Breaking News

Davlat departamenti 2016-yil uchun 50 milliard dollar so'ramoqda, Markaziy Osiyoda qancha sarflanadi?


Prezident Barak Obama taklif etayotgan to'rt trillion dollarlik byudjetda AQShning xorijdagi diplomatik va gumanitar faoliyati uchun 50 milliard dollardan ko'p pul ajratilgan. Biroq bu Mudofaa vazirligi o'zi uchun so'rayotgan pulning 10 foiziga teng xolos.

Tashqi siyosat uchun ko'zlangan moliya byudjetning salkam bir foizini tashkil etadi. AQSh davlat kotibining boshqaruv va resurslar bo'yicha muovini Xezer Xigginbottomning aytishicha, Amerikaning dunyo bo'ylab peshqadamligini ta'minlash va ta'sirini kuchaytirish uchun yetarlicha pul kerak.

“AQSh diplomatiyasi uchun byudjetda aks etgan raqam Amerika xalqining xavfsizligi, farovonligi, qadriyatlariga bevosita ta'sir qiluvchi qator masalalarda faol bo'lishimizni ta'minlaydi”, - deydi rasmiy.

Pulning katta qismi hozirgi vaziyatdan kelib chiqqan holda - xavfsizlikni ta'minlash, ittifoqchilar va hamkor davlatlarga atalgan yordam puli, mojarolarning oldini olish, yadro qurollarining tarqalmasligini ta'minlash va dunyoning turli chekkalaridagi tinchlikparvar missiyalar uchun so'ralmoqda.

Xigginbottomning aytishicha, xavfsizlikka doir favqulodda amaliyotlar uchun qo'shimcha yetti milliard dollar so'ralgan.

“Bu pul Afg'oniston, Pokiston, Iroqdagi muhim dasturlar, "Islomiy davlat"ga qarshi kurash, Suriya va Ukrainadagi mojaro bilan bog'liq xarajatlarni qoplash uchun zarur”, - deydi davlat kotibi muovini.

Xigginbottom o'tgan yilgidan olti foiz ko'p so'ralayotganini eslatadi. Biroq Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashi tahlilchisi Jennifer Xarrisning aytishicha, Mudofaa vazirligi uchun yangi byudjetda bundan 10 baravar ko'p pul ajratilganini hisobga olsak, diplomatiya uchun ancha oz pul so'ralmoqda.

“Go'yoki AQShning dunyodagi eng katta muammolari harbiy bo'lib, qo'shimcha 90 foiz pul qurol, harbiy uskuna xarid qilishga yo'naltirilyapti. Amerika usiz ham harbiy sohada yuksak, bunga qo'shimcha pul ajratish bilan u yanada yuksalmaydi", - deydi ekspert.

Prezident Obama Afg'oniston, Iroq, Suriya va boshqa joylardagi mojarolarni harbiy kuch bilan hal etib bo'lmasligini bir necha bor ta'kidlagan.

Biroq tahlilchi Xarrisning aytishicha, Davlat departamenti byudjetini oshirish bilan ish bitmaydi. Bundan tashqari qo'shimcha pulni Kongress tasdiqlashi kerak, o'tmishda esa qog'ozbozlik va partiyabozlik tufayli ko'p imkoniyatlar boy berilgan.

“Gap pulni qanchaga oshirishda emas, balki uni ishlatishga qo'yilayotgan cheklovlarda", - deydi u.

Byudjet Prezident Obamaning qator tashabbuslarini paysalga solib kelayotgan muxolif respublikachi qonunchilar qarshiligiga uchrashi aniq.

Xo'sh, Markaziy Osiyo va uning atrofidagi davlatlarda AQSh Davlat departamenti qancha sarflamoqchi?

Afg'onistonda 963 million dollar diplomatik faoliyat va xavfsizlik, inshootlar hamda xizmatlar uchun ko'zlangan. Afg'on xalqi va hukumatiga zarur madad ko'rsatish, bu jamiyat taraqqiyotiga hissa qo'shish uchun esa 1,5 milliard dollar berilishi rejalangan. Turli sohalardagi islohotlar va infratuzilmani rivojlantirish asosiy maqsad deya belgilangan.

Qo’shni Pokistonda esa 917 million dollarlik xarajat taxmin qilinmoqda. Bu mablag’ Islomoboddagi elchixona va Karachi, Peshovar hamda Lohurdagi konsulliklar moliyasini o’z ichiga oladi. Qolgani Pokiston jamiyatiga iqtisodiy va ijtimoiy yordam, shuningdek, terrorizmga qarshi kurash yo’lida ketadi.

Markaziy Osiyoda Amerika eng ko’p pulni Qirg’iziston va Tojikistonda sarflashi kutilmoqda.

Qirg’izistondagi xarajatlar bu yilgi 36,3 million dollardan 2016-yilda 45,6 million dollarga chiqadi. Demokratik islohotlar, adliya, inson huquqlari va ta’lim, shuningdek, iqtisodiy taraqqiyotda ko’maklashish maqsad qilingan.

Tojikistonda bu yilgi sarfiyat 21,1 million dollar bo’lsa, kelasi yili 28,4 million dollarni tashkil etadi. Mablag’ chegara xavfsizligi, terrorizm va qoradori savdosiga qarshi kurash, iqtisodiy rivojlanish, ta’lim va qishloq xo’jaligi hamda energetika ta’minotini yaxshilash uchun ketadi.

Qozog’istonda Davlat departamenti bu yili 8,3 million dollar ishlatsa, 2016-yilda xarajat 7,5 million dollarga tushadi.

O’zbekistonda bu yili 6,8 million dollar ketsa, kelasi yil 6,2 million dollar. Turkmanistonda bu yili 4,9 million dollar, kelasi yil 4,5 million dollar.

Moliya ozayib borayotganini AQShning mintaqa bo’yicha yetakchi diplomati Daniel Rozenblum shunday tushuntiradi: “Markaziy Osiyo bilan ishlaydigan odamlar albatta oshsin deydi. Ammo zamonning boshqa talablari ham bor. Dunyo bo’ylab turli inqirozlarga qarshi kurash uchun mablag’ kerak.”.

Pul aynan nimaga sarflanayapti degan savolga Rozenblumning javobi:

“Mablag’ning bir qismi almashinuv dasturlari, ta’lim programmalari uchun ketadi. Chunki biz uchun bu Markaziy Osiyo ahli bilan yaqinlashishning eng ma’qul yo’li. Iqtisodiy yordam, qashshoqlikka qarshi kurash… Bunday loyihalar asosan Tojikiston va Qirg’izistonda. Shuningdek, xavfsizlikni ta’minlash bobida beriladigan ko’mak. Chunki bu o’zaro manfaatlar yo’lida xizmat qiladi.”

Iqtisodiy integratsiya, tranzit, savdo va tijoratni oshirish maqsadida yuritiladigan mintaqaviy loyihalar uchun yana 21,7 million dollar ko'zlangan, joriy yilda esa 16,9 million dollar.

Eslatib o’tamiz, bu Davlat departamenti, ya’ni tashqi ishlar vazirligi byudjeti. Mudofaa vazirligi (Pentagon) xarajatlari alohida beriladi.

Pentagonning 2016-yilgi byudjeti 534 milliard dollardan iborat. Markaziy Osiyoda asosan qoradori savdosi va terrorizmga qarshi kurash, chegara xavfsizligi va harbiy ko’mak uchun millionlab dollar sarflanishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG