Markaziy Osiyoda diniy yo’nalishdagi rasmiy partiya faqat Tojikistonda mavjud. Islom uyg’onish partiyasi (TIUP) ro’yxatdan o’tgan bo’lib, faoliyatini qonuniy ravishda olib boradi. Uning 44 mingdan ortiq a’zosi bor.
Partiyani sobiq deputat Muhiddin Kabiriy boshqaradi. O’tgan parlament saylovlarida Islom uyg’onish partiyasi bironta ham o’ringa ega bo’lolmagan.
Ekspertlarga ko'ra, keyingi yillarda partiya faollariga tazyiq kuchaygan. Uni yopish haqidagi chaqiriqlar saylovdan so’ng kuchaydi. Rasmiylar ham bu chaqiriqlarni dastaklamoqda.
Dushanbe shahrida Ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda ishtirokida o’tkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyada islom instituti o’qituvchisi Rahimjon Karimov, yoshlar turli diniy oqimlarga qo’shilib ketayotganini ta’kidlab, Tojikistonda Islom uyg’onish partiyasiga barham berishga chaqirdi.
Ekstremizmning oldini olish va terrorizmga qarshi kurashga bag’ishlangan bu tadbirda taniqli mulozim va davlat arbolari ishtirok etgan. Juma namozlarida ham ulamolar islom partiyasini yopish haqida va’z qilganlar.
Tahlilchilar bu kabi chaqiriqlarni parlament saylovlarida islom partiyasi o’rin ololmagani bilan izohlashadi.
Tojik eksperti Ne’matullo Mirsaidov aytadiki, agar bu partiya parlamentdan hech bo’lmaganda ikki-uch o’rin olganida hech kimga og’irligi tushmasdi, birovga ham halaqit bermasdi.
“Taqiqlangan mevaning mazasi shirin bo’ladi degan gap bor. Tojikistonda Islom uyg’onish partiyasini taqiqlash bilan jamiyatni bo’lib qo’yishlari mumkin. Hozir mamlakatda sharoit qanaqa ekanligini siyosatchilarimiz yaxshi tushunishlari zarur. Bu yo’l bilan hukumat o’zlariga qarshi yanada kuchli va yashirin guruh paydo bo’lishiga zamin qo’ygan bo’lishadi. Nazarimda, ayni paytda buning mavridi emas”, - deydi Mirsaidov.
Xo’janddagi Shayx Maslahaddin jome’ machiti ulamosi Qori Orifjon “aslan jamiyatimiz islomiy partiyaga muhtoj emas”, deb hisoblaydi.
“Aziz birodarim, men o’zim sho’rolar davrida Pokistonda diniy tahsil olganman. Ishoning, qayerdaki islom partiyasi mavjud ekan, o’sha yerda janjalu-g’avg’olar bor! Bularning barchasi mansabtaloshlik, hokimiyatni egallash maqsadi, partiyaning maqsadi nima? Tabiiyki, hokimiyat. Siyosatni islom diniga qo’shmaslik kerak, davlatimiz dunyoviy davlat deb bosh qonunga yozib qo’yilgan. Mantiqan olganda partiya konstitutsiyaga zid ekan, bunaqa partiyaga hojat yo’q”, - deydi qori.
Tojikistonda rasmiy axborot vositalari keyingi vaqtlarda TIUP a’zolari orasida oshkor qilingan jinoyatlarga ko’p urg’u berishadi. Matbuot ham, televideniye ham har qanday sababki paydo bo’ldi, bunga darhol e’tibor qaratadi.
Islom partiyasi a’zosi Saidmo’min Shoyev buni adolatsizlik deb hisoblab, “nega hukmron partiya a’zolarining jinoyatlari tilga olinmaydi-yu, faqat bizni sobiq a’zolarimizga qo’lini bigiz qilib ko’rsatishadi”, deydi.
Shu o’rinda Islom partiyasining sobiq xotin-qiz a’zolari ham ekstremistik to’dalarga qo’shilib qolayotgani sir emas. Targ’ibot esa zimdan davom etmoqda.
Islom partiyasini yopishga tarafdor bo’lgan, da’vatchilardan biri uyiga kelgani haqida gapirgan o’qituvchi Saodat Normatova unday guruhlardan uzoq turish kerak deb hisoblaydi. Machitda targ’ibot bo’lsa, bu ularning ishi, biz namozimizni uyda o’qiyveramiz, lekin pulga uchmaymiz, deydi u.
“Meni uyimga hijobga kirgan bir ayol kitobcha ko’tarib keldi. Faqat ko’zi ko’rinadi xolos. Bizga qo’shilasangiz dollar maosh beramiz deb, maqsadi bizni shunga kiritish. Man yo’q deb chiqarib yubordim. Masalan, qo’shnimizni kelini ikki o’gil farzandi bilan Rossiyaga ketib, pulni katta beramiz desa ishonib, hozir Pokistonda, Arabistonda yuribti. Gulday qizi onasida qolgan, Tojikiston ayollarini, bolalarini sarson-sargardon qilishdan nima foyda? Bizni jamiyatimizga hozir Islom partiyasi umuman kerak emas, kim yo’q qil degan bo’lsa yaxshi fikr bergan. Yo’q qilish tarafdoriman”, - deydi Saodat.
Sobiq deputat, Hoji G’olibjon Fozilov bugungi rahbariyatdagilarning deyarli barchasi sho’rolar vakili ekanini, eskicha fikrlashini tan oladi. Muhimi, deydi u, odamlar mafkurasini o’zgartirish, bu esa juda murakkab vazifa.
“Biz baribir sovet odamlarimiz, miyamiz, boshimiz sovetniki. Kallani almashtirish kerak, hammadan ham mana shu miyani yangilashga ko’p vaqt ketadi. Hamma masalani tez hal qilish mumkin, lekin mafkurani tez o’zgartirib bo’lmaydi-ku. Hammasiga vaqt kerak”.
Sobiq deputat fikicha, bugungi hukumat ba’zi narsalarda tez va yuzaki qarorlarga keladi. Oqibatda jamiyat tanazzulga yuz tutishi mumkin.
TIUP boshqaruv qo’mitasi a’zosi, yoshlar vakili Ilhom Yoqubovning aytishicha, tepada o’tirganlarning o’z rejasi bor, lekin u rejalar xato fikrlardan kelib chiqqan.
“Yigirma birinchi asrni hujjat va dalillar asri deyishadi. Gapiradigan har kimsa, albatta, dalil va isbot bilan gapirishi lozim. Din davlatdan judo deyishadi-yu, lekin dinni o’zlari siyosatga aralashtirishmoqda, machitlardan foydalanishmoqda, shu to’g’rimi? Qaysiki machit mullasi so’zga chiqsa, siyosatdan gap ochsa, aniqki, hukumatdan topshiriq olgan, buni yosh bola ham tushunadi. Hukumat bizga qarshi barcha resurslarni ishga solmoqda. Ammo, nazarimda, hozir hukumat ham partiyamizni berkitishdan manfaatdor emas, bu gaplar hammasi qutqudan boshqa narsa emas”, - deydi partiya faoli.