Breaking News

O'zbekiston: Investorlar uchun muhimi - pul aylanishi erkin bo'lsin


O'zbekiston investitsiyalar uchun, jumladan AQSh biznesi uchun qulay sharoitlar yaratmoqchi. Bu haqda Amerika-O'zbekiston savdo palatasining Toshkentda o'tgan majlisida bayonotlar yangradi.

Prezident tomonidan qabul qilingan palata raisi Kerolin Lem Shavkat Mirziyoyevni islohotchi sifatida e'tirof etilgan esdalik nishoni bilan taqdirlagan. O'zbekistonda hokimiyat alamashishi ortidan iqtisodiy islohotlar, investitsiya, biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish ustuvor yo'nalishga aylandi.

Amerika-O'zbekiston savdo palatasi yig'ilishida hamkorlik aloqalari va biznes imkoniyatlar muhokoma qilingan. Tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Elyor G'aniyev AQSh biznesi uchun qulay sharoitlar va'da qilgan. Vazirga ko'ra, o'rtadagi savdo aylanmasi 70 foizga ko'paygan.

Tashrif doirasida AQSh kompaniyalari bilan bir necha hamkorlik bitimlari imzolangan.

Markaziy Osiyodagi iste'mol bozorining deyarli yarmi O'zbekistonga to'g'ri keladi. Mamlakatda ishchi kuchining arzonligi, boy xomashyo bazasi mavjudligi va ishlab chiqarish uchun zarur boshqa qator jihatlar inobatga olinsa, biznes ochish, daromad qilishga imkoniyat talay.

Ammo bu imkoniyatlar uzoq yillar ichki biznes uchun ham, xorijiy investitsiyalar uchun ham yopiq qoldi, siyosatga bo'ysundirildi. Iqtisodiy islohotlarni ustuvor masalaga aylantirgan Mirziyoyev mahalliy tadbirkorlarga, xorij biznesiga shu imkoniyatlarni taqdim etmoqchi.

O'zbekiston Moliya vazirligining sobiq mutaxassisi, ayni paytda Qozog'istonda moliya institutida dars berayotgan iqtisodchi Saparboy Jubayev Mirziyoyev boshlagan islohotlarni kuzatib kelayotgan ekspertlardan biri.

Uning aytishicha, hozircha investorlar kutgan o'zgarishlarning amalga oshirilayotgani haqida gapirish qiyin.

“Investor uchun signal bu - olib kirgan investitsiyasidan foydani erkin olib chiqib ketish uchun imkoniyat yaratilishi. Ya'ni bank erkin, pul aylanishi erkin bo'lishi kerak. Xorijdan rublda, yenda, yoki dollarda mablag' olib kirgan odam, shu mablag'ni yana valyutaga almashtirib olib chiqishiga imkoniyat yaratilishi kerak. Buning uchun bir necha oylab navbatda turmasligi kerak”, - deydi Jubayev.

Iqtisodchiga ko'ra, O'zbekistondagi moliya tizimi, iqtisodiy boshqaruv islohotga muhtoj, ammo buni amalga oshirish Mirziyoyev uchun oson bo'lmaydi. Iqtisod avvalo siyosiy elitaga foyda keltiruvchi tuzumga aylangan, hukumatdagi elita bundan osonlikcha voz kechmaydi.

“25 yildan buyon valyuta cheklovi va bank tizimidan foydalanib mablag' orttirayotgan siyosiy elita bor, boshqaruvdagi odamlar bor. Ular bu tizimdan voz kechish niyatida emas. Ular "Shavkat Miromonovich, bu tizim shuncha yildan beri ishlab keldi, hozir o'zgartirsak problemalar chiqadi, O'zbekistonni boyligi hammasi chet elga chiqib ketadi", deb aytadi. Mirziyoyevni hokimiyatga kelganiga 5 oydan oshayapti, investitsiya haqida ko'plab bayonotlar bo'ldi, afsuski bu hozircha amaliyotda ko'ringani yo'q”, - deydi suhbatdosh.

Mirziyoyev tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan bir necha qarorlar imzoladi. Tadbirkorlar faoliyatini tekshirishni chekladi, konvertatsiya tizimini takomillashtirishga doir topshiriq berdi, erkin iqtisodiy hududlar sonini ko'paytirdi.

Shavkat Mirziyoyev bundan avval 13 yil davomida Bosh vazir lavozimida ishlab kelgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG