Breaking News

Haqqoniy jangarilari Shimoliy Vaziristondan siqib chiqarilgan


Pokistonda Haqqoniy tarmog'i jangarisi
Pokistonda Haqqoniy tarmog'i jangarisi

AQShning Pokiston va Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Jeyms Dobbinsning aytishicha, Pokistonning Shimoliy Vaziristondagi amaliyoti natijasida Haqqoniy tarmog’iga mansub jangarilar qabilaviy hududlardan siqib chiqarilgan. Qo’shma Shtatlar armiya hujumi bois uyini tark etishga majbur bo’lgan aholiga gumanitar yordam berishda davom etadi, deydi Dobbins.

AQSh maxsus vakili Afg’oniston va Pokistonda bo’lib, rasmiylar bilan siyosiy va xavfsizlikka doir masalalar xususida gaplashmoqda. Dobbins Islomoboddagi uchrashuvlarida Pokiston armiyasining Shimoliy Vaziristondagi amaliyoti haqida ma’lumot olgan.

"Operatsiyaning ko’lami keng. Armiya safida talofatlar bor, ammo mahalliy va xorijiy jangarilar ancha odam yo’qotgan. Ayniqsa ko’p afg’on jangarilari halok bo’lgan. Ko’plab qo’lbola bombalar qo’lga tushgan, ularni tayyorlovchi joylar aniqlangan, ayniqsa Mironshohda", - deydi AQSh rasmiysi.

Pokiston armiyasiga ko’ra, shu kungacha Pokiston Toliboniga aloqador 500 dan ziyod jangari va ularning o’zbek hamkorlari halok bo’lgan. Shimoliy Vaziriston ma’muriy markazi Mironshoh va atrofidagi rayonlarning ulardan tozalangani aytilmoqda. Amaliyot paytida 32 askar nobud bo’lgan.

Vaziriston ko’pdan beri al-Qoidaga aloqador Haqqoniy tarmog’i uchun qo’nimgohga aylangan edi. U yerdan turib jangarilar chegara ortida, qo’shni Afg’onistonda xorijiy qo’shinlar va afg’on armiyasiga qarshi xurujlar uyushtirib kelardi.

Haqqoniy tarmog’i Afg’oniston Toliboni bilan hamkorlik qiladi. Ayrim xabarlarga ko’ra, Pokiston razvedkasi ularga dastak berib kelgan va harbiy amaliyot paytida nishonga olinmagan.

Elchi Dobbinsning aytishicha, AQSh nazarida Haqqoniy tarmog’i ham Shimoliy Vaziristondan siqib chiqarilgan.

"Ular bu yerga qaytib keladimi yoki Pokistonning boshqa joyiga o’rnashadimi, bilmadik. Hukumat ularning qaytishiga yoki mamlakatning boshqa joyga ko’chishiga imkon bermasligini aytib, bizni ishontirdi. Biz buni tekshiramiz, albatta", - deydi Dobbins.

AQSh maxsus vakilining bildirishicha, harbiy operatsiya oqibatida Shimoliy Vaziriston aholisining deyarli bari hududni tark etgan. Qo’shma Shtatlar ularni gumanitar yordam bilan ta’minlamoqda. Harbiy amaliyot tugagach esa ularga qayta qurish ishlarida yordam beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG