Breaking News

Markaziy Osiyoda yoshlar o'z kelajagini siyosatda emas, biznesda ko'radi


Almati, Qozog'iston
Almati, Qozog'iston

Vashingtondagi Jons Xopkins universitetida bu yilgi Ramsfeld stipendiatlari (Rumsfeld fellows) bilan uchrashuv o’tdi. Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlarining bo’lg’usi liderlari sifatida ko’rilayotgan mutaxassislarning aksariyati xususiy sektorda ishlaydi. Hukumatga kirishga ko’p ham xohishi yo’q. Mintaqada o’sib kelayotgan, xorijda o’qib malaka oshirgan avlod nima sababdan vatanda boshqaruvga qiziqmaydi?

Markaziy Osiyoda yosh liderlar biznesni tanlab, hukumatni chetlab o'tayapti-Nasiba Tohir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:45 0:00

Jons Xopkins universitetidagi anjumanda “Markaziy Osiyo va Kavkazda yetishib kelayotgan liderlar” (Rising leadership generation in Central Asia and Caucasus) mavzusi ko’tarildi. Qatnashchilar Ramsfeld jamg’armasining bu yilgi 10 nafar stipendiati, ko’pi hanuz totalitar tuzumlar iskanjasida qolayotgan Afg’oniston, Armaniston, Gruziya, Qozog’iston, Qirg’iziston, Mongoliya, Turkmaniston va O’zbekistonda ulg’ayib kelayotgan mutaxassislar. (Stipendiatlarning ro'yxati va tarjimai holi)

Bir necha haftalik safar paytida ular Amerika hukumati, Kongress, biznes, tahlil institutlari, matbuot va universitetlarda bo’ldi. Vashington qanday ishlashi, fikrlashi, siyosiy qarorlar qanday qabul qilinishi va bu jarayonga ta’sir qiluvchi kuchlar bilan tanishdi.

Ramsfeld jamg’armasi olib kelgan bu mutaxassislardan vatanlariga erkin iqtisodiyot, erkin siyosat, demokratik boshqaruv, qonun ustuvorligi, inson huquqlari haqida tasavvur va tajribalarini oshirib qaytishlari kutiladi.

Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari, jumladan, O’zbekistonda ulg’ayib kelayotgan bunday yo’lboshchilar qayerda va qaysi sohalarda band? Nima uchun ko’plari o’zini biznesga urishni ma’qul ko’rayapti, davlat ishiga emas? Nima uchun hukumatda avlodlar o’zgarishi sust? Anjumanda mana shu haqda fikrlar almashildi.

Gruziyalik Eka Grigalavaning aytishicha, bu regionlarda G’arb qadriyatlarini, xususan, erkinlik, inson huquqlari, demokratiyani ardoqlovchi yoshlar soni tobora oshib borayapti. Bunday qarashdagi qatlam - yoshi 25-40 orasidagi avlod, deydi u. Aksariyati G’arbda olingan ta’lim va tajribani ustuvor, qimmatli deb biladi.

Shu bilan birga, Markaziy Osiy va Kazkaz mamlakatlarida hukumatlar yoshlarni safga jalb qilishga urinsa-da, yangi avlod bu jarayonga ko'p qiziqish bildirmayapti. Sabablar ma’lum, deydi gruziyalik stipendiat: davlat ishida maosh kam, korrupsiya chuqur ildiz otgan, odam ishini yo’qotishi hech gap emas va hokazo. Bu holat mazkur mamlakatlarning rahbariyati o’zgarishini qiyinlashtiradi, yosh avlod kattalarning o’rnini egallashi sekinlashadi.

Qirg’izistonlik Talant Sultanov Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlarida oxirgi 25 yilda inqiloblar ikki mamlakatda ro’y berganini va shu orqali hukumatlar o’zgarganini qayd etadi. Aksariyatida rahbariyat kelasi 5-10 yilda o’zgarishi, ular o'rniga nisbatan yosh avlod kelishi taxmin qilinadi.

Anjumanda yangragan taxminlardan biri shuki, xorijda ta’lim va tajriba orttirgan avlod xususiy sektorda qolishni afzal ko’rar ekan, Markaziy Osiyo va Kavkazda hukumatlar bu ketishda bizneslardan va jamiyatdan orqada qolishi hech gapmas. Gruziyalik stipendiat bunga e’tiroz bildiradi va o’zini misol qiladi.

“Chet elda emas, Gruziyada o’qib oliy ma’lumotli bo’lganman. Progressiv g’arbona qadriyatlarga yo’nalgan mutaxassisman va xususiy sektorda ishlayman. Biroq davlat strukturalaridan munosib taklif olsam, albatta, ko’rib chiqaman”, - deydi u.

Dunyoviy ta’lim olgan yoshlar soni oshgani sari ham davlat idoralari, ham biznes strukturalari uchun yetarlicha mutaxassis ta’minlab beriladi, deb hisoblaydi u.

Ramsfeld jamg'armasining kuzgi stipendiatlari

Ramsfeld stipendiatlari:

Omer Uloomi (Afg'oniston), 36 yosh

Vahidullah Vaissi (Afg'oniston), 38 yosh

Ara Hovsepyan (Armaniston), 40 yosh

Eka Grigalava (Gruziya), 35 yosh

Anuar Ayazbekov (Qozog'iston), 32 yosh

Madina Tulesbayeva (Qozog'iston), 36 yosh

Talant Sultanov (Qirg'iziston), 36 yosh

Saintulga Munhgerel (Mongoliya), 29 yosh

Gunesh Bakgalova (Turkmaniston), 35 yosh

Mirzo Ibragimov (O'zbekiston), 32 yosh

Ular Amerika hukumati, Kongress, biznes, tahlil institutlari, matbuot va universitetlarda bo’ldi. Vashington qanday ishlashi, siyosiy qarorlar qabul qilinishi va bu jarayonga ta’sir qiluvchi kuchlar bilan tanishdi.

Ramsfeld jamg’armasining maqsadi - bu mutaxassislar vatanlariga erkin iqtisodiyot, erkin siyosat, demokratik boshqaruv, qonun ustuvorligi, inson huquqlari haqida tasavvur va tajribalarini oshirib qaytsin.

Afg’onistonlik Omer Uloomining bu masalada fikri ayri. Uning so’zlariga ko’ra, xorijda ta’lim olib qaytayotgan afg’onistonlik kadrlar, odatda, hukumat, boshqaruv kabi yo’nalishlarda o’qiydi. Vatanda ham shu sohalarda ishlaydi. Afg’onistonda biznes sektori u qadar taraqqiy etmaganini, xususiy sektorda ish o’rinlari oshib-toshmayotganini, mamlakat hanuz urush holatida ekanini tan olish kerak; shu va boshqa ko’p jihatdan Markaziy Osiyo davlatlaridan farq qilamiz, deydi Omer Uloomi.

Masalan, Afg’onistonning hozirgi prezidenti Ashraf G’ani G’arbda ta’lim olgan, Jons Xopkins universitetida ilm qilgan va bugun butun boshli davlatni yuritayapti. Afg’oniston Vazirlar Mahkamasining askariyati ham chet elda o’qigan arboblar. Bu yurtda rahbariyat o’zgargani yoshlarda umid paydo qilgan va odamlar vatanda qolib davlat va xususiy ish o’rinlariga joylashish haqida jiddiy o’ylanmoqda, deb hisoblaydi Omer Uloomi.

Yangragan xulosa shuki, region rahbariyatida avlodlar o’zgarishi uchun ta’lim islohotiga e'tiborni oshirish muhim. Amerikaning yordami ham aynan shu yo’nalishda amalga oshirilishi ahamiyatli. Qanchalik ko’p yoshlar korrupsiyadan xoli sifatli boshlang’ich, o’rta va oliy ta’lim olish imkoniga ega bo’lsa, ham vatanda, ham G’arbda, shuncha yaxshi.

Shu bilan birga, Afg’onistondagi harbiy kampaniya tugab borar ekan, AQShning e’tibori Markaziy Osiyodan boshqa mintaqalarga ko’chayotgani sir emas. Ramsfeld stipendiatlari loaqal o’zlari qatnashayotgan mana shu dastur, shuningdek, Ipak yo’li tashabbusi kabi loyihalar saqlanib qoladi va Qo’shma Shtatlar mintaqadan qadamini uzmaydi, degan umidda.

XS
SM
MD
LG