Breaking News

Eron neftidan voz kechmagan davlatlar sanksiyaga yo'liqadi


Qo’shma Shtatlar Erondan neft xarid qilayotgan besh davlatni sanksiya bilan qo’rqitmoqda. Vashington talabiga bo’ysunish uchun ularga 1-maygacha muhlat berilgan. Eron neftining eng katta xaridori Xitoy va qo’shni Eron AQSh qarorini qoralamoqda.

Qo’shma Shtatlar Eronni neft eksportidan tushadigan daromaddan ayirmoqchi.

Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya va Turkiyaga berilgan vaqtinchalik muddat tugayapti. AQSh bu davlatlarga Erondan neft sotib olishni to’xtating, deya shart qo’ymoqda. Vashington Tehron bilan 2015-yilda imzolangan xalqaro kelishuvdan chiqqan edi.

Talab bajarilmasa, yuqoridagi davlatlar sanksiya bilan yuzlashadi.

“Eron bilan hamkorlik qilayotgan har qanday davlat va tuzilmalar o’ylab qadamini bossin”, - deydi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo.

Kuzatuvchilarga ko’ra, g’anim davlatlarga o’z so’zini o’tkazish uchun Tramp ma’muriyati ittifoqchilar bilan ishlash o’rniga, ko’pincha bir tomonlama sanksiyalarni ishga soladi.

“Bunday taktika boshqa davlatlar bilan aloqalarimiz buzilishiga olib keladi”, - deydi tahlilchi Bill Raynsh.

Eron neftining yarmini sotib oladigan davlat bu – Xitoy.

"Eron bilan hamkorligimiz shaffof, oqilona va qonuniy”, - deydi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi.

Turkiya ham AQSh qarorini tanqid qilmoqda.

“Siyosiy, axloqiy va tijoriy jihatdan to’g’ri emas bu”, - deydi Tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho’g’li.

Hindiston AQSh talabiga ko’ndi, ammo o’tmishda bu davlat AQSh dollari o’rniga rupiya asosidagi to’lov tizimidan foydalanib, sanksiyalarni aylanib o’tgan.

Ko’nmagan davlatlar muzokara qilishi, qarshi chora ko’rishi yoki xususiy kompaniyalar orqali g’irromlik qilishi ham ehtimoldan xoli emas.

“Muayyan davlatlar bayrog’i bilan suzib yuradigan xususiy kompaniyalarga qarashli tankerlarga qarshi AQSh chora ko’rishi qiyin”, - deydi tahlilchi Bill Raynsh.

Neft eksport qiluvchi davlatlar agar bozorda yetarli darajada talab bo’lsa, ishlab chiqarishni oshirishini bildirgan. Shunqa qaramasdan, neft narxi biroz oshdi.

“Saudiya Arabistoni bozordan chiqarilgan Eron nefti o’rnini to’ldiramiz, deb kuchli bayonot bilan chiqmadi”, - deydi energetika bo’yicha mutaxassis Bob Yoger.

Eron AQShga javoban Ormuz bo’g’ozini yopishi haqida po’pisa qildi. Tramp ma’muriyatiga ko’ra, jahon neftining 20 foizi o’tadigan bo’g’oz yopilishiga yo’l qo’yilmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG