Breaking News

Ashraf G'ani Afg'oniston iqtisodiyotini tiklashda Xitoy yordamiga ko'z tikmoqda


Afg'oniston Prezidenti Hamid Karzay (chapda) Xitoy davlat rahbari Si Zinpin bilan, Pekin, 28-oktabr, 2014-yil.
Afg'oniston Prezidenti Hamid Karzay (chapda) Xitoy davlat rahbari Si Zinpin bilan, Pekin, 28-oktabr, 2014-yil.

Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'anining Xitoyga uyushtirgan rasmiy tashrifi davomida tomonlar uzoq muddatli hamkorlikni davom ettirish bo'yicha kelishib olgan.

Xalqaro kuchlar yil oxirigacha mamlakatni tark etishi kutilar ekan, Kobul Xitoyning moliyaviy va diplomatik qo'llab-quvvatlovi asosida iqtisodiyot va xavfsizlikka oid vaziyatni o'nglash niyatida.

Afg'onistonning Pokistondagi elchisi Janan Musazoyning aytishicha, Xitoy Afg'onistonga eng ko'p sarmoya kiritgan davlatdir.

"O'tgan 13 yil davomida Xitoy bilan yaqin va uzoq muddatni ko'zlovchi hamkorlikni yo'lga qo'ydik. Kelayotgan yillar har ikki davlat bu aloqalarni yanada rivojlantirishdan manfaatdor. Prezident Ashraf G'ani Ahmadzoyning Pekinga davlat tashrifi ham shu maqsadda amalga oshirildi", - dedi elchi Musazoy.

Xitoy shu paytgacha Afg'oniston ichki ishlariga aralashishdan o'zini tiyib, asosan, mamlakatning tabiiy va energiya zaxiralariga sarmoya yotqizish bilan cheklangan. Xitoyliklar hozirgacha 7,5 mlrd. dollarlik sarmoya kiritgan bo'lib, kelajakda bu miqdorni yanada oshirishni ko'zlamoqda.

So'nggi yillarda Pekin Afg'oniston bilan munosabatlariga alohida e'tibor qaratib, o'zaro aloqalarni kuchaytirish maqsadida Kobulga maxsus vakilini jo'natgan.

Xitoyning Pokistondagi elchisi Sun Veydongning aytishicha, Afg'onistondagi siyosiy barqarorlik Pekin uchun muhim ahamiyatga ega.

31-oktabr kuni Xitoy "Osiyoning yuragi Istanbul" konferensiyasiga mezbonlik qiladi. Anjumanda mintaqa davlatlari yig'ilib, Afg'oniston istiqbolini muhokama qilishi kutilmoqda.

Xitoy Afg'onistondagi beqarorlik Shinjonda ekstremizmning kuchayishiga turtki berishi mumkinligidan xavotirda. Pekin da'vosiga ko'ra, uyg'ur ayirmachilari xorijlik terror guruhlari bilan aloqada.

Kobul, o'z navbatida, Xitoyning Pokistonga ta'sir ko'rsatib, Tolibon bilan tinchlik muzokaralarini boshlashda bilvosita vositachilik qilishiga umid qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG