Afg’oniston prezidenti Ashraf G’ani hafta oxirida Islomobodga tashrif buyuradi. Pokiston rahbariyatiga ko’ra, jangarilarga qarshi kurashda qo’lga kiritilgan yutuqlar hamda Afg’oniston ichki ishlariga aralashmaslik siyosati qo’shni davlat bilan aloqalarni yaxshilashga xizmat qiladi.
Pokiston milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Sartoj Azizning “Amerika Ovozi” bilan suhbatda bayon qilishicha, uning mamlakati so’nggi bir yilda Afg’onistonda tinchlikni targ’ib qilish hamda betaraf ekanini namoyish etish uchun jiddiy qadamlar tashladi.
Yaqinda Kobulda prezident Ashraf G’ani bilan ko’rishganim, shuningdek, Pokiston armiya rahbarining Afg’onistonga safari, deydi Aziz, navbatdagi muzokaralar ham samarali o’tishiga zamin hozirlagan.
“Prezident G’ani munosabatlarni yangi sahifadan boshlaymiz, o’zaro ayblovlarni chetga suramiz va ishonchni tiklaymiz deb o’zi aytdi. Iqtisodiy hamkorlik, savdo-sotiq, xavfsizlik hamda ikki xalqni bir-biriga yaqinlashtirish – yangi rishtalarni ana shular asosida quramiz”, - deydi Pokiston rasmiysi.
Unga ko’ra, Tolibon siyosiy jarayonda qatnashaman desa eshiklar ochiq. Bu harakatning hokimiyatni zo’ravonlik yo’li bilan qo’lga kiritishga urinishlari Pokiston manfaatlariga ham zarba bo’ladi, deydi Sartoj Aziz.
Al-Qoida bilan aloqador Haqqoniy guruhi jangarilari Pokistonning Shimoliy Vaziriston mintaqasida in qo’ygani sir emas. Ana shu masala yuzasidan Afg’oniston va AQSh Islomobod bilan ko’p tortishgan.
Sartoj Aziz Vaziristonda olib borilayotgan harbiy operatsiyalar natijasida ularning bazalari yo’q qilinganini ta’kidlaydi.
“Jangarilar hujum uyushtirishi uchun Vaziristonda ortiq hech qanday infratuzilma qolmagan. Qurollangan to’dalar bir davlatdan turib, ikkinchisiga hamla qilishini bartaraf etishga kelishganmiz. Bu siyosatni ijro etishning ayni vaqti hozir”.
Haqqoniylarga Pokiston armiyasi qattiq zarba bergani, ular Afg’onistonda hujumlar qilish salohiyatidan ayrilganini AQSh qo’mondonlari ham tasdiqlamoqda.
Sartoj Aziz fikricha, Afg’onistonning yangi saylangan rahbarlari tinchlik jarayonini olg’a surish uchun xalq roziligini oldi hisob. Pokiston ham bu jarayonga hissa qo’shishga tayyor. Lekin, deydi rasmiy, Tolibon bizning gapimizga kiradi degan gaplar haqiqatga to’g’ri kelmaydi.
Yaqinda Xitoy mezbonligida o’tgan afg’on konferensiyasida ham Tolibon qurolini tashlab, siyosatga qo’shilsin degan chaqiriqlar yangradi.
“Afg’onistonda fuqarolik urushi davom etishini hech kim istamaydi. Xalqning mojarolardan tinkasi qurigan, ular osoyishta hayot kechirishni xohlaydi. Xitoydagi anjumanning muddaosi shu edi. Umid qilamizki, xalqaro hamjamiyat Afg’onistonga yordamni oshiradi”, - deydi Sartoj Aziz.
Mintaqa bo’yicha ekspert Tomas Rattig Pokiston armiyasi jangarilar bilan kurashda faollashgani hamda prezident Ashraf G’anining tashrifi aloqalarni iliqlashtirishiga ishonadi.
“Afg’onistonda rahbariyat o’zgargani aloqalarni yaxshilash uchun yangi bir imkoniyat. Agar Pokiston haqiqatan yondashuvini o’zgartirsa, Tolibonga yaqin ayrim guruhlarni himoya qilishni bas qilsa, afg’onlar ham ijobiy javob beradi”, - deydi mutaxassis.
Prezident Ashraf G’ani Islomobodga safari chog’ida qisqa, o’rta va uzoq muddatli hamkorlik rejalarini muhokama qilishini aytmoqda. Afg’onistonda tinchlik qaror topishi yo’lida qo’shni davlat hamkorlikka tayyor ekanini bildirmoqda.