Breaking News

Saudiyaga qilingan hujum oqibatida neft ishlab chiqarish kamaydi


Saudiya Arabistoni neft inshootlariga hujum
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:07 0:00

Saudiya Arabistonining "Aramco" neft kompaniyasi ma'lumotiga ko'ra, ikki inshootga uyushtirilgan dron hujumlari ortidan bir kunda 5,7 million barrel neft qazib chiqarish to'xtab qolgan. Agar bu uzilish davom etsa, dunyo bo'ylab yoqilg'i narxlari oshib ketishi mumkin. Hujum uchun mas'uliyatni Yamandagi hutiy isyonchilari o'z bo'yniga oldi, ammo Vashington to'g'ridan to'g'ri Eronni aybladi.

Yamandagi hutiy isyonchilarining aytishicha, Saudiya Arabistonining "Aramco" kompaniyasiga qarashli neft koni va zavodiga hujum qilish uchun 10 ta dron ishga solingan.

"Saudiya mudofaa tizimidagi zaifliklardan foydalanib, dronlarimizni yasadik. Saudiya va amirlik mudofaa tizimlari hatto dronlarimizni payqay olmadi; endi ularning havo sarhadlari biz uchun ochiq", - dedi hutiylar yetakchisi Muhammad al-Buxaytiy.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo dronlar Yamandan kelgani haqidagi da'volarni rad etib, hujum uchun Eronni aybladi.

Prezident Donald Tramp "Twitter" orqali bu hujumga munosib javob berilishini, saudiyaliklardan so'nggi xulosani kutayotganini aytdi.

Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy voqeaga Tehronning aloqadorligini rad etdi.

"Amerikaliklar Suriya, Yaman va mintaqaning boshqa hududlarida muammo yaratayotganini tan olish o'rniga mintaqaning boshqa davlatlarini va Yamanning jasur jangchilarini ayblashda davom etmoqda", - dedi Ruhoniy.

Eron himoyasidagi hutiylar 2015-yil Yaman prezidenti hokimiyatdan ag'darilgandan beri Saudiya yetakchiligidagi koalitsiyaga qarshi kurashib kelmoqda.

"Eron proksi jangarilar va terrorchi guruhlarga homiylik qiladi. Yamanda hutiylarga qurol yetkazib beradi. Eron kiber hujumlar bilan ham shug'ullanadi", - dedi Pompeo.

Saudiya rasmiylariga ko'ra, 14-sentabrda yuz bergan hujumda hech kim o'lmagan, lekin neft ishlab chiqarish to'xtatilgan. Energiya vaziri Abdulaziz bin Salmonning aytishicha, ishlab chiqarishdagi kamomad mamlakatning zaxira omboridagi neft hisobiga to'ldiriladi. Agar saudiylar ishlab chiqarishni tezda qayta tiklay olmasa, dunyo bo'ylab benzin narxlari oshib ketishi mumkin.

Bu hujum Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi yig'ini boshlanishiga bir necha kun qolganda sodir bo'ldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG