Butun dunyoda bo'lgani kabi AQShda ham musulmonlar Ramazon oyini ro'za va ibodatlar bilan o'tkazadi. "Amerika Ovozi" Minnesota shtatidagi musulmonlar jamoasi mehmoni bo'ldi.
Minnesota shtatida 200 ming atrofida musulmon yashaydi. Asosan, somaliliklar istiqomat qiluvchi mahalla va do'konlar oldidan o'tsangiz, xuddi musulmon yurtida yurgandek bo'lasiz. Tunda esa odamlar taroveh namozlari uchun masjidlarga yig'iladi.
Minneapolisdagi Rovda masjidi, ayniqsa, juda gavjum. Imom Abdirazoq Abshir Farah Ramazon oyi fazilatlari haqida gapirmoqda.
"Ro'za tutayotgan musulmonlar nafaqat yeyish-ichishdan, balki barcha yomonliklardan tiyilishi kerak", - deydi u.
Bu oyda odamlar qashshoqlarga yordam qo'lini cho'zadi. Farhia Issa Qalanjo Somalidagi muhtojlarga yordam ko'rsatuvchi "Valal Afuri" nomli tashkilotda ko'ngilli bo'lib ishlaydi.
"Somalida chet eldan yordam jo'natib turadigan qarindoshlari yo'q odamlar ko'p. Biz ular uchun pul yig'amiz. Biz ularni bilmaymiz, lekin do'stlarimiz orqali bog'lanish yo'llarini topamiz", - deydi u.
Jamal Farah Karmel Somali savdo majmuasida sartarosh. Qiziqchi sifatida ham nom qozongan.
"AQShga kelganimdan beri ovqat pishirmadim, ba'zan o'zimga choy damlab turaman, xolos. Chunki do'konlarda hamma narsa bor. Yashash juda oson", - deydi u.
O'tgan yili shahar kengashi somaliliklarga qarashli do'konlar ramazon oyida kechqurungacha ochiq turishiga ruxsat berdi. "Safari" restorani sohibi Abdurahmon Abkosning aytishicha, bu shahar hayotida somaliliklar muhim ishtirok etayotgani natijasida ro'y bermoqda.
"Muqaddas Ramazon oyida ish vaqtlarining uzaytirilishi shaharga somali va musulmon jamiyatlari qo'shayotgan hissaning e'tirof etilishidir", - deydi u.
Bu yil Ramazon yoz oyiga to'g'ri keldi. Musulmonlar 17-18 soatlab ro'za tutmoqda. Issiq havo va uzoq muddat och va suvsiz yurish odamni toliqtiradi, lekin ruhiy gashti boshqacha.