O'zbekiston siyosiy islohotlar iqtisodiy rivojlanishning asosiy tayanchi, deb hisoblay boshlagan. Bu xulosa Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki prezidenti Suma Chakrabartining Toshkentdagi muzokaralari ortidan bildrilmoqda. Senat raisi o'rinbosari Sodiq Safoyev siyosiy islohotlar prezident Shavkat Mirziyoyev bilan o'tgan uchrashuvda ham muhokama qilinganini aytgan. Mutaxassislarga ko'ra, bank mamlakatda faol ish boshlashi boshqa xorijiy investorlarni ham O'zbekistonga sarmoya yotqizishga undashi mumkin.
Iqtisodiy rivojlanish bo'lishi uchun siyosiy islohotlar o'tkazilishi kerak, inson huquqlari va demokratiya iqtisodiy rivojlanishning ajralmas qismi. O'zbekiston hukumati shunday xulosaga kelgani haqida Senat raisi o'rinbosari Sodiq Safoyev YTTB prezidenti Suma Chakrabarti safari yakuniga doir o'tkazilgan matbuot anjumanida gapirgan.
"Regnum" agentligiga ko'ra, Safoyev jurnalistlarga bank rahbari va O'zbekiston prezidenti o'rtasida kechgan uchrashuvda siyosiy islohotlar masalasi muhokama qilingani, Mirziyoyev siyosiy transformatsiyani mamlakat rivojlanishining asosiy tamoyili sifatida ko'rayotganini aytgan.
Oliy Majlisning xalqaro aloqalar qo'mitasini boshqarib kelayotgan Sodiq Safoyev rasmiylar orasida nisbatan demokratik bayonotlari bilan ajralib turadi, avvalroq u inson huquqlari haqida gapirib, matbuotda tanqidiy chiqishlar yetishmayotganini aytgan edi. Ammo uning bayonotlari mamlakatdagi vaziyatga biror ta'sir ko'rsatgani sezilmaydi.
Chakrabarti O'zbekiston bilan munosabatlarda yangi bosqich boshlanayotgani, rahbariyat bilan muzokara ochiq va samarali o'tganini ta'kidlagan. Muzokaralar natijasida ikki o'rtada hamkorlik to'g'rsida memorandum imzolangan. Tashkilot O'zbekistonda e'lon qilingan rivojlanish strategiyasini qo'llab-quvvatlashini bildirgan.
Mirziyoyevning O'zbekistonni rivojlantirish strategiyasi bir qator islohotlarni nazarda tutadi, asosiy diqqatni iqtisodga qaratgan bu dastur yirik mablag' talab etadi. YTTB bilan muzokaralar hukumat sarmoyalarga jiddiy muhtoj bir paytda o'tmoqda. Yevropa bankining sarmoyaviy imkoniyati yuqori baholanadi, faqat bu imkoniyatning to'liq ishlashi siyosiy islohotlarni taqozo etadi.
O'zbekiston moliya vazirligining sobiq xodimi, Ostonadagi moliya universiteti o'qituvchisi Saparboy Jubayevning aytishicha, Mirziyoyev rejalagan loyihalar yirik sarmoya talab etmoqda:
“Bu bank Toshkentdagi yig'lishida demokratiya yo'q, siyosiy mahbuslar ko'p deb gapiraganida Islom Karimovning g'azabiga uchragan edi, shundan keyin ular bilan aloqamiz uzildi. Hozir Mirziyoyev katta iqtisodiy loyihalar boshlagan, sarmoya kerak. Bunda esa yirik moliyaviy tashkilotlarning o'rni katta, ular mamlakatdagi vaziyatni tekshiradi, qonunlarni, imtiyozlarni o'rganadi va shunga ko'ra investorlar kirib ishlashi mumkin degan xulosa beradi. YTTB ham sarmoyadorlarga ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lgan shu kabi jiddiy banklarda biri”, - deydi u.
Saparboy Jubayev Qozog'iston Osiyo Taraqqiyot Bankiga nisbatan Yevropa bankidan ko'proq kredit olganiga, bankning O'zbekistonda faoliyat boshlashi boshqa xorijiy investorlar uchun muhim ishora bo'lishiga diqqat qaratadi:
“Masalan, Qozog'istonda Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki faol ishlaydi, yaqinda Qarag'anda shahridagi issiqlik tizimini ta'mirlash uchun yirik mablag' ajratdi. Ajratganda ham, bir qismi davlat, bir qismini o'zlari, yana boshqa bir xorijlik investorni jalb etgan holda. Bankning aholining turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan bunday loyihalari juda ko'p. Bundan tashqari, moliyaviy tizimga, xususiy banklarga ko'mak ko'rsatadi”, - deydi Jubayev.
YTTB O'zbekistonda siyosiy islohotlarni, inson huquqlarini muhokama qilishi ortidan yana bir xalqaro tashkilot - Yevropada Xavsizlik va Hamkorlik Tashkilotining demokartik institutlar va inson huquqlari Byurosi direktori Mixael Georg Link ham Toshkentda kelgan.
U Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Inson huquqlari bo'yicha milliy Markaz rahbari Akmal Saidov bilan uchrashgan. Uchrashuvda O'zbekistondagi saylov tizimini takomillashtrish, inson huquqlari masalasida hamkorlikni davom ettirish gaplashilgan.
O'zbekistonda hokimiyat almashishi ortidan yangi prezident Shavkat Mirziyoyev siyosiy boshqaruvda, iqtisodiy tizim, biznes sohasida islohotlar o'tkazishga va'da berdi. Sharhlovchilar Mirziyoyevning siyosiy boshqaruv islohotlari asosan kadrlarni almashtirish bilan cheklanib qolayotgani, mamlakatda Karimov davrida amalda bo'lgan siyosiy tuzum o'zgarishsiz qolayotganini ta'kidlab kelishadi.