Breaking News

Pokiston: Vaziristondagi terroristlarni bitta qoldirmay qiramiz


Pokiston armiyasiga ko’ra, xalqaro terrorizm o’chog’i hisoblanmish Shimoliy Vaziristonda jangarilarga qarshi harbiy amaliyotlar rejadagidek davom etayapti.

Pokiston: Vaziristondagi terroristlarni bitta qoldirmay qiramiz/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:40 0:00
Yuklab oling

Al-Qoidaning xorijiy agentlari, shuningdek, Sharqiy Turkiston islomiy harakati va O’zbekiston islomiy harakati kabi terror tizimlari bu yerda qo’nim topgani bizga ma’lum, deydi harbiylar.

Shimoliy Vaziristonda maxsus operatsiyalar boshlanganiga bir oy to’lishi munosabati bilan Pokiston armiyasi bir guruh jurnalistlarni mintaqa markazi Mironshoh shahriga taklif etdi.

General Zafarulla Xonning aytishicha, shu kungacha jangarilarga qaqshatqich zarba berilgan, maqsad esa butun Vaziriston ustidan nazorat o’rnatish.

“Pokistonning bu hududi barcha terror guruhlari uchun kommunikatsiya va logistika markazi bo’lib xizmat qilayotgani shubhasiz. Ham mahalliy, ham xorijiy terroristlar katta sonda faoliyat olib boradi. Vaziriston, shuningdek, yoshlarni suiqasd hujumlariga tayyorlovchi joy”, - deydi qo’mondon.

Operatsiyaga ancha vaqt tayyorgarlik ko’rilgan. Iyun oyida Pokiston havo kuchlari mintaqani havodan bombardimon qila boshladi. Natijada 800 ming aholi qo’shni shaharlarga bosh olib ketdi va gumanitar inqirozga sabab bo’ldi.

General Xon so’zlariga ko’ra, Mironshoh ekstremistlardan deyarli tozalangan bo’lsa-da, zobitlar oldinga siljishi uchun hududni qo’lbola bomba va minalardan tozalash kerak bo’ladi. Bu yerda portlovchi vositalarni tayyorlaydigan o’nlab laboratoriya va tunnellar tizimi, qurol omborlari va matbuot uchun videofilmlar tayyorlovchi markaz topilgan.

“Oldimizda turgan vazifa shunchalik murakkabki, Mironshoh shahrini minalardan tozalash uchun ancha vaqt kerak. 1,5 kilometr masofada 23 tonna mina ko’milgan”, - deydi harbiy.

Tanqidchilar nazarida armiya hujumga o’tishini ovoza qilgani sabab jangarilarning katta qismi qochishga ulgurdi.

General Zafarulla Xonning javobi shuki, qabilaviy hududlarda o’tkazilgan avvalgi operatsiyalardan saboq olgan holda bu safar Vaziriston butkul o’rab olindi, aloqa kanallari uzildi va shu bois jangarilar katta sonda qochishi amri mahol.

Qo’mondonlar shu kungacha havo hujumlaridan tinch aholi talofat ko’rmaganini ham da’vo qilmoqda. Ammo bu bayonotni mustaqil ravishda tekshirishning iloji yo’q. O’tgan bir oyda o’ldirilgan terrorchilar soni va chegarani kesib Afg’onistonga qochganlari to’g’risida ham ma’lumotlar mavjud emas.

Matbuot anjumani ketidan jurnalistlarga Mironshoh ko’chalari va bozorini ko’rsatishdi. Odatda hayot qaynab turadigan shahar bugun bo’m-bo’sh. Aksar do’konlar yarim ochiq holda tashlab ketilgani odamlar jon hovuchlab qochganini ko’rsatadi.

Muxbirimiz Ayoz Gulning xabar berishicha, Shimoliy Vaziristonda al-Qoida va Haqqoniylar terror tizimi, shuningdek, Sharqiy Turkiston va O’zbekiston islomiy harakatlari qaror topgan.

Haqqoniylar o’tmishda AQSh va NATO kuchlariga qarshi yirik hujumlar uyushtirgan, biroq Pokiston hukumati bu guruhga nisbatan chora ko’rmaslikda tanqid qilinardi. Gumon shuki, mamlakat razvedkasining ular bilan aloqasi bor.

Muxbirlar oldida so’zlagan general Asim Bajva terroristlar qaysi millat va guruhga mansub bo’lishidan qat’i nazar nishonga olinayotganini ta’kidladi. “Pokiston sarhadlari ular uchun yopiq”, - deydi u.

Uy-joyini tashlab ketgan minglab odamlar qachon qayta olishi ma’lum emas. Harbiy operatsiyani yakunlash muhlati belgilanmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG