Breaking News

Ilhan Umar - qochqindan qonunchiga aylangan ayol


Ilhan Umar: Qochqindan qonunchiga aylangan ayol
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:36 0:00

Bir paytlar Keniyadagi qochqinlar lagerida jon saqlagan somalilik qochqin Ilhan Umar bugun Minnesota shtatida qonunchi. 36 yoshli ayolning yuksak muvaffaqiyatga erishgani dunyo bo’ylab musulmonlarga, ayniqsa xotin-qizlarga umid bag’ishlaydi.

Ilhan Umar 2017-yilda Minnesota Vakillar palatasida ish boshlagan. Uning saylovda g’alaba qilishiga ko’pchilik ishonmagan edi.

Umar siyosatda yangi bo’lsa-da, vatani Somalini tark etganidan beri katta yo’lni bosib o’tdi.

“22 yil muqaddam qochqinlar lagerida yashagan qizaloq orzularining amalga oshishini tasavvur ham qilmagan”, - deydi u.

Minnesota musulmonlari jamiyati rahbari Asad Zamon Ilhan Umarni qo’llab-quvvatlagan faollardan. Umar qonunchilik organi minbariga chiqib, qo’lini Qur’onga qo’ygan holda qasamyod keltirdi.

“Somalilik, hijob o’ragan ayolni o’z vakillari sifatida qabul qilishlari Amerikaning ajoyib, o’zi xos fazilatlaridan biri”, - deydi Zamon.

Ilhan Umarning 2016-yilda Minneapolis shahrining liberal bir hududidan shtat Vakillar palatasiga saylana olishi boshida qiyin ko’ringan, deydi Minnesota Universiteti professori Lorens Jeykobs.

“Hamma narsa uning yo’liga to’g’anoq edi. Birinchidan, u aksariyat aholisi nasroniylardan iborat shtatda musulmon. Asosan oq tanlilar yashovchi shtatda u qora tanli. Buning ustiga, mamlakat bo’ylab qonunchilik organlarida ayollar juda kam. Ilhan Umar - muhojir, Minnesotada esa muhojirlar ko’p emas. Bu omillarning har biri uni maqsadidan qaytarishi mumkin edi”, - deydi professor.

Bugun Minneapolisda taxminan 25 ming somalilik amerikalik yashaydi, aksariyati qochqinlar. Qizig’i, Umar o’z saylov okrugida somaliliklarning aksar ovozini yig’a olmadi. Aksincha, boshqa amerikaliklar qo’llab-quvvatlovini olib g’alaba qozondi.

“Yetakchilik erkak kishining ishi deydigan jamoadan chiqganman. Bu o’ziga xos qiyinchiliklar yaratdi”, - deydi Ilhan Umar.

Ma’lumki, 2016-yilgi saylovda musulmonlarga qarshi salbiy bayonotlar yangragan edi. Mavzu atrofida kechgan bahslar Umarni cho’chitmadi.

“G'alabam tushkunlikka o’rin yo’qligini ko’rsatadi. Ilhandek odam shuncha qiyinchiliklarga qaramay muvaffaqiyat qozona olar ekan, demak mamlakatda muvozanat bor, yaxshilik yo’qolmagan”, - deydi Umar.

Ilhan Umar - Minnesota hukumatida xizmat qilayotgan ilk somalilik amerikalik. Palatada lider yordamchisi bo’lib ham ishlaydi. Qonunchi sifatida yo’qsillarni uy-joy bilan ta’minlash, mehnat sharoitini yaxshilashga qaratilgan qonunlarga ovoz bergan.

Qonunchi ayol o’z shtati bilan cheklanib qolayotgani yo’q. Musulmon amerikaliklar haqida kechayotgan bahslarda faol ishtirok etadi.

“Keniya va Somalida mendan ilhom olib saylovlarda qatnashayotgan yoshlar haqida eshitdim. Bu kabi xabarlar, agar xohlasak, ko'p narsa qila olishimizni ko'rsatadi”, - deydi u.

Umar menga ovoz berganlarning ishonchini oqlashda davom etaman, deydi. Shtat partiyasining quvvatlovi bilan u shu yil oxirida qayta saylanishga hozirlik ko’rmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG