Breaking News

Minnesota shtati endi muslima qonunchiga ega


Asli somalilik musulmon ayol Minnesota qonunchisi etib saylandi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:08 0:00

34 yoshli Ilhan Umar bir paytlar Keniyada qochoqlar lagerida jon saqlagan somalilik qochqin edi. Bugun u Minnesota shtati qonunchilik organi vakili. AQShda shu paytgacha somalilik qonunchilar bo'lmagan. Musulmon ayolning bu muvaffaqiyati nafaqat AQSh, balki butun dunyo musulmon ayollari uchun ibratga aylandi.

Ikki og'iz so'z. Shu bilan Ilhan Umar Minnesota Vakillar palatasida o'z ishini boshladi. Saylovda uning g'alaba qozonishiga ko'pchilik ishonmagan edi. Ayniqsa, muhojirlar va musulmonlar siyosiy bahs markaziga ko'chgan bir paytda.

Ilhan Umar qonunchilik organi minbariga chiqib, qo'lini Qur'onga qo'ygan holda qasamyod keltirdi.

Minnesota musulmon amerikaliklar jamiyati rahbari Asad Zaman Ilhan Umarni qo'llab-quvvatlagan faollardan.

"Asli somalilik, hijob o'ragan ayolni o'z vakillari etib qabul qilishlari Amerikaning ajoyib, o'ziga xos fazilatlaridan biri", - deydi u.

2016-yilgi saylov kampaniyasining salbiy bayonotlarga boy bo'lgani Ilhanni cho'chitmadi. U musulmonlar haqida kechayotgan bahslarning ishtirokchisi bo'lishni xohlaydi.

"Bu g'alaba hamma narsa yomonliklardan iborat emasligini ko'rsatishga xizmat qiladi. Ilhandek odam shuncha qiyinchiliklarga qaramay muvaffaqiyat qozona olar ekan, butun mamlakat birgalikda yaxshilik va yomonlik o'rtasidagi muvozanatni topib, yaxshilik ovozlarini yanada ko'paytirishimiz kerak", - deydi qonunchi.

Ilhan Umar Minnesota hukumatida xizmat qilayotgan ilk somalilik fuqaro. Qizig'i, u o'z saylov okrugida somaliliklarning aksariyat ovozini yig'a olmadi, aksincha, boshqa amerikaliklar qo'llab-quvvatlovini olib g'alaba qozondi.

"Siyosat bu barchani qamrab olish san'ati. Ilhan Umar shunday siyosat olib bordi va oq tanli liberal guruhlarning katta qismini o'zining eng yaxshi nomzod ekaniga ishontira oldi", - deydi Zaman.

Qonunchi ayol o'z shtati bilan cheklanib qolayotgani yo'q. U Afrikaga yaqinda qilgan safari davomida odamlarni umid uzmaslikka chaqirdi.

"Keniya va Somalida mendan ilhom olib saylovlarda qatnashayotgan yoshlar haqida eshitdim. Bu kabi xabarlar, agar xohlasak, ko'p narsa qila olishimizni ko'rsatadi", - deydi Ilhan.

Ilhan Umarning qonunchi sifatidagi faoliyatiga baho berishga hali erta. Lekin, deydi Zaman, ko'pchilikning e'tibori hozir unda.

"Bu katta voqea. Butun dunyo bu yerda qilayotgan ishlarimizni kuzatmoqda", - deydi u.

Shu bois, deydi Ilhan, uning oldidagi eng katta vazifa hozir odamlarning umid va ishonchlarini oqlash.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG