Breaking News

Afg’oniston g’aznasida maoshlarni to’lashga pul yo’q


Uzoq siyosiy tortishuvlardan so’ng Afg’onistonda nihoyat yangi prezident ish boshladi, Qo’shma Shtatlar bilan xavfsizlik kelishuvi imzolandi. Yangi hukumat oldida chuqur iqtisodiy va xavfsizlik bilan bog’liq muammolar yotibdi.

Afg’oniston g’aznasida maoshlarni to’lashga pul yo’q/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:16 0:00
Yuklab oling

Xavfsizlik kelishuviga ko’ra, mahalliy armiyani oyoqqa turg’izish uchun AQSh va NATO Afg’onistonda 12 ming askarini qoldiradi. Al-Qoidaga qarshi amaliyotlar ham davom etadi.

Hujjat Ashraf G’ani prezidentlik qasamyodini keltirganidan bir kun o’tib imzolandi.

“Biz bu kelishuvga mustaqil davlat sifatida, milliy manfaatlarimizdan kelib chiqib qo’l qo’ydik. Xalqimiz ravnaqi, mamlakatimiz barqarorligi uchun xizmat qiladi”, - deydi prezident.

O’tgan kunlar ichida Kobulda ro’y bergan portlashlar, davlat xizmatchilari va harbiylar nishonga olinayotgani ahvol naqadar og’ir ekanidan dalolat. Tahlilchi Endryu Vaylderning aytishicha:

“Xavfsizlik butunlay izdan chiqqan. Yangi hukumat ishga kirishishi bilan Afg’onistonga siyosiy barqarorlik, tinchlik qaytadi degan umid bor”.

Kuzatuvchilarga ko’ra, Suriya va Iroqda ekstremistlarga qarshi kampaniyani afg’onlar diqqat bilan kuzatyapti. 2003-yilda AQSh Iroqqa bostirib kirishi bilan Afg’oniston masalasi chetda qolib ketgani hammaga ma’lum.

So’nggi oylarda Tolibon Kobul va boshqa shaharlarda qonli hujumlar qildi.

Afg’on armiyasi safida talofatlar oshib borar ekan, treninglar qanchalik yordam berayapti, ular vatanni himoya qila oladimi, degan savollar bot-bot yangraydi. Xorijiy askarlar qolayotgani ijobiy xabar, deydi mana bu fuqaro.

“Afg’oniston turli sohalarda yuzlashib turgan qiyinchiliklarni hisobga olsak, Amerika bilan imzolangan kelishuvni juda zarur deb bilaman”, - deydi Muhammad Akbar.

Afg’oniston tinchligi va taraqqiyoti qo’shnilar bilan munosabatlarga ham bog’liq, ayniqsa Pokiston bilan. Janon Musazoy - Islomobodda elchi.

“Yangi hukumatimiz terrorizmga qarshi kurashda yaqinroq hamkorlik istaydi. Pokiston bilan aloqalarda shunga e’tibor qaratamiz”, - deydi u.

Afg’oniston iqtisodiyoti ham xarob ahvolda. Davlat xizmatchilariga maoshlar kechiktirilib, AQShdan yarim milliard dollar yordam so’ralmoqda. Tahlilchi Endryu Vaylderning aytishicha, korrupsiya va qoradori savdosi keng tarqalgan.

“Maoshlarni vaqtida to’lay olmaydigan, aholini maishiy xizmatlar bilan ta’minlay olmaydigan hukumatga xalq ishonmay qo’yadi. Iqtisod birlamchi masala”, - deydi Endryu Vaylder.

Prezident Ashraf G’ani Tolibonni muzokaraga chorlayapti. Lekin, deydi u, ushbu taklif zaiflik alomati deb ko’rilmasligi kerak. G’arb davlatlari 2017-yilgacha afg’on xavfsizlik kuchlarini moliyalashga va’da bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG