Breaking News

Qochqinlarga yordam berish yo'lini topgan qochqin


Insonparvar bizneslar
Iltimos, kuting...
Embed

No media source currently available

0:00 0:03:40 0:00

Ayrimlar kunni qahva bilan boshlaydi. Amerikada ertalab xarid qilingan bir chashka kofe dunyoning boshqa bir tarafida aks-sado berishi mumkin. Tanishing - Manyang Ker, sudanlik qochqin, hozir AQSh fuqarosi. O’z kofe biznesini ochib, Afrikada qochqin bolalarga yordam bermoqda.

AQSh poytaxti yaqinida Manyang Ker “734 Kofe” degan do’konni yuritadi. Qochqinlar uchun mablag’ to’playman, deb qahva biznesini boshlagan.

“734 - bu Efiopiyadagi qochqinlar lagerining koordinatasi. 250 ming kishi yashaydi. Har kuni ular boshidan nimalar o’tishini bilaman”, - deyi u.

Efiopiyaning Gambella rayonidagi bu lagerda Ker 13 yil yashagan. Uch yoshida u “G’oyib bo’lgan bolalar”dan biri edi. Sudandagi fuqarolik urushida boshpanasiz yoki yetim qolgan 20 ming bolaga shunday nom berilgan.

“Uch yoshimda qishlog’imizga hujum qilishdi, shimoldagi hukumat uylarga o’t qo’ydi. Qiy-chuv va to’polon paytida ota-onamizdan ajralib qoldik. Efiopiyaga qochib, lagerda joylashdik. Ammo yo’lda juda ko’p bolalar jon berdi”, - deydi Ker.

Qo’shni davlatga 1600 kilometrli safar edi. Lagerda hayot qo’rqinchli, deya eslaydi u.

“Har kuni qo’rqinch bilan yashaysiz, ochlikdan o’layotgan go’daklarni ko’rasiz. Chunki yegulik yetarli emas. Vabo va boshqa kasalliklar tarqaladi. Ayrim bolalar uyimga qaytaman deb lagerdan qochadi, yo’lda halok bo’ladi”.

16 yoshida Manyang Ker balog’at yoshiga yetmagan qochqin sifatida AQShga borish imkoniyatini qo’lga kiritdi. Lekin ortda qolgan bolalar, lagerdagi hayotni unutmadi. Virjiniyada kollejda xalqaro qonunchilikdan ta’lim olib, Sudandagi qochqinlarga ko’mak ko’rsatuvchi notijoriy tashkilot ochdi. Boshpanasiz odamlarga oyoqqa turib olishda yordam beradi.

“Muhtojlikdan xoli bo’lishi uchun ular o’zini boqa olishi, o’zini uddalashi kerak. Shuning uchun qochqinlarni baliq to’rlari bilan ta’minlaymiz. Daryoga borib baliq ovlasin. Jamoat bog’lari yaratib bersak, meva-sabzavotlarni ham o’zlari yetishtiradi. Quduqlar qazib bersak, atrofida mahallalar paydo bo’ladi. Suv bor joyda yegulik ham bo’ladi. 200 ming qochqin yashaydigan joyda bozor ham ochish mumkin”, - deydi suhbatdosh.

Kofeni Ker internetda, tadbirlarda va qahvaxonalarga sotadi.

“Mijozlarimga bu loyiha juda ma’qul. Tashkilot haqida, uning missiyasi haqida eshitib, yordam bergisi keladi. Kofe mazali. Xarid qilganda katta bir loyihaning bir qismiga aylanasiz”, - deydi Megan Merfi, Vashingtondagi kafe egasi.

“Bir stakan kofe sotib olsangiz, Afrikaga bitta baliq to’ri uzatasiz. Shuningdek, ruchka olishga yetadi, bolalarni o’qishga yuborishga ko’maklashasiz. Hammasi qochqinlar uchun”, - deydi Manyang Ker.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG