, Tojikistondagi vaziyatni ham kuzatib boradi. Unga ko’ra, to’qnashuv davlat to’ntarishidan uzoq, ammo hukumat bu guruhni terrorchilarga tenglashtirish uchun barcha choralarni ko’rayapti.
“Bu davlat to’ntarishiga harakat emas, albatta Emomali Rahmondan norozi guruhlar bor, lekin ular bugungi repressiv siyosatga tasir o’tkazishi mumkin bo’lgan kuchlar emas. Mana hozir 17 kishi o’ldirilibdi. Odamlarning uylarini otib ketishayotgan emish, hammasiga terrorchilik tusini berishmoqchi. Buni men bilan gaplashgan tojiklar aytishayapti. Bular hammasi Tojikistondagi ehtimoliy qo’zg’olonlar oldini olish, Rahmonni hukumatdan ketkazish, mamlakatdagi vaziyatni barqarorlshtirishga qodir bo’lgan guruhlarni aniqlashtirish, ularning harakatiga zarba berish, yo’qotishga qaratilgan amaliyotlar. Tojikistonda kutilayotgan qatag’onga endi hech kim aralasha olmaydi, chunki hukumat terrorchilarga qarshi kurashayotganini aytmoqda”, - deydi Bahrom Hamroyev.
Bu to’qnashuvlar Tojikistondagi yagona muxolif partiya Islom uy’gonish partiyasini yopish qarori ortidan kuzatilayotganiga ham diqqat qilinmoqda. Rahbariyatning bu qarori xalqaro huquq tashkilotlarida ham norozilik uyg’otdi. Islomiy qadriyatlarga qaratilgan yagona partiyaning yopilishi noroziliklar ko’lamini kengaytirishi mumkin.
Bahrom Hamroyev qurolli to’qnashuvlar islomiy partiya faoliyati tugatilishini niqoblashdan iborat degan qarashlarga unchalik qo’shilmaydi.
Uning fikricha, Tojikistondagi beqarorlikni mintaqaga ta’siri kuchli, bundan siyosiy bosim sifatida foydalanuvchi tomonlar ham topiladi va bu bosimdan O’zbekiston chetda qolmaydi.
“Bu yerda geopolitik maqsadlar ham bo’lishi mumkin. Tojikistondagi vaziyatdan foydalanib, O’zbekiston ustidan ham bosim o’rnatish mumkin. Bu narsa tojik xalqiga kerak emas, lekin manfaatdor boshqa tomonlar bor, Tojikistonning ham keskin repressiv davlatga aylanishini xohlayotganlar bor. Xullas, Tojikistondagi vaziyat mintaqaga ham jiddiy tasir ko’rsatishi mumkin. Xudo ko’rsatmasin, Tojikistonda yana o’sha 1992-yillardagi urush holati yuzaga kelsa, bundan albatta O’zbekiston ham chetda qolmaydi. Tojikistonda siyosiy vaziyat beqarorlashib tursa, bu mintaqani asosiy davlati bo’lib turgan O’zbekistonga nisbatan harakatlarni kuchytiradi, Afg’onistonda shu maqsadda turgan guruhlarga ham turtki beradi”, - deydi Hamroyev.
Tojikistondagi otishmalar 4-sentabr kuni Vahdat tumani Ichki ishlar boshqarmasiga qilingan hujumdan boshlandi. Mintaqa davlatlari Tojikistondagi bu hodisa yuzasidan biror munosabat bildirmagan.
Faqat Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Emomali Rahmon bilan telefon muloqotida Tojikiston maxsus kuchlari o’tkazayotgan amaliyotga ko’mak ko’rsatishga tayyorligini aytgan.