Ilhan Umar Kapitoliy qiyofasini o'zgartirmoqchi. Kongressga ilk bor saylangan ikki musulmon ayolning biri bo'lgan Umar boshiga ro'mol o'raydi.
Amaldagi tartibga ko'ra, Vakillar palatasida bosh kiyim bilan o'tirish mumkin emas. Ilhan Umar shu qoidani o'zgartirish niyatida.
181 yil avval bu qoida qabul qilinganda, ozchilik yoki boshqa din vakillari hisobga olinmagan edi. Maqsad o'sha paytda taomilda bo'lgan erkaklarning shlyapa kiyish odati qonunchilik organiga ham kirib kelishiga yo'l qo'ymaslik bo'lgan.
Kongressda nafaqat bosh kiyim, balki ovqat, ichimlik, sigareta va qo'l telefonlari ham taqiqlangan.
"Twitter" orqali Ilhan Umar o'z ixtiyori bilan bosh kiyim kiyishini va bu Konstitutsiyadagi vijdon erkinligi huquqi bilan himoyalanganini yozdi.
Kongress zalida diniy va tibbiy sabablarga ko'ra bosh kiyim kiyishga ruxsat berish haqidagi qonun loyihasiga Ilhan Umardan tashqari massachusetslik qonunchi Jim Makgovern va Vakillar palatasining yangi spikeri etib saylangan Nensi Pelosi ham mualliflik qilmoqda.
Amerika-Islom aloqalari kengashi o'tgan yili noyabr oyida bosh kiyimga ruxsat berish harakatini olqishlab, taqiq Konstitutsiyada belgilangan erkinliklarga zid ekanini aytgan edi.
Facebook Forum