Breaking News

Markaziy Osiyo - geosiyosiy manfaatlar to'qnashuvchi mintaqa


AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Tojikiston rahbari Emomali Rahmon bilan, Dushanbe, 3-noyabr, 2015
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Tojikiston rahbari Emomali Rahmon bilan, Dushanbe, 3-noyabr, 2015

Tahlilchilar nazarida Markaziy Osiyo qudratli davlatlarning geosiyosiy manfaatlari doirasida qolmoqda. Mintaqada Amerika, Rossiya va Xitoy o’rtasida o’ziga xos kurash ketmoqda. Strategik joylashuv har bir respublika taraqqiyotiga ham, tanazzuliga ham sabab bo’lishi mumkin, deydi bu kuzatuvchilar.

Markaziy Osiyoda geosiyosiy manfaatlar to'qnashuvi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:44 0:00

Mintaqa kelajagi haqida gapirganda tojik ijodkorlaridan biri Zayniddin aytadiki, Rossiya ham, G’arbu-Xitoy ham Markaziy Osiyoga o’z manfaatlari nuqtai nazaridan qaraydi, ularning suyosatidan ehtiyot bo’lish zarur. Bir vaqtlar ruslar o’lkamizda o’rnashib, ruslashtirish siyosatini olib borgandi, hammani ruslashtirdi, deydi u.

"Ularning manfaati shuki, xalqni o’zidek qilsa, bo’ysundirsa. Bu narsalarga juda ehtiyotlik bilan yondoshish kerak, bo’lmasa qul bo’lib qolamiz. Shunday ham xalqimiz Rossiyada quldek ishlapti", - deydi Zayniddin.
Tojik yozuvchisi Muhiddin Xo’jazod bugungi dunyo syosatiga baho berarkan, yangi texnologiyalar tufayli qurol, bosqin shart emas deydi, xalqlarni asoratga solishning boshqacha yo’llari paydo bo’lganini ta’kidlaydi, Markaziy Osiyo davlatlari kuchsizligini urg’ulaydi.

"XXI asrda davlat kuchli bo’lmasa, xalqi ahil bo’lmasa, qo’lga qurol olib, pahlavon bo’lib o’zganing yurtiga bostirib borish shart emas. Yuz yilcha oldin o’lkamizning boy va ziyolilari, jadidlar yo’q qilindi, yangicha mafkura o’rnatishdi. Hozir ham shunday bo’lmoqda. Biz endi Amerika, Rossiya, Yevropa va Xitoy o’rtasida hashakdek bir narsa, har maqomga solishadi", - deydu Xo’jazod.

Bugunda ilmiy faoliyat yuritayotgan sobiq mahalliy bir tojik demokrat AQShning Tojikistondagi bugungi siyosatiga nazar solarkan, Amerika mintaqada ehtiyotkorlik bilan siyosat olib bormoqda, bu yerda ularning Rossiya va Xitoy manfaatlariga zid harakati sezilmaydi, deydi.

Uning fikricha, regionda inson huquqlari vayron etilsa ham G’arb mamlakatlari ovoz ko’tarmaydi, noziklik bilan ochilgan yo’llaridan mahrum bo’lishni istamaydi.

Moskvadan tahlilchi Leonid Gusev AQShning Markaziy Osiyodagi siyosati uzoq yillarga mo’ljallangan, maqsad - Xitoyga yaqin mintaqadan foydalanish deydi.

"1990-yillarning oxiri, 2000-yillar boshidan Markaziy Osiyo AQSh diqqat markazida edi. Region mamlakatlarining asosiy qismi Xitoy bilan chegaradosh, Xitoy esa Amerika tashqi siyosatida juda muhim ahamiyat kasb etadi. AQSh Markaziy Osiyo davlatlarida demokratiya targ’iboti va ustuvorligi yo’lida pragmatik qarashlarga ega. Ular bu yerdagi davlatlarning uzoq yillardan beri hukmronlik qilayotgan rahbarlari siyosatiga panja orasidan qarashadi. Iqtisodiy-energetik va geosiyosiy omillar muhim, hammani hammasi qoniqtiradi. Dunyoning bu burchagida ko’pgina mamlakatlar manfaati tutashadi, shuning uchun ham inson huquqlariga ko’z yumish holatlari bor", - deydi Gusev.

Tojik eksperti Abdujabbor Yo’ldoshev Xitoyning mintaqadagi siyosati haqida gapirarkan, uning harakatlarida G’arbdan ustunlikni ajratib ko’rsatadi.
"Xitoy regionda Anerikaga muqobil turish uchun atrofiga islomiy davlatlarni birlashtira oldi. Ular Tojikistonda ham, O’zbekistonda ham shunday ish tutishmoqdaki, elita ham, hukumatdorlar ham rozi, harakatlari zamirida esa o’z xavfsizliklari - Sharqiy Turkistonni qattiq nazorat qilish siyosati yotadi, hatto Tojikistonning bir parcha yerini ham o’zlariniki qilib olishdi. Sababi shundaki, bu yerdagi eng oliy rahbariyatning shaxsiy manfaatlari davlat manfaatlaridan yuqori turmoqda, ishqilib, oxiri baxayr bo’lsin, - deydi Yo'ldoshev.

Boshqa bir tojik muxolifatchisi chet elda turib, Rossiyaning Markaziy Osiyodagi siyosati, xususan, Tojikistonga ta’siri haqida so’z yuritarkan, kim nima desa desin-u, ammo Rossiya har qanday yo’l bilan bo’lsa-da, mintaqani o’z nazoratida tutib turishga intiladi, deydi.

"Rossiya Markaziy Osiyoda eskitdan juda katta ta’sirga ega, Rossiya hech narsa qila olmaydi demasinlar, Rossiyanng har qanday so’zi Tojikistonda ham, O'zbekistonda ham katta salmoqqa ega. Aytish mumkinki, kerak bo’lsa, bu ta’sir kuchi juda ham qattiq va jidduy bo’lishi mumkin", - deydi ism-sharifi oshkor etilmasligini so'ragan muxolifatchi.
XS
SM
MD
LG