Breaking News

Afg'oniston yangi prezidenti jangarilarni muloqotga chaqirdi


Afg'oniston yangi Prezidenti Ashraf G'ani (o'ngda) va Bosh vaziri Abdulla Abdulla qasamyod keltirmoqda, Kobul, 29-sentabr, 2014-yil
Afg'oniston yangi Prezidenti Ashraf G'ani (o'ngda) va Bosh vaziri Abdulla Abdulla qasamyod keltirmoqda, Kobul, 29-sentabr, 2014-yil

AQSh rasmiylariga ko'ra, ertaga Afg'oniston bilan xavfsizlik bitimi imzolanishi kutilmoqda. Hujjat Amerikaga 2014-yildan so'ng mamlakatda 10 ming harbiysini qoldirishga ruxsat beradi. Avvalgi Prezident Hamid Karzay bitimni imzolashdan bosh tortgan edi, ammo saylovlarda g'alaba qigan Ashraf G'ani bu ishni oxirigacha yetkazmoqchi. Bugun Kobulda G'ani qasamyod keltirdi.

Shaharda xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Ayrim davlatlardan rahbarlar va diniy yetakchilar tadbirda qatnashdi. G'anining saylovlardagi asosiy raqibi Abdulla Abdulla bosh vazir sifatida qasamyod keltirdi. Bu yangi lavozim. Abdulla saylovda kam ovoz olgani bilan mag'lub bo'lganini tan olmayotgan edi. Shundan so'ng tomonlar muzokara qilib, ikki raqib mamlakatni birga boshqarishga kelishib oldi.

Xavfsizlik choralariga qaramay bugungi kun ham zo'ravonliksiz o'tmadi. Kobul aeroporti yonida Tolibon suiqasd xuruji uyushtirib, kamida to'rt odam o'lgan.

Sobiq Prezident Hamid Karzay ma'muriyatida ikki yil moliya vaziri bo'lib ishlagan Ashraf G'ani Tolibonni tinchlikka, mamlakat kelajagi yuzasidan o'zaro muloqotga da'vat etdi.

"Siyosiy qarama-qarshiliklarni qurol bilan hal qilib bo'lmaydi. Siyosiy muzokara yo'lidan borish kerak. Hukumatga muxolif bo'lgan barchani va, ayniqsa, Tolibon va Hizbi Islomiy harakatlarini siyosiy muloqotda ishtirok etishga da'vat etaman", - dedi Ashraf G'ani qasamyod marosimida.

Tadbirda qo'shni Pokistondan Prezident Mamnun Husayn, AQShdan esa Barak Obamaning maslahatchisi Jon Podesta ishtirok etdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG