Breaking News

Obama prezidentligining so’nggi ikki yilida nimani uddalaydi?


Xalqaro sahnada va AQShning o’zida qator muammolarni hal qilishga urinayotgan prezident Barak Obamaning ishi yanvardan boshlab yanada qiyinlashadi, chunki Kongressda raqib partiya – respublikachilar endi ko’pchillik.

Obama so’nggi ikki yilida nimani uddalaydi?/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:40 0:00

Ikki yirik partiya deyarli hech bir masalada kelisha olmaydi. Xo’sh, Obama prezidentligining so’nggi ikki yili qanday o’tadi?

4-noyabrdagi saylovda xalq prezidentdan norozi ekanini ochiq bildirdi. Uning partiyasi Senatda nazoratni qo’ldan boy berdi. Kongressda endi respublikachilar hukmron.

Saylov natijalari e’lon qilingach, prezident Obama muxbirlar bilan uchrashdi. “Kelasi ikki yilda nima qilmoqchisiz, siz muhim hisoblagan ayrim tashabbuslar ro’yobga chiqishiga ishonasizmi” degan savollarga javob berdi.

“Bo’lajak siyosiy poygalarda qatnashish niyatim yo’q, byulletenlarda ismimni ko’rmaysiz”, deydi Obama. “Kelasi ikki yilda men uchun eng muhimi – xalq turmushini yaxshilash uchun qo’ldan kelgancha harakat qilish”.

Kun tartibidagi asosiy masalalar – ishsizlik, tibbiy sug’urta, soliqlar, savdo, sarmoya va byudjet.

Obama ma’muriyatida ishlagan Karmel Martinning qayd etishicha, mamlakat chuqur inqirozdan chiqib oldi. So’nggi to’rt yildan beri odamlarni ish bilan ta’minlash sur’ati oshib borayapti. 10 million yangi ish o’rinlari yaratilgan. Ishsizlik so’nggi 6 yil ichida eng past darajada. Iqtisod prioritet bo’lib qolaveradi.

Ammo shuncha ishlar qilingan bo’lsa, yangi yil oldidan nega prezidentning xalq orasidagi reytingi past?

Amerika universitetidan tarixchi professor Alan Lixtmanning aytishicha, iqtisodiyot o’sishdan to’xtagani yo’q. Mamlakatda ahvol nisbatan yaxshi, lekin xalq baribir norozi. Ba’zida o’ylaymanki, amerikaliklar o’zi prezidentdan nihoyatda ko’p narsa kutishadi, deydi u.

Lekin amaliy ishlarga kelganda, deydi ekspert, reytinglar shunchaki bir raqam xolos. Kelasi yili ikki partiya o’rtasida siyosiy keskinlik yanada avj oladi. 2015-2016 yillarda Obama uchun Kongressdagi kuchli qarshilikni chetlab o’tishning bir yo’li – o’z vakolati doirasida farmonlar imzolash.

“Obama Xitoy bilan iqlim o’zgarishi bo’yicha kelishuvga erisha oldi. Pekin shu paytgacha bu haqda hatto gaplashishni istamagan. Endi Eronning yadroviy dasturi yuzasidan ham murosa qila olsak, yana bir yirik siyosiy g’alaba bo’lardi. Bu xuddi Isroil va Misrni yarashtirgan kelishuvdek katta ahamiyatga ega”, - deydi Alan Lixtman.

Tahlilchilar fikricha, Barak Obama kelasi ikki yilda ancha o’zgarishlar qilish imkoniyatiga ega, ayniqsa tashqi siyosat bobida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG