Breaking News

O'zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishga qaror qildimi?


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev (chapda) Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan, Moskva, Rossiya, 2017-yil, 5-aprel.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev (chapda) Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan, Moskva, Rossiya, 2017-yil, 5-aprel.

Rossiya Federatsiyasi Federal majlisi Federatsiya kengashi raisi Valentina Matvienkoning O'zbekiston Oliy Majlisida o’tgan uchrashuvda ma'lum qilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish qarorida va ayni paytda ittifoqqa qo'shilish masalasi ko'rib chiqilmoqda.

Avvalroq O’zbekistonga kelgan Rossiya dumasi rahbari rasmiy Toshkentga Kollektiv xavfsizlik shartnomasiga qo’shilish taklifini qoldirib ketgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga kutilayotgan rasmiy safari va Putin bilan uchrashuvi O’zbekistonni Moskva yetakchiligidagi ittifoqlarga qaytishi bilan yodda qolishi mumkin.

Rasmiy Toshkent Rossiya delegatsiyasi tomonidan bildirilayotgan bu bayonotlarga hozircha munosabat bildirmadi. O'zbekiston prezidentining Matvienko bilan o'tkazgan uchrashuvi haqida chiqarilgan rasmiy xabarda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo'shilish mavzusi tilga olinmagan.

Diqqatlisi, rasmiy tashrif bilan Toshkentda bo’lib turgan Valentina Matvienko O’zbekiston tomonining bu qarori haqida Prezident Mirziyoyev bilan kutilayotgan uchrashuvidan oldin, Oliy Majlis qonunchilik palatasi raisi Nurdinjon Ismoilov bilan o’tgan muzokarasi davomida aytgan.

Matvienkoga ko’ra, ayni paytda O’zbekiston tomoni prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig’iga muvofiq, mamlakatning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishi masalasi ustida ishlamoqda. Matvienko bu jarayonning uzoqqa cho’zilmasligiga, O’zbekistonning tashkilotga qo’shilishi ulkan yutuq bo’lishiga umid bildirgan.

Rossiya parlamenti raisining Toshkentdagi muzokaralari davomida ikki davlat prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin o’rtasida kutilayotgan uchrashuvga tayyorgarlik ham muhokama qilingan.

Ta’kidlanishicha, 2020-yilning fevral oyida O’zbekiston prezidenti Rossiyaga rasmiy tashrif bilan boradi, safar davomida mintaqaviy miqyosdagi va gumanitar masalalar bo’yicha hamkorlikka oid forumlar o’tishi xabar qilinmoqda.

Ammo 2020-yilga mo’ljallangan bu tashrif doirasida O’zbekiston Moskva yetakchiligidagi tashkilotga rasman qo'shilishi mumkin, degan taxminlar bor.

Prezident Mirziyoyev Moskvaga Rossiya tomonining Kollektiv xavfsizlik shartnomasiga, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qaytish taklifiga nisbatan aniq javoblar bilan borishi kutilmoqda.

Bir muddat oldin O’zbekistonga tashrif bilan kelgan Rossiya dumasi rahbari Vyacheslav Volodin O’zbekiston parlamentiga Kollektiv xavfsizlik shartonomasiga qo‘shilish taklifini qoldirib kelgan edi.

Rossiya parlamenti rahbari Valentina Matvienko ham Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga doir tashabbusni Oliy Majlisdagi uchrashuvida ko’tarmoqda.

O’zbekistonda mamlakatning siyosiy-harbiy ittifoqlarga qo’shilishi qonunchilik darajasida taqiqlangan.

O’zbekistonning tashqi siyosiy faoliyatiga doir bu tamoyillar marhum prezident Islom Karimov davrida parlament tomonidan tasdiqlangan, uning o’limi ortidan hokimiyatga kelgan prezident Mirziyoyev ham bu tamoyillarga sodiq qolishga qasamyod qilgan edi.

Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelar ekan O’zbekiston tashqi siyosatida o’zgarishlar yuz berdi, Markaziy Osiyo davlatlari, ayniqsa Rossiya bilan aloqalarda shiddatli rivojlanish kuzatildi.

Mamlakatda Rossiya bilan bog’liq tadbirlar ko’lami keskin kengayishi ortidan rus tili mavqei yanada mustahkamlandi, hatto O’zbekistonda rus tiliga rasmiy maqom berishga doir tashabbuslar ham paydo bo’ldi.

Prezident Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan o'tgan uch yil davomida Toshkent tashqi siyosiy masalalarda Moskva bilan muvofiqlashayotgani, yaqin ittifoqchiga aylanayotgani ko’zga tashlanadi. Karimov davrida O’zbekiston Ukraina, Qrim masalalarida Rossiya pozitsiyasini ma'qullashdan o'zini tiygan.

O’zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishiga doir ma’lumot ijtimoiy tarmoqlarda o'zbekistonliklar tomonidan norozilik bilan kutib oldi. Blogerlar o'z sahifalarida bu qarorning O'zbekiston suvereniteti uchun tahdid ekani haqida yozdi.

“Assalom, Sovet ittifoqi!”, “Yetib keldik, kirish bor, ammo ortga yo’l yo’q!” - deyiladi, jumladan, bu muhokamalarda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG