Breaking News

AQSh qo'shinlarisiz Afg'oniston zaif, ammo o'zini himoya qilishga shay


Afg'on milliy armiyasi
Afg'on milliy armiyasi

AQSh harbiy qo’mondonlariga ko’ra, Afg’onistondagi maqsadlarga erishilib, belgilangan vazifalar bajarildi. 2015-yilning yanvarida u yerda salkam 11 ming askar qoladi. Afg’oniston xavfsizlik kuchlari hamon zaif, korrupsiya va byudjet taqchilligi hukumat oldidagi eng og’ir muammolar.

“13 yildan ko’proq vaqt o’tib bizning Afg’onistondagi harbiy missiyamiz yakuniga yetdi. Shu oy urushni tugatamiz”, - dedi prezident Barak Obama.

Bu mamlakatdan qaytayotgan harbiylarga prezident minnatdorchilik bildirdi.

AQSh tarixidagi eng davomiy urushda ishtiroki uchun.

NATO qo’shinlari shu oy boshida missiyaga tantanali ravishda nuqta qo’ydi.

Bundan 1,5 yil avval Afg’oniston armiyasi mamlakatni Tolibon xataridan himoya qilishda yetakchilikni o’z zimmasiga olgan edi.

"Ular o’z xalqini mudofaa qilyapti. Muammolar yo’q emas, ularni hal qilishda davom etamiz. Biroq asosiy maqsadga erishdik”, - deydi Pentagon so’zlovchisi kontr-admiral Jon Kirbi.

“Bugungi vaziyat hamda 2002-2003- yillardagi ahvolni qiyoslasak, afg’on zobitlari o’z qobiliyati, malakasi, o’ziga ishonchi va yetakchilikda ilgariga qaraganda ancha ilg’or”, - deydi u.

Ammo Tolibon hujumlari natijasida o’lganlar soni oshib borar ekan, tanqidchilar afg’on qo’shinlari hamon yordamga muhtojligini aytadi.

“Ular mustaqil qarorlar qabul qilishga, yakka o’zi xavfsizlikni ta’minlashga hozircha tayyor emas”, - deydi xavfsizlik bo’yicha mutaxassis Entoni Kordesman.

AQSh Kongressi Afg’onistonni qayta qurish uchun ajratilgan milliardlab dollar mablag’ to’g’ri sarflanayotganini kuzatib borish, isrofgarchilik va qalloblikni bartaraf etish uchun 2008-yilda maxsus idora tuzgan. Uning bosh inspektori Jon Sopko poraxo’rlik va byudjet taqchilligini bosh muammolar deb tilga oladi.

“Afg’oniston bor daromadini xavfsizlik kuchlariga sarflaganida ham xarajatning yarmini qoplay olmagan bo’lardi”, - deydi u.

Kelasi ikki yil davomida AQSh va NATO asosiy e’tiborni boshqaruv va harbiy sohadagi muammolarni hal qilishga qaratadi.

“31-dekabrdan keyin aloqalar to’xtab qolmaydi, birga ishlashda davom etamiz”, - deydi Pentagon rasmiysi.

Yanvardan boshlab Afg’onistonda 10,800 amerikalik askar qoladi. 2016-yilda ularning yarmi va o’sha yil oxiriga borib hammasi Afg’onistonni tark etishi belgilangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG