Breaking News

Afg'oniston Tolibon bilan muloqotda Pokistondan yordam so'ramoqda


Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani
Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani

Ikki kunlik tashrif bilan Pokistonga borgan Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani Tolibonni tinchlik muloqotiga undashda Islomoboddan yordam so’ragani aytilmoqda.

G’ani yetakchiligidagi delegatsiya Pokiston Bosh vaziri Imron Xon bilan keng qamrovli muloqot olib borgan. Ikki tomonlama aloqalarni qayta yo’lga solish, afg’onlar yetakchiligidagi tinchlik jarayoniga Tolibonni faol jalb etish masalalari muhokama qilingan.

“Pokiston muhim o’ringa ega va Tolibon hamda Pokiston o’rtasida kuchli bog’liqliklar bor. Biz buni tan olishimiz va ziddiyatdan hamkorlikka o’tishimiz kerak”, - dedi Afg’oniston rahbari Ashraf G’ani.

Tahlilchilar uning Pokistonga munosabati o’zgarayotganini qayd etmoqda. Afg’oniston rahbari mamlakatdagi beqarorlikda, Tolibon isyonchilarining zo’ravonlikni kuchaytirishida qo’shni davlatni ayblashi bilan tanilgan edi. Islomomobod esa bu da’volarni rad etadi.

G’anining aytishicha, tinchlik jarayoni bo’yicha Pokiston yetakchilari bilan o’tgan muloqot “konstruktiv” ruhda kechgan.

Pokiston Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiyga ko’ra, Islomobod afg'on tinchlik jarayoniga hissa qo’shishga tayyor.

“Sizning tashrifingiz o’zgarish pallasi bo’lsin, toki o’tmishni deb bir-birimizni ayblamaylik. Kelajakka umid va rag’bat bilan qarayapmiz”, - dedi u Ashraf G’ani bilan uchrashuvda.​

AQSh-Tolibon muloqoti

G’ani Pokistonga tashrif buyurar ekan, AQSh va Tolibon vakillari Qatarda navbatdagi uchrashuvni o’tkazishga hozirlandi.

Shu paytgacha AQSh olib borayotgan muzokaralarda rasmiy Kobul qatnashgani yo’q. Chunki Tolibon Afg’oniston hukumatini AQShning “qo’g’irchog’i” deb biladi va ular bilan to’g’ridan-to’g’ri muloqot qilishni istamayapti.

Isyonchi guruhga ko’ra, AQSh bilan xalqaro kuchlarni olib chiqish bo’yicha kelishuvga erishilgandan so’nggina Kobuldagi hukumat vakillari bilan muloqot qilishga o’tiladi.

AQSh va Tolibon vakillarining navbatdagi uchrashuvida Tolibon nazoratidagi hududlar xalqaro terror markazlariga aylanmasligini ta’minlash bo’yicha so’nggi va’dalar olinishi kutilmoqda. Buning evaziga Vashington xalqaro kuchlarni olib chiqish muddatini e’lon qilishga va’da bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG