Minnesota shtati qonunchisi, 35 yoshli Ilhan Umar AQSh Kongressida ilk afrikalik qochqin va ikkinchi musulmon ayol bo'lishi mumkin. Agar saylansa, u Kapitoliydagi birinchi musulmon qonunchi Kit Ellison o'rnini egallaydi. Tarafdorlari uning immigratsiya va tashqi siyosat yuzasidan bo'layotgan bahslarga o'z ta'sirini o'tkazishidan umidvor.
Minnesota shtati 5-saylov okrugidan partiya nomzodligini qo'lga kiritgan Ilhan Umar boshdan kechirganlari ko'pchilik uchun tanish.
"Men yangi asr avlodiman, qarz olib o'qiganman va ijarada yashayman", - deydi u.
Demak, u o'z okrugida katta sonni tashkil etuvchi yosh va liberal saylovchilarni yaxshi tushunadi. Shu bois ham partiya saylovida g'olib chiqdi. Ikki yil avval esa shtat qonunchilik organiga saylangan edi.
"Ilgari qanday hukumatimiz borligini ham ko'pchiligimiz bilmas edik. U saylangandan beri e'tibor beradigan bo'ldik", - deydi Xolid Muhammad ismli saylovchi.
Asli somalilik Muhammad eng kam ish haqini oshirish, talabalar qarzini kamaytirish kabi Umar olg'a surayotgan maqsadlarni qo'llab-quvvatlaydi. U kabi minglab saylovchilar partiyaviy kurashda faol bo'lgani uchun Ilhan Umar nomzodlikni qo'lga kiritdi. Lekin bu ayolning g'alabasi faqat somalilik muhojirlar tufayli emas, deydi tadqiqotchi Larri Jeykobs.
"Bu okrugda somaliliklar son jihatdan u qadar ko'p emas va ular boshqa bir somalilik nomzod o'rtasida bo'lingan. Umar yana bir bor uddalagan narsa shu bo'ldiki, u Berni Sanders g'oyalarini yoqladi, Demokratik partiya yanada kengayib, yangi ovozlarni qabul qilishi kerak, deb hisoblagan progressivlarni o'z ichiga oluvchi keng koalitsiya yarata oldi", - deydi tahlilchi.
Yangi avlod yuzlashayotgan muammolar ham rang-barang.
"Mamlakatimiz xavfli bo'sag'ada turgan bir paytda bo'lginchi va buzg'unchi amallarini yanada kuchaytirish uchun qo'rquv siyosatini qo'llayotgan ma'muriyatga qarshi kurashishga men to'la tayyorman", - deydi Ilhan Umar.
Minnesota Vakillar palatasida demokrat yetakchilardan biri bo'lgan Umar chegarada oilalarning ajratilishiga qarshi va "musulmonlar taqiqi" deb nom olgan Tramp qarorining ham keskin tanqidchisi. Xolid Muhammad Umarning Kongressga kirib, bu kabi bahslarga ta'sir o'tkaza olishidan umidvor.
"Qochoq sifatida u o'zi kabilarning mashaqqatlarini, tekshiruv jarayonini boshdan o'tkazgan. Donald Tramp bu narsalarni yaxshi tushunmaydi", - deydi u.
Muhammadga ko'ra, Umarning saylanishi nafaqat o'z jamoasiga, balki butun Afrika qit'asi uchun o'ziga xos yutuq bo'ladi.
"Kongressda Afrikada tug'ilgan birinchi ayol bo'lish katta voqea. Bu Afrikadagi har bir odamga bir eslatma bo'ladi. Siz qochoq bo'lishingiz, bu o'lkaga muhojir sifatida kelishingiz mumkin, lekin sizda huquqlar bor va mehnat qilsangiz, istalgan odam bo'lishingiz mumkin", - deydi u.
Umar noyabrdagi saylovda yutib chiqishi kutilmoqda. Chunki uning okrugida demokrat nomzod tarafdorlari ko'p. Umar uchun haqiqiy sinov shundan so'ng boshlanadi.
Facebook Forum