Breaking News

Prezident Tramp musulmon qonunchi bilan olishishda davom etmoqda


Prezident Tramp va Ilhan Umar to'qnashuvi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:30 0:00

Prezident Donald Trampning doimiy tanqidlariga duchor bo'lib kelayotgan minnesotalik qonunchi Ilhan Umar tarafdorlarini irqchilik va soxta ayblovlarga qarshi kurashishga chaqirdi. U ayni paytda 2020-yilgi saylovda Prezident Trampni mag'lub qilish ahdida qat'iy.

Vashingtonda o'tgan musulmonlar yig'inida qonunchi Ilhan Umar musulmonlar huquqini himoya qilishda davom etishini bildirdi.

"Jiddiy qarshilik qilib, olg'a siljimasak, yana bir-ikki avlod shu joyda qotib qolib ketamiz", - dedi u.

Ilhan Umar hamda Vakillar palatasidagi boshqa qonunchi ayollar - Rashida Tolib, Aleksandriya Okasio-Kortez va Ayanna Presli Prezident Donald Trampning qator hujumlariga uchradi.

Prezident ularni "o'zlari kelgan joy"ga ketishga undadi.

Bu to'rt qonunchi orasida faqat Ilhan Umar Amerikada tug'ilmagan. U Keniyadagi qochqinlar lagerida to'rt yil yashagan, o'smirligida AQShga ko'chib kelgan.

Trampga ko'ra, Ilhan Umar 2001-yil 11-sentabr voqealarini sodir etgan terrorchilarni "ba'zi odamlar" deb atab, xuruj uchun javobgarlikni AQShga yuklagan.

AQSh siyosatiga boy yahudiylar katta ta'sir o'tkazishi haqida Umarning fevral oyida "Twitter"da yozgan gapi ham bahslarga sabab bo'ldi. Partiyadoshlari tanqidiga ham duchor bo'lgach, u bu gapi uchun kechirim so'rashga majbur bo'ldi.

Oq uyda Pokiston bosh vaziri bilan bo'lgan uchrashuvda ham Tramp to'rt qonunchi ayolni tanqidga tutdi.

"Ular davlatimiz uchun zarar. Vatanimizni sevishmasa ham kerak", - dedi Tramp.

Minnesotada esa Umarni tarafdorlari olqishlar bilan kutib oldi.

Umarni qo'llayotganlar orasida o'g'lini Iroq urushida boy bergan asli pokistonlik ota Xizr Xon ham bor. U 2016-yilgi saylov paytida Trampni tanqid qilgani bilan tanilgan edi.

"Dunyo va bu xalq sizning yo'l boshlashingizni kutib turibdi. Siz tanlanganlardansiz", - dedi Xizr Xon qonunchi ayolga qarata.

Musulmon bo'lganim uchun terrorchilarga moyil bo'lishim mumkinligi haqidagi gap-so'zlardan charchadim, deydi qonunchi Umar.

"Musulmon qonunchi bo'lganimiz uchun doim bizdan, odatda, boshqa odamlardan so'rashmaydigan narsalarni so'rashadi", - deydi u.

Ko'plab kuzatuvchilar fikricha, Trampning qonunchilarga qarata aytayotgan gaplari noto'gri va bu tanqidlar saylov oldidan prezident tarafdorlari shijoatini oshirishga qaratilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG