Mana yetti yildirki, Ramsfeld jamg’armasi (Rumsfeld Foundation) Markaziy Osiyo, Afg’oniston, Mongoliya va Kavkazdan iste’dodli mutaxassislarni AQShga taklif qiladi. Iqtisod, siyosat, ilm-fan sohalarida yetishib kelayotgan kadrlar bular.
Olti haftalik safar davomida ular ham bir-biri bilan, ham Amerika hukumati, siyosat, biznes, ilm ahli bilan tanishadi. Bir umrlik hamkorlik uchun zamin hozirlanadi. Shu hafta Vashingtonda o’tgan anjumanda bu mutaxassislar mintaqaning o’zida kelishib ishlash zarurati haqida gapirdi.
Markaziy Osiyoni chuqur o’rganib kelayotgan olim, professor Fred Starr Ramsfeld stipendiatlarini faxr bilan tanishtiradi. 13 nafar mutaxassis Markaziy Osiyo, Mongoliya, Afg’oniston, Kavkazdan tanlab olingan, bari 30 yoshlarning u yer bu yerida. Oktabr boshida kelgan bu guruh noyabrning 10-kuni vatanlariga qaytadi. Orasida O’zbekistondan ham ikki kishi bor - Baxtiyor Mirzaboyev O’zbekistondagi “KNOC” Koreya neft korporatsiyasi bo’linmasida ishlaydi; Hilola Sulaymonova o’zining “DaVinci Solution” biznes konsalting kompaniyasini boshqaradi.
Olti haftalik safari yakunida ramsfeldchilar an’anaga ko’ra, Vashingtonda o’ziga xos hisobot taqdim etadi. Ular bugungi tarqoqlikdan, o’zaro ishonchsizlikdan, uzoq yillik adovatdan, og’ir sarmoya muhitidan, o’zgarmas rahbarlardan xoli mintaqani, faqat gaz-neft savdosiga tobe bo’lmagan ideal bir manzarani tasvirladi.
Afg’onistonlik Shoib Rahim vatanida Mudofaa vazirligida mashg’ul, moliya bobida vazir maslahatchisi. Markaziy Osiyo, Afg’oniston, Mongoliya va Kavkaz davlatlari bugun tashqi kuchlar ta’sirida qolayotgani rost, deydi u. Hammasi xavfsizlik, iqtisod, siyosatni alohida quradi; kimdir Rossiya, kimdir Amerika, kimdir Xitoy kabi qudratli o’lkalarga ta’zim qiladi. Afg’oniston Amerika bilan savdoga suyansa, Markaziy Osiyo yurtlari Rossiya va Xitoy bilan biznes qiladi-yu, bir-biridan qochadi. Shundoq qo’shni bo’la turib o’rtada hatto aviareyslar yo’q. Lekin mamlakatlar o’zaro kelishib ishlasa, regionning o’zi kuchga to’ladi, deydi u. Hozircha mintaqa buning uddasidan chiqa olmayapti, sovet davridan qolgan fikrlash asorati bu, deydi Rahim.
Tojikistonlik Almaz Saifutdinov, Amerika elchixonasi mutaxassisi, GESlarni misol qiladi. Vatanida gaz, svet yo’q, kuniga ikki-uch soatga beriladi, xolos. Tojikiston muammoni hal qilmoqchi bo’lib, GES qurmoqchi bo’lsa, O’zbekiston unamaydi. Holbuki, Jahon Banki suvni kelishib ishlatish mumkin, hammaga yetadi, deya hisobot chiqargan. Masala yechimi rahbarlarning siyosiy irodasiga qolgan.
Shu bilan birga, deydi u, Tojikiston qo'shni Qirg'iziston bilan murosa qilishni uddalayapti. CAREC, ya'ni Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik loyihasi doirasida o'rtada oziq-ovqat, xomashyo bilan savdo qilinmoqda. Xususan, naq Pokistondan Afg'oniston orqali Tojikistonga meva-cheva, sabzavot, sement olib kelinadi. CAREC ni Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro valyuta jamg'armasi, BMT taraqqiyot dasturi, Islomiy taraqqiyot banki moliyalaydi. CASA-1000 loyihasi yana bir misol - Qirg'iziston, Tojikiston, Afg'oniston va Pokistonni bog'laydigan gidroenergetika proyektini Jahon Banki, AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi, Islomiy taraqqiyot banki va boshqa xalqaro donorlar qo'llab-quvvatlamoqda. O'zaro kelishib ishlash mumkin ekaniga misol bo'la oladi bular, deya ishonadi Ramsfeld dasturi qatnashchilari.
Professor Fred Starr Markaziy Osiyo davlatlari tarixan yaqin ekanini qayta-qayta eslatadi. O’rtasida farq va kelishmovchilik haqida nuqul gapiraverish yanglish yondashuv, deya uqtiradi u.