Breaking News

Ashxoboddagi MDH sammitidan nimalar kutilmoqda?


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonda, 2019-yil, 10-oktabr
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonda, 2019-yil, 10-oktabr

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligiga (MDH) raislik maqomini qabul qilib olish uchun tashkilotning Ashxoboddagi sammitida qatnashmoqda.

MDH rahbarlarining navbatdagi sammiti O’zbekiston siyosatida Rossiya tomon og’ish mavzusi muhokamaga chiqqan bir vaziyatda o’tmoqda. Sobiq ittifoq qulashidan so’ng a’zo davlatlarning “madaniy ajrimi” uchun tashkil etilgan MDH bugunga kelib yana birlik, o’zaro strategik hamkorlik g’oyasini olg’a surayotgani kuzatiladi.

Turkmanistonda MDH sammiti
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:21 0:00

Mustaqillikka ega chiqqan sobiq ittifoq davlatlari o’rtasida hamkorlikni saqlab qolish maqsadida qabul qilingan MDH bugun o’z faoliyatini yangi bosqichda, sobiq a’zolarni yana yagona strategik hamkorlik doirasida jamlash maqsadida davom ettirmoqda.

Bu maqsad amaliyotini 2020-yildan O’zbekiston boshqaradi.

Sobiq ittifoq qulashi ortidan 1991-yilda tashkil etilgan MDH tarkibi 2019-yilga kelib bir qadar toraygan. Boltiqbo’yi davlatlari va Gruziya ortidan Ukraina ham uni tark etdi.

Tashkilot ayni paytda sobiq ittifoq o’tmishi bilan xayrlashishi og’ir kechayotgan Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiyaning yaqin ittifoqchilari sifatida qolayotgan Belarus, Armaniston, Moldova va Ozarbayjondan iborat.

Turkmanistondagi sammitda shu davlatlarning prezidentlari yig’iladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev sammit davomida bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar, jumladan, Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan ham muzokara o’tkazishi kutilmoqda.

Shavkat Mirziyoyevning Rossiya yetakchiligidagi bu tashkilot sammitida qatnashayotgani rasmiy Toshkent tashqi siyosatida Moskva tomon og’ish masalasi muhokamaga chiqqan bir paytga to’g’ri kelmoqda.

Shu oy boshida O’zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Rossiya Federatsiyasi kengashi raisi Valentina Matvienko O’zbekistonni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishi masalasida qo’shma komissiya ish olib borayotgani, Prezident Mirziyoyev bu ittifoqqa qo’shilish qarorida turgani haqida jamoatchilikka ma’lumot taqdim etdi.

Matvienkoning bu bayonoti ortidan jamoatchilikda O’zbekiston Rossiya yetakchiligidagi tashkilotlarga, sobiq ittifoq tuzilmasiga qaytayotganiga doir munozaralar avj oldi. Moskva Toshkentga bosim ko’rsatayotgani haqidagi farazlar yuzaga chiqdi va bu o'zbekistonliklar orasida norozilik uyg’otdi.

Jamoatchilikdagi mavjud xavotirga ko’ra, O’zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishi sobiq ittifoq tuzilmasiga qaytishni, nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy, ma’naviy va madaniy qaramlikni oshirishni, mustaqillikka tahdidni ham anglatadi.

Siyosatshunos Farhod Tolipov fikricha, taraqqiyot yo’nalishidagi burilishlarni belgilovchi bunday qaror hokimiyatdagi tor doira tomonidan qabul qilinmasligi zarur. Qolaversa, Rossiya ulkan ustunlikka ega bo’lgan bu tashkilotga qo’shilish siyosiy og’ishlarga olib kelishi ham muqarrar.

“Albatta, muayyan bir masalada tegishli vazirlik, ishchi guruhlari faoliyat yuritishi, qo’shma komissiya tuzilishi, masalani o’rganishi mumkin. Buning yomon tomoni yo’q, chunki buning o’ziga yarasha texnikaviy, huquqiy, tashkiliy tomonlari bor. Lekin yakuniy qarorga kelishdan avval bu kabi masala jamoatchilikning keng muhokamasiga qo’yilishi kerak. Hozir turli masalalardagi qonunlar loyihasi internetda muhokama qo‘yilayotganini kuzatyapmiz. Ya’ni kichik miqyosdagi qonun yuzasidan jamoatchilik fikri muhim deb ko’rilayotgan ekan, nega bu kabi o’ta yirik bir siyosiy, iqtisodiy masalada jamoatchilik fikri hisobga olinmasligi kerak. Qolaversa, bu tashkilot iqtisodiy emas, siyosiy, madaniy o’lchamlarga ham ega. Tashkilotning asosiy ustuni Rossiya ekanligi ayon, bu ustunlik qarshishida O’zbekiston o’ta zaif, bu esa nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy og’ishlarga ham sabab bo’ladi”, - deydi bu borada siyosatshunos.

O’zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishi ehtimolligi jamoatchilikda kuchli munozara qo’zg’aganidan so’ng yaqinda Oliy Majlis Senati raisi o’rinbosari Sodiq Safoyev bu borada munosabat bildirdi.

Safoyevga ko’ra, O’zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqigga qo’shilish yuzasidan bir qarorga kelmagan, bu mavzu uch yildirki muhokamada. O’zbekistonga hech kim bosim o’tkazayotgani yo’q, Mirziyoyev esa bosim ostida egiladigan prezidentlardan emas, dedi u.

Ayni paytda O’zbekistonning Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishi bu borada ish olib borayotgan qo’shma komissiya xulosasiga bog’liq qolmoqda.

Rossiya-O’zbekiston qo’shma komissiyasining xulosalari shu yil oxirida e’lon qilinishi kutilmoqda. Tashkilotga a’zolik masalasiga esa 2020-yil fevral oyida Prezident Mirziyoyevning Rossiyaga kutilayotgan safari davomida oydinlik kiritilishi mumkin.

2020-yilga kelib O’zbekiston Rossiya yetakchiligidagi boshqa bir tashkilot MDHga raislik qilishni boshlaydi.

Prezident Mirziyoyevning matbuot xizmati xabar berishicha, Ashxoboddagi sammitda tashkilotga raislik O’zbekistonga o’tishi haqidagi qarordan tashqari a’zo davlatlar o’rtasida strategik iqtisodiy hamkorlikka doir bitim, “Ulug’ Vatan urushida qozonilgan g’alabaning 75 yilligi munosabati bilan” MDH xalqlariga murojaat ham qabul qilinadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG