Breaking News

Markaziy Osiyoda siyosat va hayot - Kolumbiya universitetida olimlar gurungi


Almati, Qozog'iston
Almati, Qozog'iston

2000-yilda amerikalik olimlar, xususan Garvard, Indiana va Viskonsin singari nufuzli universitetlarning professorlari tomonidan asos solingan Markaziy Yevrosiyo Tadqiqot Jamiyati (Central Eurasian Studies Society - CESS) har yili anjuman o'tkazib, siyosat va iqtisod, jamiyat va madaniyatni muhokama qiladi. Bu yilgi yig'in Nyu-Yorkning Kolumbiya universitetida o'tmoqda. Oliygoh qoshidagi Garriman instituti (Harriman Institute) mezbon.

CESS 2014 - Markaziy Osiyo haqida mushohada - Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:08 0:00
Yuklab oling

Asosiy maqsad - akademik mushohada. Biroq dunyoning turli chekkalarida faoliyat yuritadigan mutaxassislarning diydor ko'rishishi va yuzma-yuz muloqot qilishi nihoyatda muhim, deydi tashkilotchilar.

Markaziy Yevrosiyo deganda Qora dengiz va Qrimdan boshlab, Markaziy Osiyo va Afg'oniston, Sibir, Mongoliya va Tibetgacha bo'lgan hudud va bu yerlarda yashovchi xalqlar nazarda tutiladi.

O'nlab prezentatsiyalarda Rossiya, Xitoy va Amerika siyosati, shuningdek, iqtisodiy taraqqiyot, ijtimoiy ziddiyatlar va tafovutlar, til va imlo, etnik kelib chiqish va davlatchilik, migratsiya, jurnalistika, internet va ijtimoiy tarmoqlar, uzoq va yaqin tarix tahlil qilinmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlari orasidagi aloqalar, kelishmovchiliklar, tarqoqlik va Afg'onistondagi vaziyatning mintaqaga ta'siri xususida ham qator ma'ruzalar tinglanmoqda.

Ilmiy jamiyat bu safar anjumanga Qozog'istondan maxsus mehmon taklif qilgan: Inson huquqlari va qonun ustuvorligi bo'yicha xalqaro byuro rahbari Yevgeniy Jovtis.

Jovtis Nursulton Nazarboyev va u boshliq hukumatning ashaddiy tanqidchilaridan va qo'shni davlatlarda hukmron tuzumlarni ham repressiv deya qoralab keladi.

Demokratiya kurashchisi sifatida nom qozongan va "davlat dushmani" deya tamg'alanib, qamoqda o'tirib chiqqan Yevgeniy Jovtis anjuman qatnashchilari oldida so'zlar ekan, Markaziy Osiyo rahbarlarini insoniy qadriyatlarni oyoq osti qilganlikda, o'z fuqarolarining ustidan kulganlikda, og’izda erkinlikni ulug’lab, amalda uni bog’ib kelayotganlikda aybladi.

Man etilmagan narsani talab qilish tabiiy hol deb qaraydigan bo’lsak, mintaqada buning aksi namoyon, deydi Jovtis.

Hukumatning siyosatini tanqid qilish, muxolif guruhlar tuzish, namoyish o’tkazish, matbuotga dardingni bemalol aytish, axborot vositalari erkin ishlay olishi – bularning barchasi mustaqillikning 24-yiliga qadam qo’yayotgan jamiyatlarda hamon orzu, deydi faol.

Jovtis o’z yurti Qozog’istonda tinch namoyish qilaman yoki odamlarni yig’ib, gaplashaman deb hukumatdan ruxsat so’raganlarning uzog’i bilan besh foizi ijobiy javob olishi, lekin ular ham aksariyat hollarda maqsadiga yeta olmasligini aytadi. Namoyishlarga baribir yo’l qo’yilmaydi; biror joyida o’tirib, majlis qilaman desangiz, yo odamlarni kiritishmaydi yo kelmoqchi bo’lganlarni qo’rqitib yo’ldan urishadi, deya hikoya qiladi Jovtis.

Uning xulosasi shuki, hukumatlar qo’rqoq, o’z fuqarolariga ishonmaydi. Bu esa rahbarlar naqadar zaif ekanidan dalolat.

Real muammolardan og’iz ochsangiz, “nima boshqalarda bu muammo yo’qmi”, deyishadi. Fuqaro jamiyatini rivojlantirish kerak desangiz, ayrim rasmiylar “1917-yilgi qizil inqilob fuqaro jamiyatisiz, nohukumat tashkilotlar ko’magisiz ham bo’lgan", deyishadi. Shu ham mantiqdanmi, deya so'raydi Jovtis, o'z boshdan kechirganlari bilan o'rtoqlashar ekan. Amerika xususida gap ochilsa, hamma narsa Markaziy razvedka agentligiga borib taqaladi. Barcha balolarda shu organ ayblanadi, deydi u. Bu holat, uningcha, tubanlik va muammodan qochishdir.

Qizig’i, deydi Jovtis, AQSh diplomatlari erkinlik va huquq haqida shuncha bong urgani bilan amalda mintaqa rasmiylarining o’zgacha madaniyat va mentalitet haqidagi bahonalariga laqqa tushgandek. Erkinlik va adolat axir inson va madaniyat tanlamaydi, shunday emasmi, deya savol beradi Jovtis, siyosat, jamiyat, tarix va antropologiya singari sohalarda izlanib kelayotgan mutaxassislarga qarata.

Jovtisning ma’ruzasini tinglagan olimlar uning qarashlarini ma’qullaydi lekin bir muhim omilni eslatadi: bu jamiyatlarda hamma ham Jovtis va boshqa huquq himoyachilari kabi fikrlamaydi. Islohotlar va o’zgarishlar qay tarzda qilinishi yuzasidan jamoatchilik munosabati turlicha. Ularni ochiq muhokama qiladigan axborot vositalari mavjud emas. Bu degani xalqlar o’z muammolarini o’zaro muloqot orqali hal qila olmay, yechimni hukumatdan kutadi. Hukumat kim? Odamlar, shu xalqning vakillari.

Mintaqa bugun internet orqali tashqi dunyoga bog’langan va turli cheklovlarga qaramay bog’lanishda davom etmoqda. Odamlar o’zga jamiyatlar, tuzumlar, muammo va yechimlar haqida qancha ko’p bilsa, shuncha ta’sirlanadi va astalik bilan progress bo’lishi mumkin, deya mushohada yuritadi G’arb ekspertlari.

Markaziy Yevrosiyo ilmiy jamiyati yetakchilaridan biri, Toronto universiteti professori Ed Shatz mintaqa bo’ylab tadqiqot va izlanishlar olib borish xavfli ekanini tilga oladi.

Professorning shogirdlaridan biri, tojikistonlik Aleksandr Sodiqov shu yoz vataniga izlanish uchun borganida josuslikda ayblanib, qamoqqa olindi. Notinch mintaqa - Tog'li Badaxshondagi ahvol haqida ma'lumot to'plagan doktorant deyarli bir yarim oy hibsda o’tirdi va G’arb bosimi ostida shartli ravishda ozod etildi. Tergov ishi yopilmagan lekin Sodiqov hozirda Kanadaga qaytib, ilmiy ishini davom ettirmoqda.

Sodiqovning Tojikiston milliy xavfsizlik xizmati changalidan qutqarilishida jonbozlik ko’rsatgan Ed Shatz hamkasblariga quyidagi savollarni beradi:

Bugungi,bag’oyat cheklangan vaziyatda mintaqani qanday o’rganamiz?

Kimdan qanday yordam so’raymiz? Xavfsizligimizni qanday ta’minlaymiz?

Chet ellik olimlar mahalliy hamkasblari bilan hamkorlikni kengaytirishi uchun nima imkoniyatlar bor?

Hukumatlar bilan qanday qilib til topishamiz?

Ishimiz ahamiyatini ularga qanday tushuntiramiz va eng muhimi, ularni niyatimiz xolis va ezgu ekaniga qanday qilib ishontiramiz?

Tadqiqot uchun yo’l ochilgan taqdirda ham professional mustaqilligimizni qanday saqlaymiz?

Anjumanlar ilmiy topilma va xulosalarni ulashish, boshqalarning fikrini olish imkoniyatini yaratadi, shu bilan birga yuqoridagi singari qiyin, murakkab savollarga birgalikda javob qidirish uchun ham ayni muddao.

Markaziy Yevrosiyo ilmiy jamiyati yuzlab a’zoga ega. Tashkilot byudjeti a’zolik badaliga asoslanadi. Yig’inlar asosan Shimoliy Amerika universitetlarida o’tadi. Kelgusi yilgi anjuman AQSh poytaxtida Jorj Vashington universitetida oktabr oyida rejalangan.

Nyu-York/Kolumbiya universiteti
Nyu-York/Kolumbiya universiteti
Markaziy Yevrosiyo Tadqiqot Jamiyati (CESS) har yili yig'iladi
Markaziy Yevrosiyo Tadqiqot Jamiyati (CESS) har yili yig'iladi

Nyu-York/Kolumbiya universiteti
Nyu-York/Kolumbiya universiteti

Nyu-York/Kolumbiya universiteti
Nyu-York/Kolumbiya universiteti

Nyu-York/Kolumbiya universiteti
Nyu-York/Kolumbiya universiteti

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG