Qo’shma Shtatlar O’zbekistonga katta miqdorda harbiy yordam uzatmoqda. AQSh Davlat departamentida Markaziy Osiyo bilan aloqalarga mas’ul diplomat Daniel Rosenblum "Amerika Ovozi" bilan suhbatda buni tasdiqladi. O’zbekistonda yaqinlashayotgan prezident saylovlari, AQSh strategiyasi, yangi elchi, inson huquqlari va demokratiya targ’iboti va Markaziy Osiyodagi manfaat va maqsadlar… Muloqotda bu borada ham gap ketdi.
- Janob Rosenblum, avvalo, aytingchi, Amerika rostdan ham O’zbekistonga harbiy mashinalar, bronetransportyorlar, uzatayaptimi? Qo’limizdagi ma’lumotlarga ko’ra, O’zbekistonga 308 dona bronetransportyor, MRAP rusumidagi zirhli mashina, va 20 dona zirhli remont-evakuatsiya mashinasi berilayapti, shundaymi?
Rosenblum: Ha, shunday. AQSh O’zbekistonni, siz aytganingizdek, 308 MRAP va 20 harbiy yordamchi mashina bilan ta’minlamoqda. Qo’shma Shtatlar qurolli kuchlariga keraksiz deb topilgan vositalar maxsus dastur orqali hamkor davlatlarga hadya qilinadi. Lekin bu uzun va murakkab jarayon. Chunki avvalo Amerika bu vositalarga muhtoj emasligi aniqlanadi, keyin boshqa davlatga nima uchun zarurligi ko’rib chiqiladi, tahdid va mintaqaviy muvozanat masalasini o’rganib chiqamiz. Ana undan keyingina biror qarorga kelinadi.
- O’zbekistonga, sizningcha, bu vositalar nega kerak?
Rosenblum: Bizning xulosamiz shuki, O’zbekiston ulardan terrorizm va qoradori savdosiga qarshi kurashda foydalanadi. Ularni biz O’zbekiston Mudofaa vazirligiga topshirayapmiz va bu mashinalarni faqat shu vazirlik ishlatishi shart. Ular mudofaa bilan bog’liq texnika. O’ldirish quroli emas. Portlovchi moddalar va minalar bo’lishi mumkin bo’lgan joylarda harbiylar, ishchi va yo’lovchilar hayotini saqlash uchun qo’llaniladi. Aynan shularni nazarda tutgan holda, ya’ni terrorizm va narkotrafikka qarshi kurash yo’lida ularni O’zbekistonga berishni ma’qul tipdik.
- Hajmiga qarab, bu yordam Markaziy Osiyoga Amerikadan shu kungacha berilgan eng katta ko’mak deyish mumkin. [Yangiligida har bir MRAP 1 million dollar, remont-evakuatsiya mashinasi esa 2 million dollar]. Qo’shni davlatlar biladimi? Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikiston singari davlatlar, masalan. Bu mashinalarni yetkazib berish ham bir necha bosqichli jarayon, to’g’rimi?
Rosenblum: Judayam… O’tgan dekabrdan yetkaza boshladik. Bir necha oy vaqt ketadi. Amerika harbiylariga kerak bo’lmagan jihoz qay holda va qayerda bo’lsa, shundayligicha uzatiladi. Bu yordamning sharti shu. Vosita qanday bo’lsa, shunday beramiz. Albatta ishlatishga yaroqli bo’lishi kerak. Mashinalar turli joylarda turgan bo’lishi mumkin. Birortasi Afg’onistondan kelmayapti. Bilaman, ayrimlar shunday deb o’ylaydi. Bu texnika Afg’onistondan olib chiqilmayapti.
- Demak, AQSh ularni Markaziy Osiyodan olib o’tayotib, ayrimlar tasavvur qilganidek, vagondan tashlayotgani yo’q? (Kulgi)
Rosenblum: Yo’q, unday emas. (Kulgi). Qo’shnilar haqidagi savolingizga javobim: biz Markaziy Osiyoda hammaga bunday yordam imkoniyatini taklif qildik. Tojikiston va Qozog’iston qiziqish bildirgan. Hozir bu masalani ko’rib chiqayapmiz. Oshkora ish yuritamiz, qo’shnilar bu borada biladi.
