Breaking News

AQSh Eronning neft va moliya sohalariga sanksiyalarni tikladi


AQSh va Eron prezidentlari
AQSh va Eron prezidentlari

AQSh Eronning neft sanoati va moliya sohalariga sanksiyalarni tikladi. Prezident Donald Tramp Eron yadro dasturi bo'yicha kelishilgan xalqaro bitimdan chiqishini e'lon qilgandan beri bunday jazo choralari qayta yo'lga qo'yilishi kutilayotgan edi.

Yangi tartibga ko'ra, AQSh Eron neftini sotib olganlar jazolanadi. Sakkizta davlat bu jazodan vaqtinchalik ozod qilingan. Bular Turkiya, Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya, Tayvan, Italiya va Gretsiya. Ular boshqa muqobil manbalarni topguncha ma'lum muddat Eron neftini sotib olishda davom etishi mumkin.

Eron markaziy banki, kema sanoati hamda yuk tashish sohalari ham jazoga tortilmoqda.

Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy televideniye orqali murojaat qilib, mamlakat AQSh sanksiyalariga rioya qilmasligini va neft sotishda davom etishini bildirdi.

Tramp e'lon qilgan bayonotda yozilishicha, Eron yetakchilari "buzg'unchi xatti-harakati"ni to'xtatish yoki "iqtisodiy falokat yo'lidan yurishda davom etish"dan birini tanlashi kerak.

Tehrondagi valyuta ayriboshlash shohobchasi, 2-oktabr, 2018-yil.
Tehrondagi valyuta ayriboshlash shohobchasi, 2-oktabr, 2018-yil.

"Moliya vazirligining Eronni nishonga oluvchi eng katta chorasi doirasida bugun biz 700 dan ortiq shaxs, tashkilot, havo kompaniyasi va kemalarga sanksiya qo'ydik", - dedi Moliya vaziri Stiven Mnuchin.

AQSh prezidenti shu yil may oyida Eron yadro bitimidan chiqqan edi. Trampga ko'ra, Tehron kelishuv shartlarini buzgan.

Eron bu ayblovlarni inkor etadi. 2015-yil AQSh, Britaniya, Xitoy, Fransiya, Rossiya va Germaniya ishtirokida Eron bilan bitim tuzilgan va natijada Tehronga qo'yilgan sanksiyalar ko'tarilgan edi. BMTning atom energiyasi bo'yicha agentligi Eron kelishuv shartlariga rioya qilayotganini bir necha bor tasdiqlagan.

AQShdan boshqa davlatlar shartlarga rioya qilishda davom etsa, Eron ham kelishuvdan chiqmasligini ma'lum qilgan.

Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Xomanaiy ham sanksiyalarning qayta joriy qilinishini keskin qoraladi.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo jazo choralari samara berishiga ishonishini aytadi.

"Dushanba kuni nafaqat neft, balki moliya sekoriga hamda Erondagi 600 dan ortiq shaxs va kompaniyalarga qo'yilayotgan sanksiyalar kutilgan natijani berishiga va Eron rejiminining xatti-harakatini o'zgartirishiga ishonchim komil", - dedi Pompeo.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG