Breaking News

Tojikiston Adliya vazirligi: Islom uyg'onish partiyasi yopiladi


Markaziy Osyida yagona hisoblangan Tojikiston Islom uyg’onish partiyasi (TIUP) hukumat bosimi ostida siyosiy faoliyatini butunlay to'xtatish arafasida.

Tojikiston Adliya vazirligi: Islom uyg'onish partiyasi yopiladi - Ravshan Shams
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:15 0:00

Bahorgi parlament saylovlarida partiya biror o'rinni egallay olmagach, unga qarshi harakatlar boshlangan edi. Rasmiy va norasmiy nashrlar, davlat telekanallarida tanqidiy chiqishlar avj oldi.

Islom uyg’onish partiyasi Tojikistonda fuqarolar urushidan so'ng imzolangan tinchlik bitimiga binoan bundan 19 yil ilgari rasman ro'yxatdan o’tkazilgan. Hukumatga muxolif eng faol siyosiy harakat hisoblanib, 50 mingga yaqin a’zosi bor.

Partiya lideri Muhiddin Kabiriy saylovdan so’ng chet el safariga chiqib ketgach, unga qarshi jinoiy ish qo’zg’atilgani haqida mish-mishlar tarqaldi. Mana yarim yildirki, u mamlakatga qaymayapti. Islom partiyasi oliy siyosiy sho’rosi tavsiyasiga ko’ra uning mamlakatga qaytishi ma’qul ko’rilmaydi, hayoti xavf ostida.

Shu kunlarda Tojikiston Adliya vazirligi ommaviy axborot vositalarida Islom uyg’onish partiyasining shahar va nohiyalardagi boshlang’ich tashkilotlari tarqalib ketgan, endi bu partiya qonuniy faoliyatga ega emas deb ogohlantirish berdi.

TIUP oliy siyosiy sho’rosi a’zosi, siyosatshunos Hikmatullo Sayfullozoda bu ogohlantirishni noqonuniy hisoblab aytadiki, partiyaning boshlang’ich tashkilotlaridan olingan barcha qaror va hujjatlar qalbaki bo’lib, hammasi soxtalashtirilgan. Negaki, joylarda partiya o’z ishini olib bormoqda.

"Masalan, Ro’dakiy, Hisor nohiyalarida, Ko’lobda, poytaxtning o’zida ham majlislar o’tmoqda, biz ular haqida “Najoy" gazetamizda, saytda ham xabar bermoqdamiz. Shuning uchun biz unaqa da’volarni qonuniy deb hisoblamaymiz. U hujjatlar qonunga xilof ravishda tayyorlangan va rasman boshqa yerga berilgan. Agar partiya boshlang’ich tashkiloti shunaqa qarorga kelgan bo’lsa, “biz endi ishlay olmaymiz” deb o’z rahbariyatga ariza bergan bo'lardi. Vaholanki, bizning ustavimizda har qanday faoliyat to’xtatilishi partiya oliy rayosatining qaroriga ko’ra bo’ladi deyilgan, hattoki ta’sis etish ham. Ya’ni har qanday mahalliy, viloyat yoki markaziy partiya tashkilotlarini ta’sis etish va tugatish partiya oliy rayosati vakolatidir. Shu nuqtai nazardan biz bu ish alohida kuchlar tomonidan qonunga xilof va majburiy ravishda, soxtakorlik bilan tayyorlangan deb bilamiz", - deydi u.

Jurnalist Ma’mur Yusufzod fikricha, bugungi kunda respublikada aslida diniy siyosiy partiyaga ehtiyoj yo’q.

"Parlament saylovi ko’rsatdiki, ular nafaqat hukumat balki, xalqning ham nazaridan qolishdi. bir necha yillik faoliyati davomida xalqni ishonchiga kira olishmadi”, - deydi u.

"Adliya vazirligi ogohnomasini ko’rib chiqdim, davlat idorasi talabni to’g’ri asoslab bergan. Shuncha joyda boshlang’ich tashkilotlari tarqatilgan partiya respublika partiyasi bo’la olmaydi. Bu partiya barvaqtroq Xo'jand, Panjakent shahrlarida, Nov, Zafarobod va boshqa joylarda faoliyatlarini to’xtata boshladi. Bbunaqada ular qanaqa jumhuriyat siyosiy partiyasi bo’ladi?".

“Huquq” gazetasi asoschisi Tursunali Aliyev deydiki, islom dini partiyaga muhtoj emas.

"Partiyaning o’z ustavi, yo’nalishi bo’ladi. Dinning yo’nalishi Qur’onlarda, hadislarda belgilab berilgan, uni bular qanaqasiga ustaviga kiritadi? Har xil guruhlar bor, bir paytlar “Rostaxez” guruhi paydo bo’lib, xalqni bezovta qilgandi. Undan keyin “Hizb-u-Tahrir”ga kirganlar qancha qotilliklarni sodir qildi. G’olakandozni o’zida nechta qotilliklar sodir qildi. Men o’qigan manbalarga qaraganda, yer sharida faqat “Hizb-u-Tahrir” yo’nalishi bo’yicha har sutkada o’rtacha 500 dan ortiq odam qurbon bo’lar ekan. Qancha ruhlar sarson, tiriklar sarsonligidan ruhlarning sarsonligi yomon, chunki ruhlar isyoni degan narsa bor. Ruhlar isyon qilsa, bu tiriklar hech narsa bo’lib qoladi. Bular jamiyatni, dunyoni ruhlar isyoniga olib bormoqda".

"Din o’zi oliy e’tiqod, uni partiyaga yoki qandaydir boshlang’ich tashkilotlarga ehtiyoji yo’q. Har bittasi o’zicha uni qayta muhokamaga qo’yishi mumkin emas, tahrir qilib bo’lingan, muhokama qilib bo’lib, islomda hamma urfiyatlar qabul qilib bo’lingan narsa. Uni har kim o’zicha unaqa yo’nalishlarga solaversa, diniy e’tiqodlar ham parchalanadi, jamiyat ham parchalanadi", - deydi Aliyev.

O’zbek shoiri Sharif Nuriddinov jamiyatda turlicha siyosiy qarashlar mavjudligini foydali deb hisoblaydi. Uning nazarida, fikrlar qarama-qarshiligi qanchalik ko’p bo’lsa, jamiyat shunchalik rivojlanadi.

"Ayrim tahlilchilar bu partiyani berkitish jamiyatni parchalaydi, qarama-qarshilikni kuchaytiradi deyishadi, shunday bo’lishi ham mumkin. Siz bir fikrni aytsangiz, men boshqa fikrni aytsam, fikr keyin rivojlanadi-da! Siz gapiraversangiz-u, men ma’qul deyaversam, u fikr qayerda rivojlanadi?"

Ba’zi mahalliy tahlilchilarga ko’ra, TIUP jamiyatda o’ziga xos barometr, siqiq bosimni oshirib yuborishdan asraydigan bir vosita edi, hukumat bu vositani o’z qo’li bilan yo’q qilmoqda.

15-sentyabrda TIUPning navbatdagi 12-hisobot saylov syezdi o’tkazilishi mo’ljallangan. Partiya markaziy ofisi esa hukumat tarafidan muhrlab qo’yilgan. Partiya raisi Muhiddin Kabiriy syezd ishida virtual ishtirok etishi nazarda tutilgan.

XS
SM
MD
LG