Breaking News

Senator Safoyev: O'zbekiston islohotchi, fidokor, sarg'ayrat parlamentga muhtoj


Senator Safoyev bilan suhbat: AQSh-O'zbekiston va Oliy Majlis kelajagi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:16:40 0:00

Senator Safoyev bilan suhbat: AQSh-O'zbekiston va Oliy Majlis kelajagi

O'zbekiston ikkinchi yildirki, Tramp ma'muriyatining Xalqaro diniy erkinlik bo'yicha anjumanida ishtirok etmoqda. 100 dan oshiq davlatlardan rasmiylar, xususan 30 mamlakatning tashqi ishlar vazirlari qatnashadigan bu tadbirda bu safar ham O'zbekiston ijobiy o'zgarishlar yuz berayotgan jamiyat sifatida qayd etildi.

Safoyev: Yangi O'zbekistonga yangi parlament kerak
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:16:40 0:00
Yuklab oling


Vashington ekspertlari tahlilicha, respublika qamoqxonalarida hamon minglab diniy mahbuslar bor lekin o'tgan ikki yilda minglab dindorlar qora ro'yxatdan chiqarildi, yuzlab insonlar esa endi panjara ortida emas.

Bugungi kunda, deydi Amerika rasmiylari, Toshkent bilan diniy erkinlik bobida muloqot keng va tobora samimiy va ochiq. Islohotlar jadallashishi kerak. Davlat departamentining maxsus vakili, sobiq senator Sem Braunbek "Amerika Ovozi"ga ta'kidlashicha, O'zbekiston bir narsani tushunishi lozim: erkinliksiz iqtisodiy taraqqiyot bo'lmaydi, biznes hamkorlik ham kengaymaydi, sarmoya ham kelmaydi.

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiyada yetakchi senator Sodiq Safoyev hamda Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, shuningdek, Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz rahbari va qonunchi Akmal Saidov bor.

Vashingtondagi davra suhbatlarida va uchrashuvlarda bu rasmiylar O'zbekistonda islohotlar qanday ketayotgani haqidagi savollarga javob berar ekan, muammolarni tan oladi lekin dunyoviy tuzumni saqlab qolish uchun zarur choralar ko'rilishini ham uqtiradi.

Delegatsiya AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligida (USAID) ham bo’ldi. Agentlik rahbari Mark Grin bilan sermahsul muzokara kechdi, deydi diplomatlar. USAID O’zbekistonda 1993-yildan beri ishlab keladi. Qishloq xo’jaligi, tadbirkorlik, ta’lim, salomatlik va boshqa sohalar ravnaqi uchun 300 million dollardan oshiq mablag’ sarflagan.

Senator Safoyev "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, O'zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi, 18-iyul, 2019
Senator Safoyev "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, O'zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi, 18-iyul, 2019

Vashingtonda O'zbekiston yetakchi senatori Sodiq Safoyev bilan suhbat: Toshkent-Vashington muloqotidan maqsadlar hamda O'zbekistonda yaqinlashayotgan parlament saylovlariga tayyorgarlik... Bizneslar uchun erkinlik muhim omil. Saylovlarda esa mustaqil nomzodlarga o'rin bo’ladimi?

Safoyev "Amerika Ovozi" bilan suhbatlashar ekan, uzoq yillar O'zbekistonda iqtisodiy rivojlanish va diniy erkinlik orasidagi bog'liqlikka ko'z yumilganini tan oladi. Endi-chi?

"Hozirda bu aniq va biz bu bog'liqlikni tushunamiz", - deydi Safoyev.

Shu bois ham Amerika bilan muloqot kengroq va faolroq. Islohotlar jadallashishi, samara berishi va O'zbekiston erkinlik va farovonlik tomon qadam tashlayverishi uchun yetarlicha iroda bor, deydi u. AQSh quvvatlovi bu jarayonda o'ta muhim omil.

Delegatsiya AQSh Moliya vazirligi va boshqa idoralar, Oq uy Milliy Xavfsizlik Kengashi, Jahon banki, Xalqaro Valyuta Fondi, Kongress va siyosiy tahlil markazlarida ham bo'ldi.

O'zbekistonga sarmoya jalb qilish - Mirziyoyev ma'muriyati oldidagi asosiy maqsadlardan biri. Elchixonaga ham shu ish ustuvor vazifa deb yuklangan.
Delegatsiyada O'zbekistonda Kapital bozorlarini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov ham bor. Nazirov Komilov va Davletov qatori vazirlar darajasida so'zlab, bu borada qilinayotgan ishlarni, ya'ni mamlakatda yangi bir sanoatga qanday asos solinayotganini tushuntirmoqda. Nazirov ham "Amerika Ovozi" bilan gaplashdi. Intervyu tez orada efirga uzatiladi.

U singari xorijdan kelib hukumatga kirgan yosh mutaxassislarni O'zbekiston buguni va kelajagi uchun behisob hissa qo'shayotgan avlod deb maqtayotgan Safoyev deydiki, Oliy Majlisga ham shunday fidoyi va zamon talablarini tushunadigan a'zolar kerak.

Yil oxirida parlament saylovlari. Qonun bo'yicha, deya qayd etadi Safoyev, rasmiy partiyalargina deputatlikka nomzod ko'rsata oladi. Mustaqil nomzodlarga ham joy beriladimi?

Safoyevning ta'kidlashicha, bunday nomzodlar ham partiyalar orqali saylanishga harakat qilishi kerak. Boshqa yo'l yo'q. Yangi Oliy Majlis qonunchilikni yangilashi mumkin. Lekin ungacha ro'yxatdan o'tgan partiyalar parlamentga kira oladi.

Demak, o'zini muxolif fikrli, mavjud partiyalarga qo'shilishni xohlamaydigan va mustaqil maqomda harakat qilmoqchi bo'lganlar uchun hozir tizimda imkoniyat yo'q. Xalqaro huquq tashkilotlari mana shu muammoni hal etishga undab kelmoqda.

BMT va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti dekabrning oxirgi haftasida o'tishi kutilayotgan saylovlarni kengroq va chuqurroq ko'lamda kuzatishni rejalamoqda. Ular O'zbekiston hukumati bilan bu borada gaplashmoqda va tayyorgarlik ishlarida faol hissa qo'shmoqchi.

Safoyev bu borada faxr bilan gapirar ekan, xalqaro hamjamiyat bu safargi saylovlardan ijobiy xulosalar qiladi, degan umidda. Bu, albatta, O'zbekistonning o'ziga bog'liq.

Senator Safoyev "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, O'zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi, 18-iyul, 2019
Senator Safoyev "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, O'zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi, 18-iyul, 2019

"O'zbekistonga fidoyi, islohotchi, yangicha o'ylaydigan, layoqatli va g'ayratli parlament kerak", - deydi Safoyev.

Uning fikricha nafaqat Qonunchilik Palatasi balki Senatda ham ulkan o'zgarishlar bo'lishi mumkin. Senatorlarni asosan davlat rahbari tayinlaydi. Lekin Prezident Mirziyoyev yaqinda Senatda so'zlar ekan, bu organ a'zolarini loqaydlik va passivlikda tanqid qildi.

Safoyev singari diplomatik-siyosiy tajribaga ega arboblar ta'biricha, Oliy Masjlisning har ikki qismi jonlanmasa va xalq ishonchini qozonish uchun jiddiy harakat qilmasa, dunyo ham O'zbekiston o'zgarayotganiga ishonishi qiyin.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG