Isroil AQSh qonunchisi Rashida Tolibning mamlakatga kirishiga qo'yilgan taqiq bekor qilinganini e'lon qildi.
Ichki ishlar vazirligining xabar berishicha, AQSh Kongressi Vakillar palatasi a'zosi Rashida Tolib insonparvarlik asosida falastinlik buvisini ko'rish uchun Isroilga kelishi mumkin. Tolib esa hech qanday shartlarsiz safar qilishiga imkon bo'lmaguncha Isroilga bormasligini e'lon qildi.
Isroilning yangi qarorida Ilhan Umar tilga olinmagan.
Isroil avvalroq ikki musulmon qonunchi Ilhan Umar va asli falastinlik Rashida Tolib mamlakatga qo'yilmasligi haqida e'lon qilgan edi. Bu esa AQShning Isroil bilan aloqalariga oid yangi bahslarni keltirib chiqardi.
Isroilni tanqid qilishi bilan tanilgan ikki qonunchi Isroilga va G'arbiy sohildagi bir necha shaharga borishni rejalayotgan edi. Isroil Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Tzipi Xotoveli bu haqda davlat telekanaliga intervyu berib, "Bu dunyoda bizning yashash huquqimizni inkor etadiganlarga Isroilga kirishga ruxsat bermaymiz. Bu tamoyil sifatida adolatli qaror", - dedi.
Bundan avvalroq AQSh Prezidenti Donald Tramp "Twitter" orqali Isroilni bu qonunchilarni mamlakatiga kiritmaslikka chaqirgan edi.
"Agar Isroil qonunchi Umar va Tolibning Isroilga borishiga ruxsat bersa, bu ulkan zaiflikdan dalolat beradi. Ular Isroildan va barcha yahudiy xalqidan nafratlanadi. Ular fikrini o'zgartirishning imkoni yo'q", - deb yozdi Tramp.
Tramp keyinroq Isroilning taqiqqa oid qarorini olqishlab, bu ikki qonunchining yahudiylarga qarshi ekanini yana bir bor tilga oldi.
Umar va Tolib Isroilni tanqid qilgani uchun antisemitizmda ayblanadi. AQSh siyosatida yahudiylar va ular boyligining ta'siri kattaligi haqida yozgani uchun Umar o'z partiyadoshlari tomonidan ham malomat qilingan edi.
Umarning aytishicha, Isroilning taqiqi uning Kongress a'zosi sifatida bu mamlakatda o'z ishini qilishidan to'sadi.
Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Trampning izohlarini qoraladi. U prezidentni nodonlik va hurmatsizlikda, davlat rahbari idorasiga yarashmagan ish qilganlikda aybladi.
Umar va Tolib Isroilning G'arbiy sohildagi bosqiniga chek qo'yish uchun yahudiy davlatga iqtisodiy bosimni oshirishni maqsad qilgan BDS harakatini qo'llab-quvvatlaydi. Bu harakatning ba'zi a'zolari Isroilning yo'q bo'lishiga yetaklovchi yagona davlat siyosati tarafdori ekani aytiladi.
Demokratlar nazoratidagi Vakillar palatasi o'tgan oy BDS harakatini qoralovchi rezolyutsiya qabul qildi. Umar va Tolib unga qarshi ovoz bergan.
Facebook Forum