Qirgʻizistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Kremlda uchrashdi. Atambayev 24-iyulda Qirg'izistonning Qant shahridagi Rossiya harbiy aviabazasidan uchib ketgan edi.
Putin qirgʻizistonlik sobiq hamkasbi bilan uchrashgani haqida jurnalistlarga bildirib, ular hududdagi hamda Qirgʻizistondagi vaziyatni muhokama qilishganini aytgan.
“Mening pozitsiyam aniq. Bu pozitsiyani unga ham yetkazdim. Men Qirgʻizistonni bizning hamkor, bizga yaqin mamlakat deb hisoblayman. Qirgʻiziston bunga qadar bir necha bor jiddiy ichki siyosiy toʻntarishni boshidan kechirgan, aniqroq aytganda, kamida ikki marta. Mening fikrimcha, Qirgʻiziston xalqining manfaatlari uchun shu bilan toʻxtashi kerak”, — deb yozadi Rossiyaning Kremlin.ru sayti Putinning soʻzlarini keltirib.
Shuningdek, Rossiya prezidenti qirgʻizistonliklar iqtidordagi rahbar Sooronbay Jeenbekov atrofida birlashishi kerak deb hisoblashini aytgan.
Uning qoʻshimcha qilishicha, Rossiyaning Qirgʻiziston bilan hamkorlikdagi rejalari hozirgi hukumat bilan birgalikda amalga oshiriladi.
Rossiyalik siyosatshunos hamda Markaziy Osiyo boʻyicha ekspert Arkadiy Dubnov fikricha, Putindan Atambayev bilan uchrashishni Qirgʻizistonning hozirgi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov iltimos qilgan boʻlishi mumkin.
Siyosatshunosning “Fergana” nashriga bergan intervyusida aytishicha, Atambayev uchun Rossiya liderining hurmat-eʼtibori yuqori ekani shubhasiz.
“Moskvaning navbatdagi qirgʻizlar ichki janjaliga aralashuvi ham buni tasdiqlaydi. Yaxshimi yoki yomonmi, ammo Kremlgina bosh hakam va asosiy siyosiy instansiya deb hisoblanadi hamda Qirgʻiziston siyosatchilari bir-birlari bilan kelishish uchun murojaat qilishadi”, — deydi Dubnov.
Atambayev uchinchi bor ishchi ishlar bo'limiga soʻroqqa chaqirilganiga ham eʼtibor qilmay Moskvaga uchib ketgan.
Atambayev 27-iyunda parlament tomonidan daxlsizlik va sobiq prezidentlik maqomidan ajratilgan. Uning huquqiy immunitetini bekor qilish sabablaridan birir Atambayevning kriminal avtoritet Aziz Batukayev 2013-yili noqonuniy ozod etilishida ayblangani boʻlgan. Qirgʻiziston hukumati bu ishning tekshirilishini 2019-yilning bahorida qayta boshlagan. Ayblanayotganlar orasida Batukayevga soxta tashxis qoʻygani aytilayotgan shifokorlar va sobiq amaldorlar, jumladan, sobiq bosh prokuror Aida Salyanova ham bor.
Daxlsizlikdan ajralgach, Atambayevga uch marta soʻroq uchun chaqiruv qogʻozi joʻnatilgan. Ammo sobiq prezidentning advokati Sergey Slesaryovning tushuntirishicha, milisiyaning chaqiruv qogʻozi qonuniy emas.
24.kg saytining yozishicha, advokat Almazbek Atambayevning aynan qaysi ish boʻyicha chaqirishayotgani chaqiruv qogʻozida koʻrsatilmaganini va Atambayevning daxlsizlikdan hamda sobiq prezident maqomidan ayirish konstitutsiyaga zidligini aytgan.
Uning tushuntirishicha, sobiq prezident mazkur imtiyozlarga 2003-yildagi bosh qonun asosida ega, 27-iyundagi parlament qarori esa 2019 yilning 15-mayidagi hujjat tahririga asoslangan.
“Konstitutsiyaga koʻra, qonun ortga ishlamaydi”, - deydi advokat Slesaryov.
Sobiq prezident Aziz Batukayevning ozod qilinishi boʻyicha IIV savollariga OAV orqaligina javob berishga tayyorligini bildirgan.
Parlament sobiq prezidentni daxlsizlikdan mahrum qilish boʻyicha qaror qabul qilgach, Almazbek Atambayev oʻzining Qoʻy-Tosh qishlogʻidagi qarorgohida “Xalq shtabi”ni toʻplab, hukumatning isteʼfosini va parlamentning tarqatilishini talab qilgan. Uning tarafdorlari hukumatga ikki oy muddat berib, bu talablar bajarilmasa, mitinglar oʻtkazishlarini aytgan.
Atambayev hozirgi Prezident Sooronbay Jeenbekovni dastlab oʻz vorisi deb hisoblab kelgan va unga ishonishini qayta-qayta taʼkidlagan.
Ammo ular oʻrtasidagi kelishmovchilik 2018-yil bahorda — Jeenbekov sobiq prezidentning korrupsiyaga qarshi kampaniyasining samarali boʻlganiga shubha bildirishi va Atambayevning bunga norozi boʻlishi ortidan boshlangan.
Facebook Forum