- Deylik, bu vositalar Amerikadan olib chiqilayotgan bo’lsa, kim to’laydi transport uchun?
Rosenblum: Ayrimlari Amerikada edi, qolgani chet elda. Transport uchun ularni olayotgan tomon to’laydi. Aytganimdek, texnika qayerda va qay ahvolda bo’lsa, shunday ketadi. O’zbekistonga kerakmi ular, demak, O’zbekiston to’laydi yo’lkirani.
- Bu texnikaning belgilangan maqsad yo’lida ishlatilishini ta’minlovchi biror mexanizm bormi?
Rosenblum: Bu ish AQSh Mudofaa vazirligi bo’ynida. Chunki vositalar ulardan borayapti. Ko’zlangan maqsadda ishlatilayotganini ular tekshirib turadi. Buni ta’minlovchi tizim azaldan bor.
- Demak, O’zbekistondan tashqari hech kim Markaziy Osiyoda hali bunday ko’mak olmagan?
Rosenblum: Hozircha… Mintaqaga oldin bunday ko’mak yetkazilgan bo’lishi mumkin, lekin ayni paytda faqat O’zbekiston olmoqda. Aytganimdek, qo’shnilar bilan ham bu borada gaplashayapmiz.
- Ayrimlar sizni zolim tuzumni hamkorlik uchun mukofotlayotganlikda ayblasa, boshqalar nazarida xavfsizlik bobida yaqindan ishlab, yangi imkoniyatlar ochmoqchisiz, hamkorlikni kengaytirmoqchisiz. O’z pozitsiyangizni tushuntiring. Muddao nima?
Rosenblum: O’zbekiston va butun Markaziy Osiyo bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Har jihatdan yaqindan ishlashni xohlaymiz. Terrorizmga qarshi kurash va boshqa tahdidlarning oldini olish, xavfni birgalikda yengish… Buning uchun O’zbekistondek davlatlar bilan ishlash kerak. Shu bilan birga, biz nafaqat mintaqa balki global maydonda, demokratik taraqqiyot va inson huquqlarini e’zozlash tarafdorimiz. Bu bizning qadriyatlarimiz va eng muhimi, uzoq muddatda barqarorlikni ta’minlovchi omillar o’zi shulardir. Shu bois O’zbekiston hukumati bilan huquq va demokratiya bobida ham, xavfsizlik yo’lida ham mustahkam rishtalarga ega bo’lishni istaymiz va shunga harakat qilayapmiz.
- Inson huquqlari va demokratiya targ’ibotida “mustahkam” rishta deganda nimani nazarda tutayapsiz?
Rosenblum: Masalan, yaqinda, ya’ni o’tgan dekabr oyining boshida Toshkentda yillik maslahat kengashida qator nozik masalalar xususida gaplashib oldik. Qamoqxonalardagi vaziyat, mahbuslarga munosabat, fuqaro jamiyati va matbuot erkinlligi, mehnat huquqlari va paxta terimi bilan bog’liq muammolar, shuningdek, diniy erkinlik masalasi. O’zbekiston hukumatiga o’z fikr-qarashlarimizni obdon izhor etdik. Bundan tashqari yana bir tadbir tashkil etdik. Unda 6-7 nohukumat tashkilot vakillari, O’zbekiston rasmiylari, jumladan Ichki ishlar vazirligi vakillari va aynaq qamoqxonalar uchun mas’ul odamlar, qolaversa, AQSh mulozimlari ishtirok etdi. Asosiy mavzu qamoqxonalardagi ahvol bo’ldi. Masalaning nozik jihatlarini muhokama qildik. Xullas, diplomatiya va mana shunday muloqotlar hamda yillik hisobotlarimiz, xususan inson huquqlari, diniy erkinlik, inson savdosi haqidagi tahlilnomalarimiz orqali o’z munosabatimizni bildirib, tavsiyalar berib, mavjud muammolarga e’tibor qaratishda davom etamiz.
- Lekin Amerika hukumati bu ishni anchadan beri qilib kelmoqda. Huquq masalasini ilk bor ko’targaningiz yo’q. Samara nimada? O’zbekiston hukumatininig pozitsiyasi o’zgardi deya olasizmi? Uning yondashuvini qanday baholaysiz? Qanchalik jiddiy gaplashadi siz bilan bu borada?
Rosenblum: Bu borada baho berishni istamagan bo’lardim. Lekin shini aniq ayta olamanki, O’zbekiston hukumati kamchiliklarni jiddiy muhokama qila oladi. Har doim ham fikrimiz bir joydan chiqmaydi. “Yo’q, biz boshqacha fikrdamiz” deb aytishadi. Biroq o’zgacha fikrni eshitishga moyil. Muhokamaga kelgan tashkilotlarning ayrimlari hukumat bilan ishlaydi, boshqalari uni tanqid qilib tanilgan.
- Bundaylar, bilasiz, ko’p emas mamlakat ichida.
Rosenblum: To’g’ri, lekin bor va baralla gapira olayapti. [Asosan o’sha tadbirda qatnashgan Ezgulik inson huquqlari jamiyati nazarda tutilmoqda] Ularning gaplariga qarab, masala bilan jiddiy shug’ullanayotganini ko’rish mumkin. Lekin haq gap - samara nima, shuncha gapdan nima foyda? Konkret o’zgarishlar qilish kerak. Biz imkon qadar shunga undayapmiz.
- Markaziy Osiyoga nisbatan yangi strategiya qabul qilingan. U nimasi bilan yangi?
Rosenblum: Qisqacha tasvirlab berish oson emas, lekin harakat qilaman. Birinchidan, Markaziy Osiyo taraqqiyotidan Amerika faqat foyda ko’radi. Afg’oniston barqarorligi biz uchun qanchalik muhim bo’lmasin, manfaatlarimiz undanda ko’p narsani o’z ichiga oladi. Yevropa va sharqni bog’lab turuvchi mintaqa tinchligi, energetik zaxiralar va iqtisodiy imkoniyatlar... Region iqtisodiy jihatdan rivojlangan sari dunyo ham shunchalik foyda ko’ra boshlaydi. Terrorizm, qoradori va ommaviy qirg’in qurollari singari balolardan xoli bo’lsin, deymiz. Odamlar uchun iqtisodiy imkoniyatlar kengayishini xohlaymiz, toki mahalliy aholi ish izlab chet elda sarson bo’lmasin. Bu barqarorlik uchun juda muhim omil. Ichki vaziyat va islohotlar talabini ham tan olamiz - O’zbekiston va atrofdagi davlatlarning hammasida. Siyosiy islohotlar zarur, inson huquqlari ta’minoti – bu masalalar juda dolzarb. Yangi strategiyamizda shularning hammasi qayd etiladi va maqsadlarimizni qanday amalga oshirish xususida turli g’oyalar bor.
- Inson huquqlari va demokratiya targ’iboti qay darajada unda?
Rosenblum: Uning markazida albatta. Biroq biz bir masalani ikkinchisidan yuqori qo’ymaslikka harakat qilamiz. Ularni qiyoslashni ma’qul ko’rmaymiz. Huquq va erkinlik targ’iboti hamda boshqa maqsadlarni bir paytda amalga oshirish mumkin. Ishonamiz bunday qila olishimizga.
- Bu strategiyaga asosan, mintaqa uchun mablag’ oshadimi yo kamayadimi?
Rosenblum: Markaziy Osiyo bilan ishlaydigan odamlar albatta oshsin deydi. Ammo zamonning boshqa talablari ham bor. Dunyo bo’ylab turli inqirozlarga qarshi kurash uchun ham mablag’ kerak. Sarf-xarajat oshayotgani yo’q. Shu bois mintaqadagi maqsadlar yo’lida ajratiladigan moliyada yangilik bo’lmasa kerak. Biroq mavjud loyihalar uchun pul kamaymasa kerak degan umiddamiz.
- Aynan nimaga sarflanayapti pul?
Rosenblum: Mablag’ning bir qismi almashinuv dasturlari, ta’lim programmalari uchun ketadi. Chunki biz uchun bu Markaziy Osiyo ahli bilan yaqinlashishning eng ma’qul yo’li. Iqtisodiy yordam, qashshoqlikka qarshi kurash… Bunday loyihalar asosan Tojikiston va Qirg’izistonda. Shuningdek, xavfsizlikni ta’minlash bobida beriladigan ko’mak. Chunki bu o’zaro manfaatlar yo’lida xizmat qiladi.
- O’zbekistonda yaqinda o’tgan parlament saylovlari haqida qanday fikrdasiz? Davlat departamenti hech qanday munosabat bildirmadi. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Inson huquqlari va demokratiya bo’yicha idorasi saylovni cheklangan miqyosda kuzatdi. Xulosasi shuki, O’zbekistonda saylovchi tanlash imkoniyatiga ega emas, ya’ni saylov tanlov emas. Sizning xulosangiz nima?
Rosenblum: Biz ham Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Inson huquqlari va demokratiya bo’yicha idorasi xulosalariga qo’shilamiz. Saylovni tashkil etish bobida ayrim ijobiy o’zgarishlar bor, biroq tanlash va bellashish imkoniyatlari cheklangan. Har bir saylov oldingisidan yaxshiroq kechishini xohlaymiz. O’zbekistonda saylov haqiqiy saylov bo’lishi uchun hali ko’p ishlar qilinishi kerak.
- Prezident saylov kampaniyasi boshlangan. AQSh bu borada nima deydi? O’zbekistonga biror gapi bormi?
Rosenblum: Ochig’i, bu borada biror narsa demoqchi emasmiz. Jarayonni yaqindan kuzatamiz. Prezident Karimov qayta saylanish uchun rasman nomzod ekani ma’lum va shunisi aniqki, uning saylanish ehtimoli ham yuqori.
- To’rt nomzod bor… Kim g’olib chiqishini oldindan ayta olasizmi?! (Kulgi)
Rosenblum: Bu haqda bashorat qilmaymiz. (Kulgi) Lekin saylovlarni ko’zdan qochirmaymiz. Haqiqat shuki, O’zbekistonda hokimiyatga kim saylansa, o’sha tomon bilan ishlashga tayyormiz. O’z manfaatlarimiz, o’zaro manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda, harakat qilaveramiz.
- Tojikistonda ham parlament saylovlari yaqinlashmoqda. Bu xalqqa ham shuni aytgan bo’larmidingiz?
Rosenblum: Ha, shu. Tojikistondagi saylovni ham Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Inson huquqlari va demokratiya bo’yicha idorasi kuzatadi. Biz bu tashkilot a’zosi sifatida o’z hissamizni qo’shamiz… Tojikistonda muxolif partiyalar parlamentga saylanish harakatida. U yerda ham erkin va adolatli saylovlar tarafdorimiz.
- O’zbekiston, Qozog’iston, Turkmaniston va Qirg’izistonda elchilarni yangilayapsiz. Ular qanday yangi maqsadlar bilan ish boshlamoqda? Yangi elchilar nima yangilik qilar ekan deb o’ylanayotganlar bor.
Rosenblum: Biror jiddiy o’zgarish bo’lmaydi. Elchilar prezident, davlat kotibi va hukumat belgilagan maqsadlarni olg’a suradi. Hammasi tajribali diplomatlar. Ostonadagi yangi elchi (Jorj) Krol va Toshkentdagi yangi elchi (Pamela) Spratlen mintaqaga tanish, [O’zbekiston va Qirg’izistonda] uch yillik xizmatni yakunlab, boshqa davlatlarga o’tishdi. Ashgabatdagi yangi elchi Alan Mastard ham sobiq sovet hududida uzoq yillik malakaga ega. Moskvada ishlagan, Turkmanistonga 1979-yildayoq borgan, AQSh Axborot agentligida ishlab yurganida. Bu diplomatlar AQSh siyosiy maqsadlarini juda yaxshi biladi. Har biri o’z vazifasini sidqidildan bajara olishiga shubha yo’q. Albatta elchining shaxsiyatida ham gap ko’p, o’ziga xos insonlar, biroq aloqalarda va strategiyada jiddiy o’zgarish bo’lmaydi.
- Suhbat uchun rahmat!
Rosenblum: Bajonidil.