1960-yillar Oyga chiqish uchun poyga kuchaygan paytda Yer atmosferasini yorib chiqa oladigan kuchli raketani yaratish "Apollon" dasturi muvaffaqiyatini ta'minlagan elementlardan biri edi. "Saturn 5" raketasi yasalgan Alabamaning Xantsvill shahri bugun "Raketa shahri" deb ataladi. Oyga parvozning 50 yilligi nishonlanayotgan bir paytda bu shaharda kechgan jarayonlar tarixiga nazar solamiz.
Oyga raketa uchirilganining 50 yilligi nishonlanayotgan bir paytda "Raketa shahri" yana bir rekord o'rnatishga urindi.
"Ginnesning rekordlar kitobiga kirish uchun 5000 ta mitti raketa uchirdik".
Rendel Robinson yoshlarga fazo va ilm-fan sirlarini o'rgatuvchi "SpaceCamp" lageri rahbari. Ko'plab yoshlar AQSh Fazo va raketa markazidan uchirilgan raketalar shousini tomosha qilish uchun keldi.
"Rekord o'rnatish va Xantsvillni yana ko'rsatib qo'yish biz uchun muhim, chunki bu shahar "Apollon" dasturida muhim rol o'ynagan", - deydi Robinson.
1950 va 60-yillarda Marshall Fazo parvozlari markazida "Saturn 5" raketasini yasash ishlariga Verner fon Braun boshchilik qilgan. Fon Braunning qizi Margritning aytishicha, uning otasi va jamoasi "Apollon" dasturining muvaffaqiyat qozonishiga shubha qilmagan.
"Natija berishini bilardik. Muvaffaqiyat umidi bilan katta bo'lganmiz. Raketa jamoasi ham shunday kayfiyat bilan yashagan", - deydi Margrit.
Margrit fon Braun 50 yillik yubiley tantanalarida Oyga uchish missiyasiga hissa qo'shgan faxriy mehmonlar qatorida turdi.
1969-yilgi Oyga uchish missiyasining amalga oshishiga Margrit shaxsan guvoh bo'lgan. U "Raketa ilmining otasi" deb hisoblangan dadasining yonida edi.
"Men ko'rgan ilk parvoz edi. Ta'riflashga so'z ojiz. Ko'pchilik shunday deydi. Shovqin, dvigatelning qudrati va uning sekin-asta minorani tark etishini ko'rish... Bularni hech qachon esdan chiqarmayman", - deydi u.
"Tarixning muhim lahzasi bu. Oyga qo'nganmiz, raketa uchirganmiz, bu juda muhim".
12 yashar Lilian Duran Oyga inson qadami yetganda hali tug'ilmagan edi. Ammo u bugungi tantanalar yana samoga qiziqishni oshirib, kelgusi avlodlar uchun yangi dasturlar amalga oshirilishidan umidvor.
"Yanada uzoqroqqa borishimiz kerak", - deydi u.
Samoni zabt etish orzusi ne-ne insonlarni shu sohada karyera qilishga undadi. NASA muhandisi Xomer Xikam "Raketa bolalari" nomli mashhur kitob ham yozgan.
"Eslashga arzigulik voqea. U bizga kelajakda yana uchish maydonini yaratadi", - deydi Xikam.
AQSh Fazo va raketa markazida rasmiylar so'nggi voqeani Ginnesning rekordlar kitobiga kiritish masalasini ko'rib chiqayotgan bir paytda uncha uzoq bo'lmaganMarshal Fazo parvozlari markazida Oyga va hatto Marsga uchadigan yangi texnologiyalar ko'rikdan o'tkazilmoqda.
Facebook Forum